Yevgeniy Prigojin
Yevgeniy Viktorovich Prigojin (ruscha: Евге́ний Ви́кторович Приго́жин; 1961-yil 1-iyun — 2023-yil 23-avgustda vafot etgan deb eʼlon qilindi) — rossiyalik oligarx, yollanma askarlardan iborat shaxsiy armiya qoʻmondoni, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq ishonchli yaqin kishisi (Vagner guruhi isyonigacha). Laqabi — „
Putinning oshpazi “. Unga bu laqabni Kremlga xizmat koʻrsatadigan restoranlar va ovqatlanish shaxobchalarini boshqargani uchun qoʻyishgan. Oʻtmishda SSSRda qamoqda boʻlgan Prigojin hozirda nufuzli kompaniyalar tarmogʻi — Rossiya hukumati tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi „Vagner Group“ kompaniyasi hamda 2016 va 2018-yillardagi AQSh saylovlariga aralashganlikda ayblangan uchta kompaniyanining xoʻjayinidir. Bellingcat, The Insider va Der Spiegel nashrlari tomonidan 2022-yilda o‘tkazilgan soʻrovga ko‘ra, Prigojinning faoliyati Rossiya Mudofaa vazirligi va uning razvedka bo‘limi GRU bilan chambarchas bog‘liqdir.
Bir necha yilar davomida Vagner guruhi bilan aloqalari borligini inkor etgan. 2022-yil 26-sentyabrda esa guruhning asoschisi ekanligini tan olgan. Uning taʼkidlashicha, guruh 2014-yil may oyida Donbasdagi urushda Rossiya kuchlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilgan. Prigojinning bu iqroriga Mari El qamoqxonasida hibsda saqlangan mahbuslarni guruh tarkibiga yollagani, agar-da ular Vagner tarkibida olti oy xizmat qilsalar, ularga ozodlik vaʼda qilgani koʻrsatilgan video sabab boʻlgan.
Prigojin uzoq vaqt davomida Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvidagi rolini rad etib kelgan. 2022-yil noyabr oyida esa bu operatsiyalardagi ishtirokini tan olib, bu kabi harakatlarini davom etishini taʼkidlagan. 2023-yil fevral oyida esa rus propagandasi bilan shugʻullangan Internet tadqiqot agentligining asoschisi ekanligini hamda uzoq vaqtdan beri uning bosh boshqaruvchisi bo‘lganini maʼlum qilgandi.
Kompaniyalari va sheriklari Qoʻshma Shtatlarda iqtisodiy sanksiyalar va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Buyuk Britaniya tomonidan kiritilgan sanksiyalar qatorida uning ham ismi bor.
FQB Prigojinni hibsga olishga yordami tegadigan maʼlumotlar uchun 250 ming dollargacha mukofot vaʼda qilgan. 2020-yil oktabr oyida Yevropa Ittifoqi (YeI) Prigojinga Liviyadagi Vagner guruhi faoliyatini moliyalashtirgani sababi ortidan sanksiyalar kiritdi. 2022-yilning aprelida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidagi ishtiroki tufayli YeI tomonidan yangi sanksiyalar ostida qoladi.
2023-yil 23-iyunda Prigojin rus harbiy rahbariyatiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi va Moskvaga yurish oldidan oʻz kuchlarini Rossiyaga olib kirishini, Rostov-Donni egallamoqchiligini eʼlon qiladi. Unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, biroq o‘sha kuniyoq bekor qilindi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning soʻzlariga koʻra, Prigojin oʻzi boshlagan isyonni muzokaralar yoʻli bilan hal qilish uchun — A. Lukashenko bilan gaplashib olish maqsadida Belarusga borgan.
Tarjimai holi
Kelib chiqishi
1961-yil 1-iyunda Leningradda (hozirgi Sankt-Peterburg) tugʻilgan. 1977-yilda 62-sonli sport maktab-internatini (hozirgi 1-sonli olimpiya zaxiralari kolleji) tamomlagan. Changʻi sporti bilan shugʻullangan. Mashgʻulotlarni oʻgay otasi — changʻi sporti boʻyicha murabbiy Samuil Fridmanovich Jarkoy bilan olib borgan.
1979-yil 29-noyabrda Leningrad shahar Kuybishev sudi Y.V. Prigojinni RSFSR Jinoyat kodeksining 15-va 144-moddasi 2-qismi (oʻgʻirlik) bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. 1981-yilda esa Leningradning Jdanovskiy sudi tomonidan RSFSR Jinoyat kodeksining o‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik va voyaga yetmagan shaxsni jinoiy faoliyatga jalb qilish bilan bogʻliq moddalariga binoan aybdor deb topilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qildi. 1988-yilda afv etilgan va 1990-yilda koloniyani tark etgan.
RBKning 2016-yilgi maʼlumotlariga koʻra Y. V. Prigojin Leningrad kimyo va farmatsevtika institutinining farmatsevtika fakultetini tamomlagan. Biroq Prigojinning oʻzi 2018-yilda „Gorod 812“ portaliga bergan intervyusida institutda oʻqishni tugatmaganligini aytgan.
Tadbirkorlik faoliyati
Prigojin 1990-yili Leningradda hot-dog savdosi tarmog'ini tashkil etadi. 1993-yilda esa „Kontrast“ supermarketlar tarmogʻining boshqaruvchisiga aylanadi. 1995-yilga kelib tarmoqdagi doʻkonlar soni 10taga yetdi. 1995-yilda Prigojin Vasilevskiy orolida „Vinniy klub“ nomli bar-doʻkonini ochadi.
1996-yil dekabr oyida hamkorlari bilan birgalikda Rossiya Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti binosida (Sankt-Peterburgda) „Staraya tamojnya“ nomli elita restoranini ochgan. Investitsiya qilingan 350 000 dollar besh oy ichida o‘zini oqlaydi va yil oxiriga kelib, dastlabki million dollarini ishlab topgan. 1996-yilda „Concord catering“ nomli umumiy ovqatlanish kompaniyasini ochdi.
1998-yil bahorida Prigojin „New Island“ restoraga asos soldi. Restoran moliyaviy va siyosiy elitaning doimiy maskaniga aylandi. 1999-yilning yozida u yerda Sergey Stepashin va XVF boshqaruvchi direktori Mishel Kamdessus uchrashishdi.
2001-yilda „New Island“ restoranida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya prezidenti Jak Shirak bilan birgalikda ovqatlandi.
2002-yil may oyida Vladimir Putin shu restoranda Jorj Bushni qabul qildi.
2003-yil kuzida Putin tugʻilgan kunini „New Island“ restoranida nishonladi.
2002-yildan 2012-yilgacha Prigojin „Blin! Donalds“ fastfud tarmogʻiga eʼtibor qaratgan. 2003-yilda restoranlardan birining ochilishida Sankt-Peterburg gubernatori Vladimir Yakovlev va Chili prezidenti Rikardo Lagos ishtirok etdi. 2011-yilda tarmoqning sakkizta restoranidan oxirgisi yopildi.
2000-yillardan boshlab u qurilish loyihalarida ishtirok eta boshlagan.
2010-yildan beri Prigojinning rafiqasiga tegishli kompaniya „Bratya Yeliseyevi“ savdo markazi binosini ijaraga olgan. 2016-yilning yozida kompaniya binoni 740 million rublga xususiylashtirish huquqini qoʻlga kiritdi. Laxta tumanida Concord kompaniyasi 18-19-asrlar Sankt-Peterburg arxitekturasi uslubida 45 ta uch qavatli uydan iborat „Severniy Versal“ turar joy majmuasini qurdi. 2016-yilda „Fontanka.ru“ nashri majmua qoʻshimcha ravishda 7,5 gektar maydonni noqonuniy chegaralab olish bilan Laxtinskiy koʻliga oʻtuvchi yoʻlni toʻsib qoʻyganini yozdi.
2008-yilda Yevgeniy Prigojin kompaniyasi Sankt-Peterburgning 300 yilligi parki yonidan Primorskiy chorrahasida suv turizmi markazini qurish uchun joy oldi. 2011-yilda kompaniya shahar hokimiyatiga sudga berib, yer ajratishning kechiktirilishini noqonuniy deb topishni talab qilgan. 2012-yilda uchinchi instantsiya sudi investorning haq ekanligini tasdiqladi. 2016-yil mart oyiga qadar kompaniya umumiy maydoni 41,9 ming m² boʻlgan oltita turar-joy binolaridan iborat „Laxta Plaza“ majmuasini qurdi. 2011-yilda Concord taxminan 56 000 m² maydonga ega tibbiy reabilitatsiya markazi qurishga ruxsat oldi. 2015-yilda kompaniya tomonidan 490 xonadonga mo‘ljallangan 18 ta uch qavatli bino, 60 ta uch qavatli kotej, fitnes zonasi, SPA markazi va restoran foydalanishga topshirildi.
2015-yil iyul oyida „RBK“ 2014-yil oxiridan 2015-yil oʻrtalarigacha boʻlgan davrda Concord Mudofaa vazirligi kazarmalari va taʼlim muassasalarini tozalash uchun 10,3 milliard rubllik tenderlarda gʻolib chiqqanligini yozdi. Prigojin bilan bogʻliq boʻlgan „Megaline“ kompaniyasi 3,3 milliard rubllik shartnoma tuzdi va 2015-yilning sentyabr oyidan beri Belgorod viloyatining Valuyki shahrida harbiy baza qurmoqda. Xuddi shu kompaniya Omsk viloyatining Svetliy qishlogʻida 161,6 million rublga yengil konstruksiyali harbiy lager uchun tenderda gʻolib chiqdi.
2015-yilning kuzida Concordga aloqador boʻlgan bir qator kompaniyalar Mudofaa vazirligi sho‘ba korxonasi tomonidan oʻtkazilgan tenderlarda g‘olib chiqdi. Shartnomaga koʻra, kompaniyalar Moskva, Bryansk va Tver viloyatlaridagi harbiy lagerlarning uy joy kommunal xizmatlarini 26 milliard rublga oʻz zimmalariga olishlari kerak. 2015-yilda Yevgeniy Prigojin bilan bogʻliq boʻlgan barcha kompaniyalar, RBK maʼlumotlariga koʻra, Mudofaa vazirligidan umumiy ovqatlanish, tozalash va qurilish xizmatlari uchun jami qiymati 68,6 milliard rubl boʻlgan shartnomalar imzolagan. 2018-yilda Vladimir Putin jurnalistlar (NBC telekanali muxbiri Megin Kelli va ORF muxbiri Armin Vulf)ga bergan intervyusida Prigojin bilan shaxsan tanishligini tasdiqladi. 2019-yil 30-oktyabrda Yevgeniy Prigojinning asosiy aktivi — „Concord“ oziq-ovqat kombinati Prigojin va 27 yoshli Tomsklik advokat Yekaterina Roslikova o‘rtasida teng ikkiga bo‘lingan.
Ommaviy axborot vositalari va tashviqot sohasidagi faoliyat
Prigojinning faoliyati „Gazeti o Gazetax“ faoliyati bilan bogʻliq boʻlib, uning xodimlari 2012—2013-yillarda „media bozorini yolgʻon axborotdan tozalash va korrupsion ommaviy axborot vositalarini fosh qilishga hissa qoʻshish“ bilan shugʻullangan. Bu jarayon oʻz xodimlarini nashrlarga tanishtirishga urinishlar orqali boshlandi va keyinchalik reklama huquqi asosida ilgari joylashtirilgan soxta intervyularning nashr etilishi sababli ularga nisbatan sudga daʼvo qoʻzgʻatish orqali amalga oshirildi. Forbesga qarshi qaratilgan jarayonlardan biri NTVning „Favqulodda vaziyat“ dasturida yoritilgan.
Prigojin firmalarining xodimlari 2012-yilda boʻlajak harakatlar va norozilik yetakchilari haqida maʼlumot, shuningdek „Anatomiya protesta“ hujjatli filmi uchun materiallar toʻplash maqsadida bir qator norozilik namoyishchilarini va qorovullarni oziq-ovqat bilan taʼminlagan. Prigojin oʻzining „Glavset“ kompaniyasi bilan aloqador boʻlgan „Anatomiya protesta“ va „fabriki troley“ siyosiy muxolifat haqidagi tanqidiy hujjatli filmning tashabbuskorlaridan biri.
2013-yilning sentyabr oyida ommaviy axborot vositalari Sankt-Peterburgning Savushkina koʻchasi, 55-uyda joylashgan „Internet tadqiqot agentligi“ning mavjudligidan xabardor boʻldi. Agentlikning xodimlari xodimlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda hukumatparast va muxolifatchilarga qarshi postlar, sharhlar joylashtirish bilan shugʻullangan. 2014-yil may oyida „Anonimniy internatsional“ xakerlar guruhi tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra moliyalashtirish Yevgeniy Prigojin tuzilmalari tomonidan amalga oshirilgan.
Keyingi yillarda bir necha sobiq xodimlar agentlikdagi ish haqida ommaviy axborot vositalariga intervyu berishdi. Ular ishchilarning asosiy vazifalari turli veb-saytlar va forumlarda hukumatparastlarga qarshi postlar va sharhlar yozish va joylashtirish, muxolifat arboblarini obroʻsizlantirish ekanligini tasdiqladilar. Sobiq xodimning soʻzlariga koʻra, agentlik 12 soatlik ish smenalari asosida kechayu kunduz ishlagan. Har bir xodimning daromadi oyiga 40 000 rublni tashkil etgan.
AQSh Adliya vazirligi agentlikni Amerika siyosiy hayotiga, jumladan, 2014-yildan boshlangan AQSh prezidentlik saylovlariga aralashishda aybladi. Ayblov xulosasida aytilishicha, agentlik xodimlari muntazam ravishda AQShga tashrif buyurib, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon maʼlumotlar chop etgan, siyosiy reklamalar joylashtirgan va Donald Trump kampaniyasi aʼzolari bilan aloqada boʻlgan.
„RBK“ jurnalining 2017-yil iyun oyida o‘tkazgan surishtiruviga ko‘ra, Yevgeniy Prigojin mamlakat hokimiyatidagi muhim pozitsiyani egallagan yirik mediaxoldinglardan birini yaratish va moliyalashtirish ortida turgan bo‘lishi mumkin. 2014-yilning may–iyun oylarida „Federal axborot agentligi“ ishga tushdi. U oxir-oqibat „Mediafabrika“ deb nomlanuvchi 16 ta axborot saytidan iborat tarmoqqa aylandi. Concord kompaniyasining matbuot xizmati Prigojin va ushbu onlayn nashrlar oʻrtasidagi har qanday aloqani rad etdi. 2017-yil fevral oyiga kelib nashrlarning oylik auditoriyasi 36 million kishiga yetib, RIA Novosti va „Komsomolskaya pravda“ koʻrsatkichlaridan oshib ketdi. Oʻsha paytda „Medialogiya“ monitoring tizimi Federal axborot agentligini Rossiya ommaviy axborot vositalari orasida eng koʻp tilga olingan nashrlar orasida yettinchi oʻringa qoʻydi. Xodimlarning umumiy soni 225-250 kishini tashkil etadi. 2019-yilning bahorida FAN ichida sharhlar boʻlimi paydo boʻldi.
2019-yil 4-oktyabrda „Otkritie media“, „Federalnoe agentstvo novostey“, „Narodnye Novosti“, „Ekonomika Segodnya“ va „Politika Segodnya“ nashrlarining bir qismini o‘z ichiga olgan „Patriot“ mediashirkati tashkil etilganini eʼlon qildi. Bu vaqtga kelib, nashrlarning oylik auditoriyasi: 15, 4,4, 3,8 va 0,3 million oʻquvchini tashkil etgan. Yuridik shaxslarning yagona davlat reestriga koʻra, 2018-yilda barcha toʻrtta nashrning umumiy daromadi taxminan 300 million rublni tashkil etdi. Vasiylik kengashini Yevgeniy Prigojin boshqargan. Mediashirkat manzili „Concord management and consulting“ kompaniyasi tomonidan qurib bitkazilgan „Laxta Plaza“ biznes-klass turar-joy majmuasida joylashgan. Shirkatni tashkil etishdan maqsad „mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan qulay axborot makonini yaratish, salbiy maʼlumotlarni targʻib qiluvchi va sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarni sezmaydigan ommaviy axborot vositalariga qarshi kurashgan holda Rossiyada sodir boʻlayotgan voqealar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni mamlakat hududida maksimal darajada tarqatish“dir. Tuzilmani 2018-yilda tugatilgan kremlparast „Yosh Rossiya“ partiyasi rahbari, Milliy qadriyatlarni himoya qilish jamg‘armasi advokati, 35 yoshli Nikolay Stolyarchuk boshqargan. Mediashirkatdagi ishchilar soni 400 kishini tashkil etdi.
„The Bell“ maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda Prigojin „Ribar“ telegram kanalini moliyalashtirgan. Kanal 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi paytida urush tarafdori sifatida tanildi.
2022-yil mart oyida Prigojinning baʼzi xodimlari „Readovka“ onlayn nashrida faoliyat yurita boshladi.
U „Rjev“, „Shugaley“, „Shugaley-2“, „Turist“, „Granit“ va „Luchshe v adu“ filmlarining chiqarilishiga homiylik qilgan. NTV kanalida bir nechta filmlarning premyerasi boʻlib oʻtdi. Taxminlarga koʻra, Prigojinning puli „Solnepek“ filmini suratga olish uchun ham sarflangan. Prigojinning filmlari davlat televideniyesida namoyish etilgan. Lekin bu filmlarda taniqli aktyorlar ishtirok etishmagan.
Vagner guruhi
„The Bell“ nashrining yozishicha, guruh Yevgeniy Prigojin tomonidan davlat shartnomalaridan olingan daromadlar hisobidan moliyalashtirilgan.
2014–2015 yillarda Vagner xususiy harbiy kompaniyasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi to‘qnashuvlarda qatnashgan. 2015-yil kuzidan beri Vagner Suriya kampaniyasida, xususan, Palmirani ozod qilishda ishtirok etdi. 2017-yil iyun oyida Vagner AQShning sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi.
Vagnerning Markaziy Afrika Respublikasidagi faoliyati boʻyicha kuzatuvni mamlakatda tergov paytida vafot etgan jurnalistlar Orxan Jemal, Aleksandr Rastorguev va Kirill Radchenko amalga oshirdi. Koʻpgina ommaviy axborot vositalari, jamoat arboblari va tashkilotlar (jumladan, Jemalning yaqin doʻsti Maksim Shevchenko) jurnalistlarning oʻlimini ushbu qotillikka oʻzining aloqadorligini rad etayotgan Yevgeniy Prigojinning faoliyati bilan boʻladi. 2019-yilda ʻʻDosyeʼʼ va MBX-Media Vagner guruhining Markaziy Afrika Respublikasidagi faoliyati haqida film tayyorlanayotganini xabar qildi.
2022-yil iyul oyidan boshlab bir qator ommaviy axborot vositalarida Yevgeniy Prigojinga o‘xshash bo‘lgan odamning qamoqxonalarga tashrifi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Tadbirkor mahbuslarga afv, sudlanganlikni olib tashlash, Rossiya pasporti va naqd toʻlovlar (oyiga 100 ming, vafot etgan taqdirda 5 million) evaziga Vagner tarkibida jangovar harakatlarda qatnashishni taklif qildi. Ishga qabul qiluvchilarning tashrifidan soʻng, Tula va Yaroslavl viloyatlaridagi ikkita koloniyadagi mahbuslar Zonatelecom tomonidan taqdim etiladigan tashqi dunyo bilan aloqa qilish xizmatidan mahrum boʻlishdi. 2022-yilning sentyabr oyida Mariy Eldagi 6-sonli qattiq rejimli koloniyada suratga olingan. Prigojinning shaxsan o‘zi mahkumlarni yollashini tasdiqlovchi video paydo boʻldi.
2018-yilda ommaviy axborot vositalarida Yevgeniy Prigojin tuzilmalari Afrika mamlakatlarida oʻz taʼsirini kuchaytirayotgani haqida maʼlumotlar paydo boʻldi. Ular Afrika yetakchilariga xavfsizlikni taʼminlash, qurol-yarogʻ yetkazib berish, tabiiy resurslardan foydalanish va qazib olish huquqi evaziga siyosiy maslahatlar berish orqali yordam berishlari aytilgan. OAV maʼlumotlariga koʻra, Prigojin tuzilmalari qitʼaning oʻnta davlatida faoliyat yuritgan: Jazoir, Liviya, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Efiopiya, Keniya, Madagaskar, Markaziy Afrika Respublikasi, Sudan va Angola. OAV xabarlariga ko‘ra, Prigojin tomonidan yollangan texnologlar 2018-yilda Madagaskar va Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga aralashgan.
2022-yil 26-sentyabrda Concord kompaniyasi matbuot xizmati Yevgeniy Prigojinning Vagner guruhi asoschisi ekanligini tasdiqlovchi maktubini eʼlon qildi. Guruhning tashkil etilgan sanasi sifatida 2014-yil 1-may koʻrsatilgan. Guruhning asosini Donbassga borishni istagan rossiyalik koʻngillilar tashkil etdi. Prigojinning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yillarda u guruh aʼzolaridan birortasini ham fosh qilmaslik uchun Vagner bilan aloqa qilmaslikka harakat qilgan.
Yevgeniy Nujinning oʻldirilishi
2022-yil noyabr oyida Vagnerga aloqador Telegram kanali mahbus Yevgeniy Nujinning qatli aks etgan videoni eʼlon qildi. Videoda Nujin Kiyevdan o‘g‘irlab ketilganini va „hukm qilinishini“ aytadi. Keyin Nujinning boshiga bosqon bilan urilgan. Vagner guruhi egasi Yevgeniy Prigojin qotillik videotasmasini „aʼlo rejissyorlik ishi“ deb atadi va qotillik „adolatli“ ekanligini qoʻshimcha qildi. Keyinchalik Prigojin Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Igor Krasnovga Nujinning oʻldirilish sabablarini tekshirishni soʻrab murojaat qildi. Bayonotga koʻra Nujin Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan yollangan va Vagnerga kirishga sharoit yaratish uchun 27 yilga qamoqqa olingan. Prigojin, shuningdek, ukrainalik harbiy asirlarga nisbatan yomon munosabatda boʻlishni taklif qilgan.
Vagner guruhi markazi
2022-yil oktyabr oyi oxirida unchalik mashxur boʻlmagan telegram kanallarda Sankt-Peterburgda Vagner guruhi markazi tashkil etilishi haqida maʼlumot paydo boʻldi. Keyinchalik, 29—31-oktyabr kunlari Yevgeniy Prigojin oʻzining matbuot xizmati orqali markazning tashkil etilishi haqidagi maʼlumotni tasdiqladi. Uning ochilishi 2022-yil 4-noyabrga belgilanganligini eʼlon qildi. Markaz Sankt-Peterburgning Nevskiy tumanidagi „Morskaya stolitsa“ biznes markazi binosida joylashgan.
Siyosiy faoliyati
Prigojinning soʻzlariga koʻra, 1991-yil avgustdagi davlat toʻntarishi paytida Yevgeniy Prigojin Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi(GKCHP)ning raqibi boʻlgan. U oʻsha kuni maydonga borib, SSSRning tiklanmasligi uchun trolleybuslarni agʻdarib yuborgan.
Ommaviy axborot vositalari Yevgeniy Prigojin va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov o‘rtasida 2021-yilgi parlament saylovlarida Prigojinga raqobat qilishi mumkin boʻlgan nomzodlar saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘ta olmagani sababli mojaro kelib chiqqani haqida yozgan.
2022-yil avgust oyida Prigojin Darya Dugina xotirasi uchun bagʻishlangan marosimda koʻrinish berdi.
2022-yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidagi muvaffaqiyatsizliklar fonida Prigojin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin ustidan tanqidini qoʻllab-quvvatladi.
2022-yil 7-noyabrda Yevgeniy Prigojin AQSh Kongressiga boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlarga aralashayotgani va buni davom ettirishni rejalashtirayotganini eʼlon qildi. AQSh Davlat departamenti spikeri Prigojinning bunday bayonotlarini Putin maʼqullagan boʻlsa kerak, deb taxmin qildi. Prigojin AQSh tomonidan 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga „Internet tadqiqot agentligi“ yordami bilan aralashgani uchun sanksiyaga uchragan. Ijtimoiy tarmoqlarda dezinformatsiya tarqatgan.
2022-yilning kuziga kelib Yevgeniy Prigojin davlat ishlarida tobora koʻproq koʻrinish bera boshladi va Rossiyada oʻz taʼsirini kuchaytirdi.
2022-yil noyabrida Yevgeniy Prigojin 2019-yilda Sankt-Peterburg meri Aleksandr Beglovning saylovoldi kampaniyasiga 2 milliard rublgacha sarmoya kiritganini maʼlum qildi. Beglovning siyosiy raqibi boʻlgan Prigojinning aytishicha mer har doim juda past darajadagi rahbar boʻlgan.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan ziddiyat
Taxminan 2022-yil oxirida Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qila boshladi, harbiy rahbarlarni haqorat qildi, oʻq-dorilar talab qildi va ularni Baxmut uchun janglardagi katta talofatlarda aybladi.
23-iyun kuni tushdan keyin Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyatiga nisbatan jiddiy ayblovlarni iddao qiluvchi uzun intervyu berdi. Intervyuda Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya jamoatchiligi va Vladimir Putinga Ukraina qurolli kuchlarining yaqinlashib kelayotgan hujumi haqida ataylab yolgʻon axborot berganini aytdi. Prigojinning aytishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralarga tayyor boʻlgan, biroq Rossiya rahbariyati „maksimalistik pozitsiyalari“ tufayli muzokaralardan bosh tortgan. Shuningdek, Vagner guruhi asoschisi oligarxlar va Rossiya harbiy rahbariyatini bosib olingan Ukraina hududlaridan mol-mulk olish, yuqori harbiy unvonlar va oʻzini koʻz-koʻz qilish uchun foydalanganlikda aybladi.
Isyon
2023-yil 23-iyun kuni kechqurun Yevgeniy Prigojin rus qoʻshinlari Vagner guruhi qarorgohiga zarba bergani haqida maʼlum qildi. 24-iyun kuni Meduza nashrida Vagner lageriga hujum uyushtirilgani haqida maqola chop etildi. Oʻsha kuni kechqurun Prigojin Mudofaa vazirligi bilan qurolli toʻqnashuv boshlanganini eʼlon qildi. Prigojin matbuot xizmatining telegram kanalida chop etilgan xabarda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri Sergey Shoygudan qasos olishga chaqirilgan. Bundan tashqari, Prigojin navbatdagi murojaatida o‘zining 25 000 kishilik armiyasi mamlakatda nima uchun tartibsizliklar ro‘y berayotganini aniqlab olishini taʼkidladi va barchani armiyaga qo‘shilishga chaqirdi.
Rossiya Milliy antiterror qo‘mitasi — FSB Prigojinning bayonotlari yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 279-moddasi (Isyonga chaqirish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atganini maʼlum qildi. Vladimir Putin davlat telekanallari orqali qilgan murojaatida isyonni „xiyonat“, „vatanga xoinlik“, „orqadan pichoq urish“ deb atadi va isyonchilarning barchasi uchun jazo muqarrarligini aytdi. Yevgeniy Prigojin Vladimir Putinning murojaatiga quyidagicha izoh berdi: „Prezident qattiq xato qildi. Hech kim na Prezident, na FSB va/yoki boshqa birovning iltimosiga binoan taslim boʻlmoqchi emas“.
24-iyunga oʻtar kechasi Vagner jangchilari Rostov-Donga kirib, shaharning asosiy obyektlarini, jumladan, Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi.
Kunning ikkinchi yarmida Voronej viloyati hokimiyati M4 Don federal avtomagistrali boʻylab Voronej tomon transport vositalari harakati haqida xabar berdi. Telegram kanallarda Voronej viloyatidagi Vagner armiyasi va Mudofaa vazirligi oʻrtasidagi janglar haqida maʼlumotlar eʼlon qilindi. Biroz vaqt oʻtgach, Lipetsk viloyatida M4 avtomagistrali boʻylab Moskva tomon harakatlanayotgan Vagner guruhi kolonnasi koʻrindi.
Belarus prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, 24-iyun kuni kechqurun Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Vladimir Putin bilan kelishgan holda Yevgeniy Prigojin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Prigojin Lukashenkoning Vagner karvonining Rossiya boʻylab harakatlanishini toʻxtatish taklifini qabul qildi. Biroz vaqt oʻtgach yollanma askarlar qarorgohlariga qaytib ketishgan. Kelishuv natijasida Yevgeniy Prigojin Belorussiyaga jo‘nab ketdi, Rossiya hukumatining barcha daʼvolari, shu jumladan unga nisbatan ochilgan jinoiy ish olib tashlanadi.
Oilasi
Bobosi — Yevgeniy Ilich Prigojin (1911–1992) — sovet muhandisi, 1941—1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, kapitan. U ishtirok etgan Rjev jangi haqida „Rjev“ filmi suratga olingan.
Bobosining ukasi — Yefim Ilich Prigojin (1914–1999) uran ishlab chiqarish bilan shugʻullangan olim.
Otasi — Viktor Yevgeniyevich Prigojin (1935 — 19?) erta vafot etgan. Bobosi (onasi tarafdan) — Kir Semyonovich Xoxlov Ulugʻ Vatan urushi yillarida frontdan uzoqda joylashgan havo hujumidan mudofaa boʻlinmalarida xizmat qilgan. Onasi — Violetta Kirovna Prigojina. 1939-yilda tugʻilgan. Kasalxonada ishlagan. Tibbiyot fanlari nomzodi, yuqumli kasalliklar boʻyicha kitob muallifi. „Kraski jizni“ xayriya jamgʻarmasi asoschisi. Prigojin onasiga koʻrgazmalar tashkil etishga yordam beradi.
Oʻgay otasi — Samuil Fridmanovich Jarkoy. 1932-yilda tugʻilgan. Changʻi sporti boʻyicha murabbiy. Keyinchalik tadbirkorlik qilgan.
Xotini — Lyubov Valentinovna Prigojina. Oʻgʻli Pavel, qizlari Polina va Veronika. Pavel ilgari onasi Lyubov Valentinovna Prigojinaga tegishli boʻlgan beshta kompaniyaga egalik qilgan: „Beta“ MChJ, „Turstatus“, „Laxta Park Premium“ MChJ, „Laxta Park“ MChJ va „Laxta Plaza“ MChJ.
Yevgeniy Prigojinning soʻzlariga koʻra, uning oʻgʻli Pavel Rossiya armiyasida harbiy xizmatni tugatgan va bir oy oʻtgach, 2022-yilning sentyabr oyida Vagner guruhi tarkibida Suriyaga ketgan.
Kitobi
2003-yilda Yevgeniy Prigojin farzandlari Pavel va Polina bilan birgalikda „Indraguzik“ ertaklar kitobini yozdi va uni 1000 nusxada nashr ettirdi. Kitob sotilmagan. Faqat oliy martabali mehmonlar va mashhur shaxslarga sovg‘a sifatida taqdim etilgan.
Ayblov va sanksiyalar
Davlat shartnomalaridagi korrupsion holat bilan bogʻliq daʼvolar
2017-yil may oyida Federal Monopoliyaga qarshi Xizmat Prigojin bilan bogʻliq kompaniyalar Mudofaa vazirligining 1,8 milliard rubllik shartnomalari boʻyicha kartel tashkil qilganini va monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganligini taʼkidladi .
2017-yil 8-noyabrda FAS misli koʻrilmagan qadam tashladi va barcha 5 kompaniyani maʼmuriy javobgarlikdan ozod qildi.
„Yabloko“ partiyasi 2017-yil iyun oyida Moskva maktablarida 2019-yilgacha bo‘lgan davrda bolalarni ovqatlantirish bo‘yicha tenderlarda gʻolib boʻlgan olti kompaniyadan beshtasi Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liqligini da‘vo qildi. Taxminan 50 milliard rubl miqdoridagi umumiy summaning 94 foizini ushbu kompaniyalar hissasiga toʻgʻri keladi.
2018-yil dekabr oyida Prigojin bilan bogʻliq kompaniyalar Sankt-Peterburgdagi 35,7 milliard rubl qiymatidagi sud binosini qurish uchun subpudratchilar sifatida tendersiz tanlangani maʼlum boʻldi.
„Nastoyashye vremya“ telekanali bergan maʼlumotlarga koʻra 2011-yildan Prigojinga tegishli boʻlgan kompaniyalar Mudofaa vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi muassasalarini, shuningdek, maktablar va bolalar bogʻchalarini oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha umumiy qiymati 209 milliard rubllik kamida 5393 ta davlat shartnomalarini imzolagan. Avvalroq „The Bell“ 2014-yildan 2019-yilgacha boʻlgan davrda Rossiya armiyasi uchun oziq-ovqat yetkazib berish, xodimlarni xavfsizligini saqlash va qurilish boʻyicha olingan davlat shartnomalari miqdorini 149,8 milliard rublga baholagan. Ammo Prigojin bu maʼlumotni inkor etgan.
2022-yil 29-dekabrda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni oʻrganish markazi Yevgeniy Prigojinni uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya yoʻnalishida „yil odami“ deb atadi.
Yandexga qarshi daʼvo
2016-yil iyun oyida Sankt-Peterburgning Kuybishevskiy tuman sudi Yevgeniy Prigojinning Yandexga qarshi daʼvosini koʻrib chiqish jarayonini boshladi. Arizachi qidiruv tizimidan 22 ta nashrga havolalarni, shu jumladan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi, „Fontanki.ru“ va „Novaya gazeta“ Internet tadqiqot agentligi materiallarini olib tashlashni talab qildi. Sud jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi Streisand effektiga olib keldi. Keyinchalik Prigojin daʼvosini qaytarib oldi.
2022-yil iyul oyida Yandex Yevgeniy Prigojin bilan bogʻliq qidiruv natijalarini, jumladan, uning yoshligidagi jinoiy faoliyati bilan aloqasi boʻyicha tergovlar haqidagi qidiruvni cheklab qoʻydi. Havolalar ham qidiruv tizimidan olib tashlandi. Lekin qidiruv tizimining bosh sahifasida „Nevskim novostyam“ RIA Federal axborot agentligining Prigojin bilan intervyusi koʻrsatilgan.
