YIRING
YIRING, madda, fasod, patos — yallig’langan joyda to’planadigan suyuqlik (ekssudat); leykositlar (oq qon tanachalari), monositlar, neytrofillar, oqsillar, shuningdek, to’qimalarning parchalanish mahsulotlaridan iborat. Yiring yiringlatuvchi mikroblar (stafilokokklar, streptokokklar, gonokokklar va boshqalar), shuningdek, ba’zi kimyoviy moddalar (skipidar va boshqalar) yallig’lantirgan to’qimalarda hosil bo’ladi. Yiringning rangi uni hosil qilgan mikrob turiga bog’liq; sariq Yiring — stafilokokk, yashil Yiring ko’plab parchalangan leykositlar, iflos qo’ng’ir Yiring — chirituvchi mikroblar, badbo’y Yiring — chirituvchi mikroflora va parchalangan to’qimalar borligini bildiradi. Yiringning quyuq-suyuqligi (konsistentsiyasi) uning paydo bo’lish muddatiga ham bog’liq, masalan, yangi hosil bo’lgan Yiring suyuq, vaqti ancha o’tgani quyuq bo’ladi. Yiring boylagan joy tevarak-atrofidagi to’qima va a’zolardan parda bilan ajralgan bo’lsa, abssess deb ataladi. Yiringdan qonga zaharli moddalar o’tadi, shuning uchun biror joyda yiring paydo bo’lsa, darhol uni yo’qotish chorasini ko’rish lozim.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz