Yn Vaveyr
Bavariya — GFR yeri. Dunay havzasida. Maydoni 70,6 ming km. Aholisi 12,584 mln. kishi (2011). Maʼmuriy markazi — Myunxen shahri. Bavariya mamlakatning eng baland togʻli qismida. Myunxenda iyulning oʻrtacha harorati 17 °C, yiliga 935 mm yogʻin yogʻadi. Daryolari Dunay havzasiga mansub, koʻl koʻp. Hududining 1/3 qismi oʻrmon bilan band; togʻ yaylovlari bor.
Tarixi
Bavariya hududida olmonarning bavar qabilasi yashagan. 1070—1180-yillar Bavariyada velf qabilasi hukmronlik qilgan. 1180—1918-yillar Vittelsbaxlar sulolasi idora qilgan. 1806-yildan qirollik va Reyn ittifoqi aʼzosi. 1871-yildan Olmoniya imperiyasi tarkibida. 1945-yildan Amerika okkupatsiya zonasi, 1949-yildan esa GFR tarkibiy qismi.
Iqtisodi
Bavariya — industrial-agrar rayon. Elektr energiyasining yarmini GESlar beradi. Urushdan keyingi yillarda neftni qayta ishlash (Ingolshtadt, Nyoyshtadt) va neft kimyosi sanoati bunyod etilgan (neft Marsel, Genuya, Triyest portlaridan quvurlar orqali keltiriladi). Bavariya GFR alyuminiy mahsulotining 1/3 qismini beradi (Tyoging). Sanoatning yetakchi tarmogʻi mashinasozlik: elektrotexnika, (Myunxen, Nyurnberg , Erlangen), umumiy mashinasozlik (Augsburg , Ashaffenburg), transport mashinasozligi, jumladan avtomobilsozlik (Myunxen, Augsburg , Ingolshtadt) va samolyotsozlik (Augsburg), aniq mexanika (Nyurnberg). Toʻqimachilik (Xof, Augsburg) va tikuvchilik, oziq-ovqat sanoati ham muhim oʻrin tutadi.
Transporti
Temir yoʻllari asosan elektrlashtirilgan. Avtomobil yoʻli koʻp, Dunay, Mayn daryolarida kema qatnaydi. Bavariyada Bavariya Fanlar akademiyasi (1759-yil tashkil etilgan) va 3 ta universitet bor.
Manbalar
uz.wikipedia.org