YILNOMA
YILNOMA, solnoma — tarixiy asar. Yilnoma, odatda, tarixiy voqealarning bevosita ishtirokchisi yoki guvohi bo’lgan qalam axli tomonidan yoziladi. Yilnoma muallifi muarrix (tarixchi) deb nomlangan. Yilnoma yozish Sharq mamlakatlarida qadimdan mavjud bo’lib, 8-asrdan boshlab hijriy yil hisobi tarixning boshlanishi sifatida qabul qilingan. Hijriy yil 2 xil usulda hisoblanadi. Oy kunlari asosida hisoblansa — “hijriy qamariy”, quyosh kunlari asosida hisoblansa — “hijriy shamsiy” nomi bilan yuritiladi. Qamariy yil 354 kun, shamsiy yil 365 kundir. Bayon qilinayotgan voqea qaysi yilda sodir bo’lgani, ya’ni qamariy yil yoki shamsiy yil ekani Yilnomada ta’kidlanadi. Arab va Eron Yilnoma (solnoma)chilari Arab yozuvi qabul qilingan vaqtdanoq voqealarning yilma-yil bayonini yoza boshlaganlar. 17-19-asrlarda yaratilgan Yilnomalarning mualliflari hukmron doiralarning faoliyatini, maqsad va manfaatlarini nazarda tutib ish ko’rganlar. Tarixiy hujjatlarning moxiyati, sabablari, odatda, ilohiy kuchlarga bog’lab izoxlangan. Yilnomalar uslub jihatdan har xil — ba’zilari tantanavor, ba’zilari soddaroq bo’ladi. Mas, Boburning “Boburnoma”, Mirxondning “Ravzat Us-safo” (“soflik bog’i”), Abul-G’oziy Bahodirxonning “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima”, Munis Xorazmiy va Ogahiynnng “Firdavs ul-Iqbol” asarlari Yilnomaning eng yaxshi namunalaridir.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz