Yodgor Nasriddinova




Yodgor Sodiqovna Nasriddinova (ruscha: Ядгар Садиковна Насриддиновна; Yadgar Sadikovna Nasriddinova; 1920-yil 26-dekabr, SSSR, Oʻzbeksiton SSR, Qo‘qon — 2006-yil 7-aprel, Rossiya, Moskva) — davlat va jamoat arbobi, oʻzbek sovet muhandisi, siyosatchi. Komsomolda turli lavozimlarda xizmat qilgan, Sovet Ittifoqi Oliy Kengashi deputati. 1959—1970-yillarda Oliy Kengash Prezidiumi raisining oʻrinbosari, keyinchalik 1974-yilgacha Oliy Kengash raisi, 1988-yilda Leonid Brejnev (1906—1982) o‘limidan so‘ng va o‘zbek paxtasi mojarosidagi korrupsiya tergovi chog‘ida Kommunistik partiya safidan chiqarilgan. 1991-yilda reabilitatsiya qilingan va partiya aʼzoligiga qayta tiklangan, chunki unga nisbatan poraxoʻrlik ayblovlari tasdiqlanmagan. Nasriddinova o‘z faoliyati davomida to‘rt marta Lenin ordeni, ikki marta Mehnat Qizil Bayrogʻi ordenlari bilan taqdirlangan.

Biografiyasi



Yoshlik davri



Yodgor Nasriddinova 1926-yil 20-dekabrda SSSR Oʻzbekiston SSRning Fargʻona viloyati Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Otasi yuk tashuvchi boʻlib mehnat qilgan va qizi tug‘ilishidan 3 oy oldin vafot etgan, 13 yoshli onasi esa unga Yodgor deb ism qoʻygan. Erining bevaqt oʻlimidan keyin onasi qizini olib, turmush oʻrtogʻining uyidan 50 km uzoqlikdagi boshqa bir qishloqdagi ota uyiga ketishga va ikkinchi marta turmushga chiqishga majbur boʻladi.

6 yoshida oʻgay otasi Nasriddinovani yo‘l chetiga tashlab ketadi, va uni xayrixoh yoʻlovchilar oʻzlari bilan olib ketishadi. Shundan keyin Nasriddinova 11 yoshga qadar turli oilalar qaramogʻida voyaga yetadi. 1931-yilda O‘zbekistonda birinchi mehribonlik uyi qurilgach, Nasriddinova uy qaramogʻiga beriladi va keyinchalik oʻsha yerdan kasb-hunar bilim yurtiga oʻqishga yuboriladi. 1941-yilda Nasriddinova Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini tamomlaydi.

Mehnat faoliyati



Nasriddinova 1941-yil oktabr oyidan boshlab Toshkent temir yo‘liga muhandis bo‘lib ishga kiradi va bir vaqtning o‘zida institutning aspiranturasida ham o‘qishini davom ettiradi. Kattaqoʻrgʻon suv ombori loyihasida usta boʻlib ishlaydi va keyingi yili Toshkent va Angren oʻrtasidagi temir yoʻl qurilishi brigadasini boshqaradi.

1942-yil fevraldan 1946-yil yanvargacha Oʻzbekiston Komsomoli Markaziy Qoʻmitasining maktablar boʻyicha kotibi boʻlib faoliyat yuritayotgan vaqtda urush faxriysi, viloyat partiya qoʻmitasi kotibi, keyinchalik Oʻzbekiston kasaba uyushmalari raisi Siroj Nuritdinovga turmushga chiqadi. Oʻsha paytda Siroj Nuritdinov va Yodgor Nasriddinovalar Sharof Rashidovning siyosiy raqiblari hisoblanishgan.

Nasriddinova 1946-yil yanvarda Oʻzbekiston Komsomoli Toshkent viloyat qoʻmitasining 1-kotibi etib tayinlanadi va ushbu lavozimda 1948-yil mart oyigacha faoliyat olib boradi. Keyinchalik 1948-yil martdan 1950-yil oktyabrgacha — Oʻzbekiston Komsomoli Markaziy Komitetining 2-kotibi, 1950-yil oktyabrdan 1952-yil maygacha — Toshkent shahar Oʻzbekiston Kompartiyasi Kirov tuman qoʻmitasining 1-kotibi, 1952-yil maydan 1955-yil fevraligacha — Oʻzbekiston SSR qurilish materiallari sanoati vaziri boʻlgan.

1955-yil fevralda Oʻzbekiston SSR Vazirlar Soveti Raisining oʻrinbosari etib tayinlangach, Nasriddinova va Rashidov oʻrtasida ziddiyat keskinlashadi. 1969-yilgi etnik tartibsizlikdan keyin Rashidov Nasriddinova va uning tarafdorlarini zoʻravonlik va tartibsizlikda ayblab, uni mamlakatdan quvib chiqarishga harakat qiladi. Oʻz navbatida Nasriddinovaning fraksiyasi ham Rashidovga qarshi ayblov qoʻyadi. Yuzaga kelgan ushbu vaziyat natijasida Nasriddinova tez orada mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Nasriddinova 1970-yil 14-iyuldan 1974-yil 16-iyungacha (4 yil) SSSR Oliy Soveti Millatlar Kengashining raisi sifatida faoliyat koʻrsatadi. U mamlakatni tark etgach, Rashidov oʻziga xayrixoh homiylar yordamida faoliyat tarmoqlarini kengaytira boshlaydi, oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarini davlatning yuqori lavozimlariga qoʻyib, oʻz hokimiyatini yanada mustahkamlashga erishadi.

Nasriddinova 1974—1979 yillarda — SSSR qurilish materiallari sanoati vazirining oʻrinbosari, Osiyo va Afrika ishlari boʻyicha qoʻmita raisi lavozimlarida xizmat qiladi. Mehnat faoliyati davomida qrimtatar xalqi uchun Qrimga qaytish huquqini berish fikriga jiddiy qarshilik koʻrsatib, Oʻzbekiston SSRda boʻlib oʻtgan qrimtatar fuqarolik huquqlari faollari bilan uchrashuvda ularning ishchi kuchiga muhtojligi tufayli Qrimga qaytishiga qarshi ekanligini ochiq bayon etadi.

Shuningdek, Nasriddinova Brejnev davrida „paxta ishi“ da poraxoʻrlikda ayblanadi va 1988-yil 18-noyabrda KPSS (Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasi) aʼzoligidan chiqariladi. 1991-yil 3-aprelda esa unga qoʻyilgan ayblovlarning tasdiqlanmaganligi natijasida KPSS aʼzoligiga qayta tiklanadi.

Vafoti



Yodgor Nasriddinova 2006-yil 7-aprelda Moskvada vafot etadi va Kuntsevo qabristoniga dafn etiladi.

Oilasi



Turmush oʻrtogʻi — Siroj Nuritdinov (1911—1966), Oʻzbekistonning atoqli davlat arbobi, Ikkinchi jahon urushi (1941—1945) qatnashchisi, podpolkovnik.

Oʻgʻli — Baxtiyor Nuriddinov (1947—1989)

Qizi — Zulfiya Nuriddinova (1950-2019)

Qizi — Lola Rustamova (1939 yilda tugʻilgan, hozirda hayot)

Mukofotlari




Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz