YEVROPA XAVFSIZLIK VA HAMKORLIK TASHKILOTI
YEVROPA XAVFSIZLIK VA HAMKORLIK TASHKILOTI (EXHT) -davlatlar o’rtasida xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtiruvchi va ularning rivojlanish tamoyillarini belgilab beruvchi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni demokratlashtirishga ko’maklashuvchi xalqaro tashkilot. Dastlab umum Yevropa kengashi (AQSh va Kanada ishtirokida) sifatida faoliyat ko’rsatib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha kengash nomi bilan atalgan (1973-91). 1973 yil 3-7 iyulda Xelsinki shahrida kengashning 1 – bosqich (Yevropadagi 33 davlat tashki ishlar vazirlari ishtirokida), 1973 yil 18 sentabrdan 1975 yil 21 iyuligacha Jeneva shahrida 2-bosqich (35 davlat vakillari ishtirokida) va 1975 yil 30 iyuldan 1 avgustgacha Xelsinki shahrida 3-bosqich (35 mamlakat siyosiy va davlat rahbarlari ishtirokida) uchrashuvlari bo’lgan. Pirovardida yakunlovchi hujjat qabul qilinib, u Yevropada tinchlikni ta’minlashning muqim omiliga aylangan. Kengashning Madrid konferentsiyasi (1991 yil aprel)da EXHT Parlament assambleyasini tashkil etishga qaror qilindi (1991 yil iyulda ta’sis etilgan). Yevropada yuz bergan jarayonlar, “sovuq urush”ning tugashi natijasida vujudga kelgan o’zgarishlar kengashning tashkilot sifatida to’liq shakllanishiga olib keldi. EXHTga 54 davlat a’zo (2002 yil yanvar). Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari 2 yilda bir marta oliy darajada uchrashuv o’tkazadilar. EXHTning Istanbul shahrida bo’lgan sammitida (1999 yil 18-19 noyabr) Yevropada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning 21-asrdagi yangi tamoyillari belgilandi. Tashkilotga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari har yili uchrashib turadilar (Vazirlar kengashi). Tashkilotning yana bir organi — boshqaruvchi kengash har yili 3 marta Praga shahrida yig’iladi, bir marta iqtisodiy forum o’tkazadi. Muntazam ishlovchi doimiy kengashning majlislari haftada 1 marta bo’ladi. Xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash, qurollanish ustidan nazorat masalalarini muhokama qiluvchi xavfsizlik bo’yicha hamkorlik forumi mavjud. Uning majlislari ham har qaftada o’tadi. EXHT qarorgohi Vena shahrida. O’zbekiston 1992 yil 30 yanvarda EXHTga qabul qilindi. Bu bilan O’zbekistonning Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSh, Kanada bilan har tomonlama hamkorlik qilishiga yangi yo’l ochildi. EXHTning ko’plab tadbirlari orqali O’zbekiston rahbariyati xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni, dunyoning dolzarb masalalariga munosabatini jahon ham-jamiyati e’tiboriga havola qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov EXHTning Lissabon sammitida (1996 yil dekabr) mojarolar yuz berib turgan hududlarga yashirincha qurol-yarog’ yetkazib berishni to’xtatish, Istanbul sammitida (1999 yil noyabr) terrorizmga qarshi kurash bo’yicha xalqaro markaz tuzish haqida taklif bilan chiqdi. O’zbekiston EXHT rahnamoligidagi ko’plab anjumanlarga mezbonlik qilib keladi. Toshkentda EXHTning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo’yicha byurosi ish olib boradi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz