YIRTQICHLIK
YIRTQICHLIK — hayvonlar (ba’zan o’simliklar)ning oziqni topish va oziqlanish usullaridan biri, bir hayvonning boshqasini ushlab o’ldirishi va yeb qo’yishi. Yirtqichlik deyarli barcha hayvonlar tipida, shuningdek, zamburug’lar (gifomisetlar) va hasharotxo’r o’simliklar orasida uchraydi. Evolyutsiya jarayonida Yirtqichlik, odatda, morfofiziologik progressga olib keladi. Chunki yirtqichlarning o’ljani topib olishi uchun nerv sistemasi va sezgi organlari; uni tutib oladigan, o’ldirib eydigan va hazm qiladigan organlari rivojlangan bo’lishi lozim. Ov qilish usuliga ko’ra, yirtqichlarni poyloqchilarga va quvib etuvchilarga ajratish mumkin. Ayrim hollarda yirtqichlar o’ljani to’da bo’lib ovlaydi (bo’rilar). Ba’zi guruh hayvonlar orasida Yirtqichlikdan parazit yashashga (zuluklar) yoki Yirtqichlikdan Nekrofagiya (murda bilan oziqlanish) ga o’tish shakllari ham uchraydi. Keng ma’noda Yirtqichlik nisbatan tuban darajada turgan organizmlar sonini cheklab turishda muhim ahamiyatga ega. Yirtqichlardan zararkunandalarga qarshi biologik kurashni tashkil etishda foydalaniladi. Masalan, xon qizi qo’ng’izi va tillako’z xrizopadan o’simlik shiralariga qarshi kurashda foydalanib kelinadi. Yirtqich bilan uning o’ljasi o’rtasidagi o’zaro munosabat ular har ikkalasi evolyutsiyasining birgalikda borishiga, ya’ni koevolyutsiyaga sabab bo’lgan. Bu jarayonda yirtqichning hujum qilish, o’ljaning esa himoya vositalari takomillashib borgan. Ana shunday munosabatlar tufayli yirtqich va uning o’ljasi populyatsiyalari soni mutanosib o’zgarib turgan. 20-asr boshlarida amerikalik A. Lotta va italiyalik V. Volterra bir-biridan mustasno holda yirtqich bilan uning o’ljasi o’rtasidagi munosabatlarni tavsiflash uchun differentsial tenglama sistemasini taklif etishdi. Sistemadagi ikkala komponentning o’zgarib turishi (turg’unlashtiruvchi, kamaytiruvchi yoki ko’paytiruvchi amplitudada) matematik modeli tabiiy jamoalarning holatini tavsiflashda keng qo’llaniladi. Tabiatda faqat “yirtqich—o’lja” sistemasi bilan bog’liq bo’lgan sof holdagi o’zgarish kam uchraydi; biroq ko’p hollarda o’ljaning son jihatdan o’zgarishi yirtqich sonining o’zgarishiga olib kelishi kuzatiladi. “Yirtqich—o’lja” sistemaning turg’un o’zaro bog’langan o’zgarishi laboratoriya sharoitida bir hujayralilar va kanalar ustida kuzatilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz