YO’LBARS



YO’LBARS (Panthera tigris) — mushuksimonlar oilasiga mansub sut emizuvchi hayvon. Shu oilaning eng yirik vakili. Tanasining uzunligi 160-290 santimetr (ba’zan 3 metrdan ortiq), dumi 114 santimetrgacha, vazni 390 kilogrammgacha. Boshi yumaloq, mallarang, tanasining orqa va yon tomonlarida ko’ndalang qora yo’llari bo’ladi. 7 ta kenja turi ma’lum. G’arbiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo hamda Hindiston yarim orolida tarqalgan. Rossiyaning Primore o’lkasida Amur yo’lbarsi (P.t. altaica) uchraydi. 20-asrning 30-yilgacha Kavkaz ortida, 50-yilgacha Amudaryoning quyi oqimida (Turon yo’lbarsi P.t. virgata) uchragan. Yo’lbars 20 asr boshlarigacha Chirchiq havzasida ham yashagan. Yo’lbars, asosan, to’qaylar, qalin qamishzor va tog’o’rmonlarida yashaydi. Ular yovvoyi tuyoqli hayvonlar, jumladan, to’ng’izlarni ovlaydi, odamxo’r Yo’lbars kamdan-kam uchraydi. 2-3 yilda bir marta bolalaydi, homiladorlik davri 98-112 kun, 2-6 ta bola tug’adi; 5-6 oy emizadi. Bolalari 1-2 yoshida mustaqil yashay boshlaydi. Soni juda kamayib ketgan, barcha kenja turlari xalqaro qizil kitobga kiritilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz