YIL FASLLARI



YIL FASLLARI — bahor, yoz, kuz, qish. Yil fasllarining almashinishi yer aylanish o’qining orbita (yerning Quyosh atrofida aylanish yo’li) tekisligiga nisbatan og’ishganligi (66°33′) sabab bo’ladi. Yer Quyosh tevaragida aylanganda Yer o’qining yo’nalishi o’zgarmaydi. Shu sababli yer Quyosh atrofida aylanar ekan bir shimoliy qutb, bir Janubiy qutb Quyoshga qarab qoladi. Shimoliy qutb Quyoshga ro’para bo’lganda shimoliy yarim shar ko’proq isiydi, Janubiy qutb Quyoshga ro’para kelganda esa Janubiy yarim shar ko’proq isiydi. Shundan yil fasllari almashinadi. Shimoliy yarim sharda bahor faslining boshlanishi deb — Quyoshning bahorgi kun-tun tengligi nuqtasidan o’tish vaqti (21-22 mart); yoz faslining boshlanishi deb Quyoshning yozgi turish nuqtasidan o’tishi (21 -22 iyun); kuz faslining boshlanishi deb — Queshning kuzgi teng kunlik nuqtasidan o’tishi (23 sentabr) va qishning boshlanishi deb — Quyoshning kishki turish nuqtasidan o’tishi (21-22 dekabr) kunlari qabul qilingan. Janubiy yarim sharda bularning aksi bo’ladi. Yil fasllari bir-biridan yer yuzining hamma joyida ham farq qila bermaydi. Masalan, ekvator yaqinida havo doim bir xil bo’ladi. Bu o’lkalarga ikki tomondan tutashgan joylarda (ekvator yoni o’lkalarda) yil 2 faslga bo’linadi: qurg’oqchil va seryomg’ir fasl. O’zbekiston joylashgan kengliklarda esa bahor va kuz fasllari qisqaroq (2 oy atrofida), yoz fasli uzun (5 oy chamasi) bo’ladi. Qutbiy o’lkalarda, aksincha, yoz juda qisqa, qish uzoq davom etadi. Yil fasllarining astronomik uzunligi: bahorniki 92,8 sutka, yozniki 93,6 sutka, kuzniki 89,8 sutka va qishniki 89,0 sutka, biroq turli zonalarda Yil fasllarining uzunligi turlicha bo’ladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz