YO’LDOSHEV ERGASH
YO’LDOSHEV ERGASH (1924.1.5, Chust tumani — 1991.8.1, Toshkent) — xonanda (dramatik tenor), O’zbekiston xalq artisti (1974). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1958). O’zbek an’anaviy ijrochilik uslublarini M. Uzoqovdan o’rgangan. Ijodiy faoliyatini Chust tumani kolxoz — sovxoz teatrida boshlagan (1939-41). Yangiyo’l teatri (1942-45), Toshsovet teatri (1945-47) artisti, O’zbek davlat filarmoniyasi (1948-58), Navoiy nomidagi opera va balet teatri (1958-82)da yakkaxon xonanda. Toshkent teatr va rassomlik san’ati in-tida dars bergan (1982-88). Ijrochilik san’atida opera vokal texnikasi, o’zbek an’anaviy xonandalik uslublari uzviy bog’lanib ketgan. Nafasi keng, baland pardalarni ravon va mohirona egallagan. Musiqali dramalarda qodir, Norbo’ta (S. Abdulla; T. Jalilov, “Tohir va Zuhra”, “Oftobxon”), G’irdak (H. Olimjon; Yu. Rajabiy, “Muqanna”) va boshqalar obrazlarni yaratgan; operalarda omon (T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirov, B. Zeydman, “Zaynab va Omon”), Cho’pon (S. Yudakov, “Maysaraning ishi”), Niyoz (M. Yusupov, “Xorazm qo’shig’i”), Moniy (M. Ashrafiy, “Dilorom”), Qodir (T. Sodiqov, R. Glier, “Gulsara”) kabi bosh partiyalarni ijro etgan. Repertuaridan maqom yo’llari (“Dugoh”, “Bayot” va boshqalar), katta ashula, xalq (“Tanavor”, “zor etding”) va o’zbek bastakorlarining (“Ey, sarvi ravon”, “Dutorim”, “o’ynab o’ting, shabbodalar”, “O’zbekistondan” va boshqalar) ashula, Yalla va qo’shiqlari o’rin olgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz