YOG’OCH ZAMBURUG’LARI



YOG’OCH ZAMBURUG’LARI Gimenomisetlar turkumining po’kaklar oilasiga mansub guruhi. Daraxtlarning yog’och qismini, ayniqsa o’zagini hamda turli yog’och qurilmalarni chiritadi. Yog’och zamburug’laridan chin po’kak (Forties fomentarius), tangachali po’kak (Polyporus squamosus), dag’al tukli po’kak (Inonotus hispidus) O’zbekistonda ko’p tarqalgan. Yog’och zamburug’larining tanalari (miseliysi) daraxtlarning o’zagida yoki yog’och qismida hujayralar orasiga joylashib, daraxt sirtiga yirik bo’rtmalar — mevatanalar chiqaradi. Yog’och zamburug’lari o’zi ajratadigan turli fermentlar ta’sirida yog’och tarkibidagi tsellyuloza va ligninni glyukozaga aylantirib oziqlanadi. Shu tufayli daraxtlarning o’zagi chiriydi. Yog’och zamburug’lari, ayniqsa u yog’och zamburug’i (Serpula lacrymans) turli yog’och qurilmalar (uylarning poli, shpallar, yog’och ko’priklar ustuni) da o’sib, ularni chiritadi. Yog’och zamburug’lari havoning harorati 18-22° va nisbiy namligi 80-85%, yog’ochning namligi esa 28-60% bo’lganda yaxshi rivojlanadi. Yog’och zamburug’lari paydo bo’lmasligi va yog’och qismlar chirimasligi uchun ular turli antiseptik moddalar (krezet yog’i, karbolineum, natriy ftorat va boshqalar) bilan to’yintiriladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz