YOFAS



YOFAS, Abu Turk (G’arb manbalarida Iafet, Yafet) — qadimgi diniy aqidalarga ko’ra, Nuh(as)ning 3 farzandidan biri (Som, hom bilan birga). To’fondan so’ng omon qolgan Nuh(as) o’g’illariga uer yuzini bo’lib bergan. Jumladan, Yofas “otasining hukmi birlan… Atil (Itil) va yoyiq suvining yoqosig’a bordi. Ikki yuz ellik yil anda turdi. Taqi vafot tobdi. Sakkiz o’g’li bor edi (Turk, Xazar, saqlab, rus, ming, chin, Qamari, Tarix)” (“Shajarayi turk”). To’ng’ich o’g’li nomidan Yofasni “Abu Turk” (“Turkning otasi”) deb ham atashgan. Mirzo Ulug’bekning yozishiga karaganda, Yofasga “Chin Mashriqining boshqa muhitlari, Qomarun tog’lari va rus yerlari oxirigacha cho’zilgan oq cho’qqilar va beshinchi iqlimning qolgan uchdan bir qismi to ma’mur erlarning oxirigacha va Shimolning zulummotigacha yerlar baxsh etilgan edi… Aytadilarki, Turon zamin va Turkistonni Yofas(as) o’ziga asrab qo’ygan edi. Shu sababli uni Abutturk deyishgan”. Qadimda turkiy o’lkalarda yomg’ir yog’diruvchi tosh yordamida duo o’qib osmondan yomg’ir qor yog’diruvchi kishilar bo’lgan. Mana shu yada ilmini Yofasga otasi Nuh(as) o’rgatgan degan naql bor. Yofas vafotidan so’ng Turk otasi o’rniga o’tirib yurtni boshqargan. Xalq uni Yofas o’g’lon deb atagan. Ad.: Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1995; Abulg’oziy, Shajarayi turk, T., 1992; Ibrohimov A., Sultonov X., Jo’rayev N., Vatan tuyg’usi, T., 1996. Faxriddin Hasanov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz