YOG’OCH



YOG’OCH — 1) ksilema — suv va unda erigan tuzlarni daraxt ildizidan barg va boshqa organlarga o’tkazuvchi yog’ochlangan devorli hujayralardan iborat o’simlik to’qimasi. Yog’och massasining 95% ini hujayra qobig’i tashkil etadi; qobiq, asosan, tsellyuloza (43-56%) va lignin (19-30%) dan iborat. Yog’och daraxtsimon o’simliklar tanasi, ildizlari va shoxlarining asosiy qismi hisoblanadi. O’zakli va po’stloq osti qatlamli turlarga bo’linadi. O’zakli turlari (qarag’ay, tilog’och, dub va boshqalar) o’zaklari bir-biridan rangi bilan farqlanadi va Markaziy qism deb ataladi, chekka zonasini esa po’stloq osti qatlami deyiladi. Po’stloq osti qatlamli turlar (zarang, qayin va boshqalar) ning Markaziy qismi chetki qismidan farq qilmaydi. Yog’ochning fizik xossalari tashqi ko’rinishi (rangi, yaltirashi, teksturasi), zichligi, namligi, gigroskopikligi (nam o’tkazishi), issiqlik sig’imi va boshqa xossalari bilan ifodalanadi; 2) har xil daraxt jinslaridan olinadigan qurilish materiali. Yog’och olinadigan daraxt jinslari bargli va ignabargli jinslarga bo’linadi. Bargli jinslarga dub, shumtol, zarang, nok, qayin, terak, qayrag’och, yong’oq, arg’uvon va boshqalar, ignabargli jinslarga qarag’ay, archa, tilog’och, kedr, pixta va boshqa daraxtlar kiradi. Yog’och daraxtning kimyoviy va tabiiy xususiyatlarini o’zida saqlaydi. Asosan, daraxt tanasidan tayyorlanadi; daraxtning shoxshabbalaridan ham foydalaniladi. Yog’och dumaloq g’o’la, xoda, taxta, faner, to’rtburchak brus, yog’och plitalar, shpal, reyka va boshqa ko’rinishda ishlatiladi. Yog’och ishlov berilgan va ishlov berilmagan xillarga bo’linadi. Daraxtni ag’darib, shoxlarini butab, tanasini ma’lum uzunlikda (3 metrdan 7,5 metrgacha) qirqib, po’stlog’ini shilib tayerlanadigan dumaloq g’o’la, xoda ishlov berilmagan yog’och hisoblanadi. Yog’ochning boshqa turlari (taxta, faner va boshqalar) shu dumaloq Yog’ochni arralab, tilib, yo’nib, randalab, silliqlab olinadi. Bular ishlov berilgan Yog’och hisoblanadi. Yog’och qurilishda, mebelsozlikda, xalq amaliy san’atida (beshikchilik, sandiqchilik, cholg’u asboblari yasash va boshqalar), kimyo sanoatida, konchilikda, energetika, ko’priksozlikda, qoplamapardozlash materiali, tsellyuloza, qog’oz, etil spirti va boshqa ishlab chiqarishda xom-ashyo, shuningdek, yoqilg’i sifatida ishlatiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz