YOKOXAMA



YOKOXAMA, Iokogama —Yaponiyadagi shahar. Xonsyu orolida, Tokio qo’ltig’i sohilida. Kanagava prefekturasining ma’muriy markazi. Aholisi 3,3 million kishi (1995). Yokoxamaga 1858 yilda asos solingan. 19-asrning 70-yillarida Yokoxama Yaponiyaning eng katta portlaridan biri edi (mamlakat tashqi savdo aylanmasining 70%i). Shahar 1923 yilda zilzila va yong’indan, 1945 yilda Amerika aviasiyasi bombardimonidan katta zarar ko’rdi. Yokoxama — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi va port shahri, xalqaro ahamiyatga ega muhim transport yo’llari tuguni. Elektrlashtirilgan temir yo’l va kema qatnaydigan kanal orqali Tokio shahri bilan bog’langan. Yokoxama porti yuklarni qabul qilish va jo’natishda mamlakatda 2-o’rinda (yillik yuk ortibtushirish 100 million tonnadan ziyod). Yokoxama Tokio va Kavasaki shaharlari bilan birga Kanto industrial rayonini tashkil etadi. Shaharda yirik yapon banklari, monopolistik kontsern va savdo firmalarining filiallari joylashgan. Kemasozlik, transport va elektroenergetika mashinasozligi, qora metallurgiya, neft-kimyo sanoati tarmoqlari rivojlangan. Atom sanoati korxonalari, harbiy zavodlar (jumladan, samolyotsozlik), ip va ipak gazlama fabrikalari bor. Oyna-keramika buyumlari ishlab chiqariladi. Metropoliten bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz