Yo`lbars
Yoʻlbars (lot. Panthera tigris) — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Katta mushuklar (lot. Pantherinae) ostoilasiga kiruvchi Panthera urugʻining beshta turidan biri. Shu oilaning eng yirik vakili. Yoʻlbars umuman quruqlikdagi eng yirik yirtqichlardan biri, vazni bo'yicha faqat oq ayiq va qoʻngʻir ayiqdan kichik. Yoʻlbarsning ikkta zamonaviy ostturi aniqlab ajratilgan. Bu ikki osttur toʻqqizta populyatsiyani oʻz ichiga oladi. XXI asr boshiga faqat oltitasi saqlanib qolgan. Yolbarslarning umumiy soni 2600-3900 boshdan iborat. Bengal yoʻlbarsi populyatsiyasi eng koʻp boshdan iborat, yoʻlbarslarning umumiy populyatsiyasing 40% tashkil qiladi.
XX asrda Tabiat va tabiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi qizil kitobiga kiritildi. Shu bilan bir qatorda turli davlatlar qizil kitobiga va himoya hujjatlariga kiritilgan. 2020-yil holatiga koʻra yoʻlbarslarni butun dunyoda ovlash taqiqlangan.
Etimologiyasi
Yoʻlbars soʻzi qadimgi turkiy tilda koʻp maʼnoli „yol“ soʻziga, qadimgi turkiy tilda katta mushuksimon hayvon manosini anglatgan „bars“ soʻziga qoʻshib tuzilgan. „Bars“ soʻzi etimologiyasi oxirigacha aniq emas. „Yol“soʻzi esa oʻz oʻrnida V.V.Radlov, A.M. Sherbak, J. Kloson fikriga koʻra „chiziq“ manosini anglatadi. V.Bang fikriga koʻra esa bu shunchaki „yol“ manosini anglatadi, chunki yoʻlbarslar juda uzoq masofa bosib oʻta oladi. V.Bang shu bilan birga „yoʻl“ soʻzi aslida „ola“ soʻzining „yoʻl“ soʻziga paronimik oʻxshatish natijasi ham boʻlishi mumkunligini taʼkidlagan.
Evropa tillarida tarqalgan yoʻlbars soʻzi (inglizcha:tiger, ruscha: тигр, nemischa: Tiger, fransuzcha: tigre) qadimgi yunoncha τίγρις „yoʻlbars“ soʻzidan kelib chiqqan. Oʻz navbatda bu yunoncha soʻz avesto tilidagi tiɣra „oʻtkir“ yoki tiɣri „oʻq“ soʻzidan olingan.
Oʻrganish tarixi
Yoʻlbarsalga birinchi boʻlib, Felis tigris nomi ostida, Carl Linney tomonidan uning
Systema Naturæ asarida tarif berilgan. Keyinchalik 1858-yilda rus tabiatshunosi Nikolay Severtsov ushbu turga Tigris striatus nomi ostida tarif beradi. 1867-yilda britaniyalik zoolog Jorj Grey Tigris regalist nomi ostida tarif beradi. 1929-yildan boshlab yoʻlbarslarni katta mushuklar (lot. Panthera) urugʻiga oid deb qolanila boshlandi.
Filogenezi
Turning evolyutsiyasiga oid asosiy ma'lumotlar qazilma qoldiqlarini tahlil qilish va molekulyar filogenetika sohasidagi tadqiqotlar orqali olingan.
Kladistik tahlil asosida turning kelib chiqish markazi Sharqiy Osiyoda joylashganligi isbotlangan.
Yo'lbarsning qadimgi qoldiqlari Java orolidagi Jetis qatlamlarida topilgan va ularning yoshi 1,66 dan 1,81 mln deb baholangan. Bundan taxminan 2 million yil oldin, pleystotsenning boshida, yo'lbars Sharqiy Osiyoda juda keng tarqalgan tur edi, Borneo va Palavan orollarida ham yashagan. Yo'lbarsning kelib chiqishi hududi hozirgi Xitoyning shimolida bo'lgan deb taxmin qilingan, ammo so'nggi paleontologik dalillar uning eng qadimgi yo'lbarslar paydo bo'lgandan so'ng darhol ancha kengroq hududda yashaganligini ko'rsatmoqda. Bir qator paleontologlarning fikricha, bu turning kelib chiqishi uchun uning ajdodlarini Manjuriya kabi cheklangan hududda izolyatsiya qilinishi shart emas edi. Yo'lbarsning oldingi va tegishli shakllardan morfologik va genetik jihatdan farqlanishining namoyon bo'lishi uchun iqlim va relef jihatidan Janubi-Sharqiy Osiyoning turli mintaqalarida turli vaqtlarda sodir bo'lishi mumkin bo'lgan alohida populyatsiyalarni ajratish kifoya edi. Genom tahlili shuni ko'rsatdiki, qor qoplonlarining ajdodlari yo'lbarslarning ajdodlaridan 1,67 million yil oldin ajralib chiqqan. n. (95% ishonch oralig'i: 1,48-1,83 million). Materik yo'lbarslari va Zonda orollari yo'lbarslari 67,3 ming yil oldin ajralib ketgan. n. (95% ishonch oralig'i: 45,1-123,0 ming yil oldin).
Yo'lbarslarning nisbatan ko'p qazilma qoldiqlari pleystotsenning boshidan kechki pleystotsengacha bo'lgan davrda Xitoydan, Sumatra va Javadan topilgan, ammo yo'lbarslar Hindiston, Oltoy, Sibir va boshqa mintaqalarda faqat pleystosen oxirida paydo bo'lgan. Berengiyaning sharqiy qismida yo'lbarslar deb tasniflangan katta mushuklarning bir nechta topilmalari ham topilgan, ammo Amerikada yo'lbarslarning qazilma qoldiqlari haligacha ma'lum emas. Pleystotsenning oxirida Yaponiya va Saxalinda ham yo'lbarslar yashagan. Zonda arxipelagi orollaridagi zamonaviy yo'lbarslar singari, bu yo'lbarslarning kichikroq o'lchamlari orol muhitiga adaptatsiya bilan izohlanadi.
Tashqi koʻrinishi
Tanasining uzunligi 160-290 sm (baʼzan 3 m dan ortiq), dumi 114 sm gacha, vazni 390 kg gacha. Boshi yumaloq, mallarang, tanasining orqa va yon tomonlarida koʻndalang qora yoʻllari boʻladi.
Tarqalishi
Yoʻlbar — faqat Osiyoda tarqalgan tur. Yoʻlbarsning tarixiy areali Uzoq Sharq, Eron, Afgʻoniston, Xitoy, Hindiston, Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Zond orollari boʻlgan. Hozirda ushbu hududlarning katta qismida yoʻlbarslar qirib tashlangan. Yirik populyatsiyalari Hindiston va Hindixitoy yarim orolidada saqlanib qolgan. Rossiyaning Primorye va Xabarovsk oʻlkalarida kichik populyatsiyasi mavjud. Faqatgina 1995 va 2005-yillar oraligʻida Osiyoda yoʻlbarslarning areali 40% kamaygan. Bugungi kunda yoʻlbarslar tarixiy arealing atigi 7% egallashadi.
Hozirgi vaqtda yoʻlbarslar 14 davlat hududida saqlanib qolgan — Bangladesh, Butan, Vyetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Pokiston, Xitoy, Laos, Malayziya, Myanma, Nepal, Rossiya, Tailand
Yoʻlbarslar turli xil landshaftlarda yashashadi: sernam tropik oʻrmonlar, babmbuk oʻrmonlari, savvanalar, chalachoʻllar, toʻqaylar, qalin qamishzor va togʻ oʻrmonlarida, shimolda tayga oʻrmonlarida yashaydi.Togʻlarda dengiz sathidan 3000 metr balandliggacha koʻtariladi.
Ostturlari
Yo'lbarsning ikkta zamonaviy ostturi aniqlab ajratilgan. Bu ikki osttur oltita zamonaviy populyatsiyani va uchta tarixiy davrda qirilib ketgan populyatsiyalarni o'z ichiga oladi. Bunday tasnif 2015-yilda taklif qilingan va 2017-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bir gruh mutaxasislari tomonidan qabul qilingan. Bundan oldin har to'qqiz populyatsiya alohida osstur deb hisoblangan.
Duragaylari
Yo'lbars duragaylari birinchi marta 19-asrda, hayvonot bog'lari egalari o'z muassasalariga tashrif buyuruvchilarni jalb qilish va daromadni oshirish maqsadida chatishtirilgan. Bugungi kunda bunday duragaylar hali ham Xitoyning xususiy hayvonot bog'larida dunyoga keladi. Asosan arslon va yo'lbars o'rtasidagi duragaylar ma'lum.
Duragaylarning urg'ochilari nasl qoldira olish imkonyati mavjudligi uchun ular ikkinchi avlod duragaylarini dunyoga keltirishi mumkin.
Yungining tuslari
Oq yoʻlbars
Yoʻlbarsda butunlay oq tusga ega boʻlgan zotlarning paydo boʻlishiga olib keladigan mutatsiya mavjud. Bu mutatsiya sababli oq moʻynali, qora-jigarrang chiziqli va koʻk koʻzli yoʻlbarslar dunyoga keladi. Bu rang yovvoyi yoʻlbarslar orasida juda kam uchraydi, lekin tutqunlikda saqlangan populyatsiyalarda nisbatan keng tarqalgan. Oq yoʻlbarslarning paydo boʻlish imkonyati 10 mingtadan 1 ga teng. Oq yoʻlbarslar tutqunlikda juda yaxshi koʻpayadi. Ular haqida birinchi qayd etilgan maʻlumot 1951-yilda, Hindistonda, ovchilardan biri oʻzi topgan yoʻlbars inidan oq yoʻlbars bolasini olib ketgan vaqtga toʻgʻri keladi. Keyinchalik, Mohan laqabli bu yoʻlbarsni oddiy tusga ega urgʻochi bilan nasl olishga harakat qilishdi va u toʻrtta oddiy rangli yoʻlbars bolalarini tugʻdi. Keyinchalik oq yoʻlbarsni oʻz avlodlaridan biri bilan chatishtirish natijasida paydo boʻlgan uchta yoʻlbars bolasidan ikkitasi oq boʻlib chiqdi. Tutqunlikdagi barcha oq yoʻlbarslar shu bir yo'lbarsning avlodlari hisoblanadi. Hozir butun dunyo boʻylab hayvonot bogʻlarida 130 ga yaqin oq yoʻlbars bor. Toshkent hayvonot bogʻida bir zot oq bengal yoʻlbarsi yashab kelmoqda. Keng tarqalgan tushunchalardan biri oq yoʻlbarslarni albinos deb hisoblash. Oq yoʻlbarslarning terisida qora chiziqlar yaqqol koʻrinishi va koʻzlarinnig rangi koʻk ekanligi bu notoʻgʻri tushuncha ekanligini koʻrsatadi.
Oltin tusli yoʻlbars
Oltin yoʻlbars — retsessiv gen sababli rangi oʻzgarishi paydo boʻlgan yoʻlbarsdir. Oq va qora yoʻlbarslar singari, bu alohida osttur emas, balki yung tusing boshqacha rangi. Moʻynasing tusi och yoki oltin rangi va toʻq rangli chiziqlari toʻq sariq yoki malla rangda (qora emas). Retsessiv "kengchiziqli" deb ataluvchi gen yoʻlbarslarda yungi oʻsishi davrida qora rang hosil boʻlishiga taʻsir qiladi. Bunday yoʻlbarslar tabiatda ham uchrashi mumkin, lekin juda kam hollarda. Tabiatda bunday yoʻlbarslar uchratilgani haqidagi birinchi qaydlar XX asrning boshlariga toʻgʻri keladi.
Qora yo'lbars
Hayvonlarda uchraydigan melanizm — fenotipning bir varianti, bu turning boshqa zotlariga nisbatan ancha to'q rangga ega bo'lishi bilan tavsiflanadi. Yo'lbarslarda ham ana shunday melanistik zotlari uchrashi mumkin. Shu kungacha to'liq melanistik, qop-qora, yo'lbars uchratilgani haqida birgina ma'lumot bor. Bu haqida 1773-yilda ingliz rassomi James Forbes Hindistonning Kerala shtatida chizgan rasimidan ma'lum. Rasimning o'zi bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Chala melanistik zotlari haqida ma'lumotlar ko'proq va ularni hayvonot bog'larida kuzatish mumkin. Chala melanistik yo'lbarslarning chiziqlari qalin va bir-biriga shunchalik yaqin joylashganki ular orasida asosiy rang deyarli ko'rinmaydi. So'ngi marotaba bunda yo'lbars yovvoyi tabiatda 2022-yil Hindistonning Similipal milliy bog'ida kuzatilgan.
Biologiya va ekologiyasi
Ham kunduzi, ham tunda birdek faol. Eng faol vaqti tong saharda, kechki payt va tunga to'g'ri keladi. Kunduzi asosan dam oladi. Daraxtlarga chiqmaydi, faqat yosh, ikki yoshga to'lmagan yo'lbarslar bundan mustasno. Suvdan cho'chimaydi va juda yaxshi suza oladi. Janubda tarqalgan yo'lbarslar issiq kunlarni suvda o'tlkazadi. Past havo haroratiga o'ta chidamli. Bir fasl davomida ikki marotaba yungini to'kadi: martda va sentyabrda.
Asosan ovoz chiqarmaydi. Faqat ko'payish davrida, erkaklari o'zini past o'kirish bilan bildirishadi. O'ljaga hujum qilayotgan vaqtda o'ta past irrillagan tovush chiqaradi. Odatda boshqa hayvonlar, bug'ular, to'ng'izlar va hatto odamlar qoldirgan so'qmoqlardan va yo'lakchalardan yurishni afzal ko'radi.
Hududiy va ijtimoiy xulq-atvori
Voyaga yetgan yo'lbarslar hududiy hayvonlar bo'lib, yo'lg'iz turmish tarzini olib boradi va o'z hududini ayovsiz himoya qiladi. Yo'lbarslar shaxsiy hududini turli usullar bilan belgilab chiqadi. O'z hududini shaxsiy xid bilan belgilash yo'lbarslarning asosiy aloqa vositasi hisoblanadi. Siydik belgilarini asosan tik jisimlarda qoldiradi: daraxt poyasi, toshlar, butalar va h.k. Shuningdek daraxtlarga surkanish va daraxtlarni tirnash orqali ham belgi qoldirishadi.
Yo'lbarsning shaxsiy hududining maydoni yashash joyiga, o'ljaning ko'pligiga va bu hududda urg'ochilarning mavjudligiga bog'liq. Urg'ochi yo'lbars hududining maydoni taxminan 20 km² bo'lishi mumkin, erkak yo'lbarslarning hududi odatda ancha kattaroq - 60 -100 km². Voyaga yetgan erkakning yashash joyida 1:2 yoki 1:4 nisbatda bir nechta urg'ochilarining yashash joylari bo'lishi mumkin. Yo'lbarslarning o'z hududi bo'ylab harakatlanish yo'llari muntazamdir. Bunday harakatlar paytida yo'lbarslar doimiy ravishda o'z hududlarining turli qismlarini belgilaydilar, bir nechta vaqtinchalik yoki uzun mudadga yotadigan joy qilishadi. Hududi ichidagi kundalik harakatlanishi juda farq qiladi va bir qator omillarga bog'liq. Voyaga yetgan erkakning o'rtacha kunlik bosib o'tadigan masofasi 9,6 km, eng ko'pi 41 km. Urg'ochilari o'rtacha kunlik bosib o'tadigan masofasi 7 km, eng ko'pi 22 km. Urg'ochi yo'lbarslarning vaqti-vaqti bilan bir-biriga nisbatan tajovuzkorlik ko'rsatishiga qaramay, ularning yashash hududi bir-birinikiga tog'ri kelishi mumkin va bu vaziyatda ular tinch yashashadi; erkak yo'lbarslar hech qachon boshqa erkaklarning o'z hududida doimiy bo'lishiga va hatto vaqtincha o'tishiga ruxsat bermaydi.
Erkak yo'lbarslarning tajovuzkor hududiy xulq-atvorini hisobga olgan holda, ular o'rtasida yashash joylarini taqsimlash bo'yicha nizolar ko'pincha jiddiy shikastlanishga va ba'zan ulardan birining o'limiga olib keladi. Biroq, ko'pgina ziddiyatli vaziyatlarda, yo'lbarslar tahdid soladigan ko'rinish va tovushlarni ishlatish bilan cheklanadi. Erkak yo'lbarslar o'z hududini urg'ochi yo'lbarslar bilan osongina bo'lishadi, hatto o'lja bilan bo'lishadilar. Urg'ochi yo'lbarslar ham o'z o'ljalarini bo'lishishi mumkin va erkaklaridan farqli o'laroq, o'ljani boshqa urg'ochilar bilan ham bo'lishishi mumkin.
Oziqlanishi
Yovvoyi tabiatda yo'lbarslar asosan tuyoqli hayvonlar bilan oziqlanadi: Bengal yo'lbarsi uchun asosiy o'lja hind bug'usi, toʻngʻizlar va tapir kabi turlardir; Amur yo'lbarsi uchun - bug'ular, dog'li kiyik, to'ng'iz. Sumatra yo'lbarsi uchun - sambar bug'usi, to'ng'iz va qora tapir. Shuningdek, yo'lbarslar hind buyvoli, gaur va yirik bug'usimonlar kabi yirik o'txo'r hayvonlarni ovlashi mumkin. Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan yo'lbarslar o'zlarining ovqatlanishiga xos bo'lmagan hayvonlar, masalan, maymunlar, qirg'ovullar, quyonlar, sudraluvchilar va hatto baliqlar bilan oziqlanadilar. To'laqonli ovqatlanish uchun bir yo'lbarsga yiliga 50-70 tuyoqli hayvonlar kerak bo'ladi. Yo'lbars o'ldirilgan kiyik yoki to'ng'iz bilan bir necha kun turishi mumkin, bu vaqt davomida u o'ljasini yeydi. Voyaga yetgan hind fillari yo'lbarslar ovlay olmaydigan o'ljadir, shuning uchun fillar bilan uchrashishdan qochishga harakat qilishadi, lekin ba'zida ular yosh fillarni o'ldirishlari mumkin. Yo'lbarslarning katta fillariga muvaffaqiyatli hujumlari haqida tasdiqlanmagan ma'lumotlar mavjud. Masalan, Kesri Singx yo‘lbarsning katta yoshli filni o‘ldirganini misol qilib keltiradi. Bundan tashqari, yo'lbarsning katta yoshli urg'ochi Hindiston karkidonini o'ldirgani haqida kamida bitta holat ma'lum. Ba'zida yo'lbarslar itlar, sigirlar, otlar va eshaklar kabi uy hayvonlarini ovlashi mumkin. O'simliklardan faqat yozda ozuqa sifatida foydalanishadi: yong'oqlar, o'tlar, mevalar iste'mol qilishadi. Bir vaqtning o'zida yo'lbars 30-40 kg gacha go'sht iste'mol qiladi. Och qolgan katta erkaklari 50 kg gacha go'sht yeyishi mumkin. Teri osti yog' to'qimalarining mavjudligi sababli o'zlariga zarar yetkazmasdan ancha muddat oziq-ovqatsiz yashay oladi. Amur yo'lbarsida bunday qatlam 5 santimetrga yetishi mumkin.
Ov qilishi
Boshqa yirtqichlar bilan aloqasi
2—3 yilda bir marta bolalaydi, homiladorlik davri 98—112 kun, 2—6 ta bola tugʻadi; 5—6 oy emizadi.Bolalari 1—2 yoshida mustaqil yashay boshlaydi.Soni juda kamayib ketgani uchun barcha kenja turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.
Odam bilan aloqasi
Yo'lbarslarni ovlash
Insonyat tarixi davomida yo'lbarsni turli maqsadlarda ov qilishgan. Yo'lbars ovchilari esa xalq orasida doim hurmat etilgan.
Rivoyatlarga koʻra, Iskandar Zulqarnayn Oʻrta Osiyoni zabt etib va Sirdaryo boʻyida Aleksandariya esxata (Xoʻjand) shahrini qurgach, Sirdaryoning shimoldagi, zamonaviy Toshkent yaqinida, yerlarga kirib, yoʻlbarslarni ovlagan.
Orta Osiyoda, hususan O'zbekistonda yo'lbarslar qadimdan ovlab kelingan. Odamxo'rlikga moyil yo'lbarslarni ovlash uchun yuzlab, hatto minglab odamlar yig;ilgan. XIX-asirning 30-yillarida Toshkentning Beshyog'och dahasida, Bo'rjar atrofida paydo bo'lgan yo'lbarslarni ovlash uchun Beklarbegi qaroriga ko'ra ikki ming odam to'plangan. Buxoroda esa, Zarafshon quyi oqimida, yo'lbarslarni ovlash uchun pishiq qafas qurilgan, ichiga qurollangan odamlar kiritilib, qafas qamishzorga olib borilgan. Bundan tashqari O'rta Osiyoda yo'lbarslar qopqon va tekis, chuqur jarga tirik uloq yoki qo'zichoq tashlab ovlangan. Yo'lbarsni yakka o'ldira olgan botir xalq orasida juda katta hurmatga ega bo'lgan. Ular yo'lbars tirnoqlarini tumor sifatida taqib yurishgan, bu Alvastiga qarshi yagona himoya vositasi deb hisoblangan.
Qadimgi Koreyada yo'lbarslarni ovlash bilan maxsus ovchilar shug'ullangan va bu jarayon murakkab marosimlar bilan kechgan: yo'lbarsni nomi bilan atash mumkin bo'lmagan va ov paytida gaplashish taqiqlangan. Ovchilarning kiyimlari boshqa aholi kiyimlaridan farq qilardi - ular ko'k rangli ko'ylak va munchoqlar bilan bezatilgan, ko'k matodan tikilgan salla kiyishgan, loviya donalaridan yasalgan bo'yinbog' ham ovchi usti boshining ajralmas qismi edi. Bundan tashqari ovchi albatta yo'lbars go'shtini tanovul qilishi kerak edi. Ovchilar Koreya jamiyatida imtiyozli mavqega ega bo'lib, ular davlat soliqlarini to'lashdan ozod qilingan. XX asrda Koreyada yo'barslarni ovlash, ayniqsa Yaponiya istilosidan so'ng, ommaviy ermakga va vaqt o'tkazish turiga aylanadi.
Hindistonda ham yo'lbarslarni ovlash qadimdan tarqalgan. Boburiylar davridayoq yo'lbarslarni ovlash keng tarqalgan. Bu davr suratlarida yo'lbars ovi markaziy mavzu bo'lgani buning yaqqol isboti sanaladi. Lekin chinakamiga yo'lbars ovi XIX va XX asr boshida Hindistonda ommaviy tus oladi. Hindistonda ham yo'lbarslarni asosan ingliz istilochilari ovlashgan. O'ldirilgan yo'lbarslardan ko'pincha tulum yasalgan, keyinchalik ular ingliz zodagonlarining uylarini bezatgan. Terining yuqori narxiga qaramay (1977-yili yo'lbars terisi ingliz bozorlarida 4.250 dollar atrofida baholangan), yo'lbarsning mo'ynali hayvon sifatida foydalanilmagan. Terilardan asosan tulum va gilamlar yasashda foydalanilgan. 1875 yildan 1925 yilgacha Britaniya hukmronligi ostidagi Hindistonda atigi 50 yil ichida 80 000 dan ortiq yo'lbarslar o'ldirilgan. Yo'lbars ovini ba'zi ovchilar piyoda, boshqalari fil yoki ot minib qilishgan. Qirol Jorj V 1911-yilda mustamlakachi Hindistonga tashrifi chog'ida 10 kun ichida 39 ta yo'lbarsni o'ldirgan.
Ikkinchi jahon urushidan so'ng yo'lbars ovi asta-sekin taqiqlana boshladi. Hozirgi kunda yo'lbarslarni ovlash butun dunyoda taqiqlangan. Ammo bunga qaramasdan brakonerlik ko'plab hududlarda hali ham gullab-yashnamoqda.
Tutqinlikda saqlanishi
Qadimgi Rim davridan boshlab yo'lbarslarni tutqinlikda ushlash odatiy holga aylangan. Yo'lbarslar gladiatorlar va boshqa ekzotik hayvonlar bilan urshtirilishdan tashqari, ko'rgazmalar, namoyishlar va gladiatorlar bilan mashg'ulotlar o'tkazish uchun boqilardi. XVII asrdan boshlab noyob va vahshiy yo'lbarslar, egalarining qudrati ramzi sifatida Evropa qal'alari va qasirlarida saqla boshladi. XVIII asrda yo'lbarslar hayvonot bog'i va sirkning diqqatli eksponatlariga aylandi: yo'lbars Frantsiyada 4000 frankgacha turardi (taqqoslash uchun, Liondagi tasviriy san'at professori yiliga atigi 3000 frank maosh olardi). AQShda 3500 dollargacha turadi, sherning narxi shu vaqtda 1000 dollardan oshmasdi.
2007-yilda Xitoyda 4000 dan ortiq yo'lbarslar tutqunlikda yashagan bo'lib, ulardan 3000 tasi 20 ga yaqin yirik muassasalarda, qolganlari esa 200 ga yaqin kichik muassasalarda saqlangan. 2020-yil ma'lumotlariga ko'ra Xitoy va Vyetnamda "yo'lbars fermalarida" 8000 ta yo'lbars tutqunlikda saqlanmoqda.
2011-yilda AQShning 468 ta muassasasida 2884 ta yo‘lbars saqlangan. 2018-yilda ularning soni 7000 tani tashkil etishi ma'lum bo'ldi. Garchi AQShning o'n to'qqiz shtatida yo'lbarslarga xususiy egalik taqiqlangan bo'lsada, yana o'n beshtasida maxsus litsenziya talab qilinadi va o'n oltita shtatda hech qanday qonun-qoidalar yo'q. O'n to'rtta mamlakat va mintaqadagi 105 ta tutqunlikdagi yo'lbarslarning genetik kelib chiqishi o'rganilib, ulardan 49 tasi beshta populyatsiyaga tegishli ekanligini ko'rsatdi; 52 ta hayvon aralash kelib chiqishga ega. Bugungi kunda hayvonot bog'larida saqlanayotgan ko'plab Amur yo'lbarslari asli Bengal yo'lbarslari bilan chatishtirish natijasi ekanligi aniqlandi.
O'zbekiston hududida ham yo'lbarslar qadim davrlardan tutqunlikda saqlangan. So'ngi xonliklar davrida xon saroylari bog'larida, maxsus chuqurlarda, yo'lbarslar ushlangan. Hozirgi kunda Toshken hayvonot bo'gida amur va bengal yo'lbarslari saqlanmoqda.
29-iyul Xalqaro yo'lbars kuni etib belgilangan.
Tana azolarining ishlatilishi
Yo'lbarslar tarqalagan barcha hududlarda ularning azolari tumor va taqinchoqlar sifatida ishlatilgan. Yo'lbars azolarining bunday ishlatilishi haqidagi eng qadimiy topilmalar Filipinning Palavan orolidan topilgan suyaklar hisoblanadi. Ularning yoshi 12000 yildan 9000 yil ilgari deb baholanadi.
Xitoyda va Osiyoning boshqa qismlarida ko'p odamlar yo'lbarsning turli qismlari shifobaxsh xususiyatlarga ega, jumladan, og'riq qoldiruvchi va afrodizyak sifatida ishlatishadi. Biron bir shifobaxsh tasiri mavjudligini tasdiqlovchi ilmiy dalillar yo'q. 1993-yildan beri Xitoyda yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari ichki savdosiga taqiq joriy qilingan. Xitoyda farmatsevtika preparatlarida yo'lbars qismlaridan foydalanish taqiqlangan va hukumat yo'lbarslarning brakonerligi bilan bog'liq jinoyatlar uchun o'lim jazosi mavjudligiga qaramay, yo'lbars tana azolari savdosi yirik qora bozor sanoatiga aylandi, hukumat va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari uni to'xtatishga urinishlari bugungi kunga qadar samarasiz bo'ldi. Bosh ustiga xitoy xalq tabobati ehtiyojini qondirish uchun Xitoy, Vyetnam hamda Tailandda maxsus "yo'lbars fermalari" faoliyat ko'rsatmoqda. Savdo bilan shug'ullanuvchi deyarli barcha qora bozorlar Xitoyda joylashgan bo'lib, ular mamlakat ichida yoki Tayvan, Janubiy Koreya yoki Yaponiyaga azolar jo'natilib sotilgan. Buning oqibatida yo'lbarslarning xitoy populyatsiyasi 1950-yillardan 1970-yillargacha bo'lgan davr oralig'ida tijorat uchun o'ldirilishi natijasida deyarli butunlay yo'q qilindi. Yo'lbars fermalari mavjudligiga qaramasdan ham, xitoy an'anaviy tibbiyoti uchun ko'plab yo'lbarslar brakonerlar tomonidan otilgan yoki tuzoqqa tushgan yovvoyi yo'lbarslar bo'lib kelmoqda. Ular asosan Xitoydan tashqarida, Rossiya, Hindiston va Janubiy-Sharqiy Osiyoda, tutilib kontrabanda yo'li bilan Xitoyga olib kelinadi. Osiyo qora bozorida yo'lbars jinsiy olatni taxminan 300 AQSh dollariga teng bo'lishi mumkin. 1990-1992 yillarda tarkibida yo'lbars azolari mavjud 27 million dona mahsulot topildi. 2014-yil iyul oyida Shveytsariyaning Jeneva shahrida, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlar boʻyicha xalqaro konferentsiyada, Xitoy vakili Xitoyda yoʻlbars azolarining savdosi sodir boʻlayotganini birinchi marta tan oldi.
Madanyatda
Mifologiya va afsonalar
Yo'lbars Osiyo mamlakatlari xalqlari, asosan, uning tabiiy yashash joyi bo'lgan mintaqalar afsonalarining asosiy qahramonlaridan biridir. U ko'pincha hayvonlarning shohi, quruqlikda yashovchi barcha hayvonlarning egasi, hokimiyat va quch-qudrat ramzi sifatida tasvirlangan. Yo'lbars ramzini odatda harbiy jasorat bilan bog'lashadi. Yaponiyada, garchi yo'lbarslar haqida faqat rivoyatlardan ma'lum bo'lsa-da, u jasorat va jangchi-qahramonlar ramzi sanalgan. Koreya va Janubi-Sharqiy Osiyoda yo'lbarsalar to'g va g'orlar egasi deb izzatlashgan, qirol nasli himoyachisi, Yer va Osmoni bog'lab turishiga ishonishgan. Koreyslarda yo'lbars tasviri tushirilgan har qanday buyum tumor vazifasini o'ta olgan.
Xitoyda ular yo'lbars kuch va salomatlik ramzi bo'lib, yovuz ruhlar va kasalliklarni haydab chiqaradi, deb ishonishgan. Daosizmda bu yirtqich g'arb, oq rang, kuz va beshta asosiy elementlardan biri - suv bilan bog'langan va sharq, bahorining timsoli bo'lgan yashil ajdahoga qarama-qarshi bo'lgan. Shuning uchun yo'lbars va ajdaho o'rtasidagi kurash Xitoy tasviriy sanatida eng mashhur ramziy motivlardan biri. Yo'lbars Xitoy buddizmining uchta hissiz jonzotlaridan biri bo'lib, maymun - ochko'zlik ramzi va bug'u - shahvoniy nafs ramzi, bilan bir qatorda - g'azab ramzi sanaladi. Shuningdek Xitoy rivoyatlarga ko'ra afsonaviy besh yo'lbars dunyo tomonlarini qo'riqlab turadi; ko'k yo'lbars - sharqni, qora - shimolni, qizil - janubni, ikkta oq yo'lbars g'arbni va markazni. Xitoy taqvimining o'n ikkta jonzotdan uchinchisi sanaladi. Koreyada oy taqvimining birinchi oyi "Yo'lbars oyi" deb ataladi.
Qadimgi yunon va rimliklar afsonalarida yo'lbars, geografik sabablarga ko'ra, kamroq uchraydi, ammo u Osiyo mamlakatlarida bo'lgan yunonlar va rimliklarga yaxshi tanish bo'lgan. Ovidiyning ta'kidlashicha, Fetida Peley bilan turmush qurmaslik uchun yo'lbarsga aylangan. Dionis yo'lbarsni minib yurgani (Hindiston bilan bog'liq xudo) ham tilga olinadi, garchi ko'pincha bu yo'sinda boshqa har qanday mushuksimon bo'lishi mumkin. Boshqa yunon afsonalariga ko'ra yo'lbarslar ba'zan Dionis aravasini tortib yurishgan, bu yo'sinda ham boshqa har qanday mushuksimon bo'lishi mumkin edi. Xususan, yo'lbarslar Goratsiyning "Odasi" da Baxusning aravasini tortib yurishadi.
Tasviriy sanat
Yo'lbars tasvirlangan birinchi tasviriy sanat asari Koguryo (miloddan avvalgi 37 - milodiy 668 yillar) hukmronligi davriga oid koreys maqbaralarida topilgan. Yo'lbarslarning tasvirlari maqbaralarni himoya qilishiga ishonishgan. Maqbara devorlaridagi tavirlari bilan bir yoʻlbars tasviri qatorda bronza davriga oid koʻplab uy-roʻzgʻor buyumlari (miloddan avvalgi 1000 – 300 yillarga oid) : koʻzgu, bolta, pichoq, idishlar, qoʻngʻiroqlar, taqinchoqlar, marosim buyumlari va hokazo bo'lgan.
Xitoy tasviriy sa'natida yo'lbars tasviri asosiy mavzularidan biri bo'lgan.
Yo'lbarsning tasvirlari hind san'atida ham uchraydi. Eng mashhur misollardan biri bu Tipu sultonning yo'lbarsi, bu yog'ochdan yasalgan mexanik yo'lbars, qizil kiyimdagi ingliz askariga hujum qilyatgani aks ettirilgan.
Islomda tirik mavjudotlarni tasvirlash taqiqlangan bo'lib, bu ko'p jihatdan islom dini tarqalgan mamlakatlar san'atining o'ziga xosligini ko'rsatadi. Biroq Markaziy Osiyoda islom dinining keng tarqalishiga qaramasdan, yoʻlbarslar uchun oʻziga xos istisno boʻlgan. Yoʻlbars tasviri gilam va matolarda, shuningdek, Samarqand shahridagi masjidlar, jumladan, Registon maydonidagi mashhur Sherdor, nomiga qaramasdan, madrasasida yo'lbars tasvirlangan.
Evropa tasviriy sanatida ham yo'lbarslar tez-tez uchraydi, masalan, Delakruaning ov sahnalarida va Piter Pol Rubensning "Yo'lbarslar ovi" (1618) rasmida.
Adabiyot
Dunyoning ko'plab yozuvchi va shoirlari o'z asarlarida yo'lbarsni tasvirlashgan. Hind va Xitoy adabiyotida an'anaviy tarzda yo'lbarsning kuch-qudratiga etibor qaratilgan. Bu hayvon adolat, donolik va ba'zan ishqli sevgining himoyachisi sifatida gavdalangan. Yo'lbars haqidagi bunday tasavvur Yaqin Sharq adabiyotiga ko'chib o'tdi.
G'arbiy Evropa adabiyotida yo'lbarslarga munosabat turlicha edi. Masalan, Redyard Kiplingning "Jungli kitobi" asarida yo'lbars Sherxon ayyor va dahshatli hayvon sifatida tasvirlagan. Shu bilan birga, bolalar yozuvchisi Alan Miln "Vinni Pux" haqidagi asarida jozibali va quvnoq personaj - Yo'lbarsvoyni yaratdi. Yo'lbars G. L. Oldie tomonidan "Xoanga" hikoyasida ijobiy nuqtai nazardan ko'rsatilgan. Och yo'lbars - Frank Baumning Oz mamlakati haqidagi qator qissalari qahramoni.
Shoirlar ham yo‘lbarsni chetlab o‘tishmagan. Gussar-yo'lbarsning esda qolarli obrazi Nikolay Gumilyovning "Lo'lilarda" (1920) she'rida yaratilgan. Bolaligida hayvonlardan birinchi bo‘lib hayvonot bog‘ida yo‘lbarsni ko‘rgan va eslagan Luis Borxesning “Yo‘lbarslar oltini” she’riy to‘plami bor. Ingliz tilida so'zlashadigan mamlakatlarda Uilyam Bleykning "Yo'lbars" she'ri juda mashhur bo'lib, unda yo'lbars, Borxesning so'zlariga ko'ra, "yovuzlik ramzi" sifatida tasvirlangan.
Rus yozuvchisi va etnograf VladimirKlavdiyevich arsenyevning "Ussuriysk o'lkasi changalzorlarida" kitobida, bosh qahramon Dersu Uzala yoshligida bexosdan totem hayvoni bo'lmish - yo'lbarsni o'ldirib, bir umir "tayga egasi" oldida qo'rquv va ayb hisi bilan yashadi.
Yann Martelning, 2002-yilda Buker mukofotini olgan, "Pi hayoti" romanida Richard Parker laqabli bengal yo'lbarsi bosh qahramonlardan biri.
Qoroqolpoq yozuvchisi Amet Shomuratov "Yo'lbarslar bilan uchrashuvlarim" asrida muallif bolaligida Turon yo'lbarsini uchratgani haqida yozgan.
Kino
Kino va animatsiyada yo'lbars obrazi ko'p uchraydi, ayniqsa bolalar animatsiyasida: "Kung Fu Panda" (2008) multfilmida yo'lbarsga (sharqiy jang sa'nati ustasi) Anjelina Joli tomonidan ovoz berilgan. "Olovuddin" (1992) multfilmida malika Jasmin Raja laqibli yo'lbarsni uy hayvoni sifatida boqadi. "Madagaskar 3" (2012) Vitaliy laqabli sirk yo'lbarsi ko'rsatilgan. Walt Disney 1967-yili R. Kiplingning asari asosida "Changalzorlar afsonasi" nomi ostida multfilm chiqardi. 2016-yilda "Ormon bolasi" nomi ostida film ham olindi. Vinni Puxning Walt Disney tomonidan olingan multfilmida Yo'lbarsvoy dumida sakra oladi.
Marvelning komikslar olamida Yo'lbars isimli qahramon mavjud.
2012-yilda Yann Martelning "Pi hayoti" romani asosida olingan film tanqidchi va tomoshabinlar tomonidan keng etirof etildi.
BBC 2008-yilda Devid Attenboro boshlovchiligida "Yo'lbars: Changalzorda ayg'oqchi" nomli hujjatli film olingan.
Manbalar
uz.wikipedia.org