Bellingcat bilan sud jarayoni
2022-yil fevral oyida Prigojin Moskvaning Gagarinskiy tuman sudiga, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Bellingcat guruhiga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Vagner guruhi bilan aloqalari haqidagi maʼlumotlarni oʻchirishni talab qildi. May oyida London sudi Prigojinning daʼvosini rad etdi. Chunki u bilan birga ishlagan advokatlar obroʻsiga putur yetkazishi mumkinligi sababli sudda uning himoyasini davom ettirishdan bosh tortdi. 3-iyun kuni Moskvaning Gagarinskiy sudi daʼvoni qanoatlantirdi. Avgust oyida Bloomberg agentligi Prigojinning London Oliy sudiga „hayajonli maktub“ yuborgani ularda Buyuk Britaniyadagi sudlarning mustaqilligiga shubha tug‘dirganini xabar qildi.
Maktablarga sifatsiz mahsulotlar yetkazib berish bilan bogʻliq ayblov
2018-yil dekabr oyida Moskva janubi-sharqiy maʼmuriy okrugi bolalar bogʻchalarida shigelloz kasalligi aniqlandi. Shartnomalarga koʻra, janubi-sharqiy maʼmuriy okrugining maktabgacha taʼlim muassasalariga ovqatlar Yevgeniy Prigojinga tegishli boʻlgan Concord oziq-ovqat zavodi tomonidan yetkazib berilgan.
Kasallikning aniqlanishi, infeksiyaning manbai va tergov jarayoni haqidagi maʼlumotlar Rospotrebnadzor tomonidan taqdim etilganidan soʻng 29—31-dekabr kunlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi. Kasallikka sabab sifatida „Chapliginmoloko“ kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan past sifatli sut mahsulotlari koʻrsatilgan.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, 17-fevral kuni FBK advokati Lyubov Sobol bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Prigojin tuzilmalari xodimlarining 2019-yil iyul oyida eʼlon qilingan yozishmalariga koʻra, Prigojinning Aleksey Navalniy bilan uchrashuvi haqidagi maʼlumotlar ishonchli emas va Yevgeniy Prigojinning oʻzi bu xabarni tayyorlashda bevosita ishtirok etgan.
31-oktyabr kuni Moskvaning Meshchanskiy sudi Concordga 2019-yil qishda Moskva maktablari va bog‘chalarida dizenteriya bilan kasallangan bolalarning ota-onalariga tovon puli to‘lash topshirigʻini berdi.
Xuddi shu oyda Prigojin Korrupsiyaga qarshi kurash jamgʻarmasiga qarshi sudda gʻalaba qozondi. Unga koʻra FBK, Aleksey Navalniy va fond advokati Lyubov Sobol jami 88 million rubl toʻlaydigan boʻldi. Boy berilgan daʼvo tufayli Navalniy 2020-yil iyul oyida FBK yopilishi va yangi yuridik shaxs — Huquqni himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etilishini eʼlon qildi.
Xorijiy davlatlarning sanksiyalari
2016-yil 20-dekabrda Yevgeniy Prigojin Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli AQSh tomonidan kiritilgan sanksiyalar roʻyxatidan joy oldi. Prigojin ushbu qarorni sharhlar ekan uning ishi Yevropa va AQSh bilan boʻliq emasligi sababli sanksiyalarga befarq ekanini aytdi. 2017-yil iyun oyida sanksiyalarning kengaytirilgan roʻyxatiga Prigojinga tegishli bir nechta kompaniyalar kiritildi. 2018-yil 16-fevralda AQSh prokurori Robert Myuller Yevgeniy Prigojin va yana 12 nafar Rossiya fuqarolarini AQSh prezidentlik saylovlariga aralashganlikda aybladi.
2018-yil dekabr oyida AQSh moliya vazirligi Yevgeniy Prigojin va „Concord management and consulting“ bilan aloqalari uchun RIA FAN (Federal axborot agentligi)ga qarshi sanksiyalar kiritdi.
2020-yil iyul oyida AQSh moliya vazirligi Prigojin bilan aloqadorlikda ayblab uch nafar rossiyalik shaxs, Rossiya, Sudan, Xitoy va Gonkongning beshta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Sanksiyalar AQShdagi saylovlar va Ukraina ishlariga aralashganlik va noqonuniy kiberfaoliyat uchun joriy qilingan.
2020-yilning sentyabr oyida AQSh moliya vazirligi Rossiya, Finlandiya va Markaziy Afrika Respublikasidan yettita tashkilot hamda tadbirkor Yevgeniy Prigojin bilan aloqador bo‘lgan va uning nomidan MARda ish olib borayotgan Rossiya Federatsiyasining sakkiz nafar fuqarosiga qarshi sanksiya joriy qildi.
2020-yil oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi Prigojinning Liviyada faoliyat yurituvchi Vagner guruhi bilan yaqin aloqalari uchun shaxsiy sanksiyalar kiritdi. 2022-yil iyun oyida Yevropa umumiy yurisdiksiya sudi Prigojinning unga qarshi sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi qarori ustidan shikoyatini rad etdi.
2018-yil fevral oyida Kolumbiya (AQSh) okrug sudi Prigojinni hibsga olish to‘g‘risida buyruq chiqardi. 2020-yilning yozida FQB Prigojinni qidiruvga bergan. 2021-yilning fevralida uning hibsga olinishiga yordam beradigan maʼlumot uchun 250 000 AQSh dollari qiymatidagi pul mukofoti vaʼda qilgan.
2022-yil fevral oyida Avstraliya Prigojinga qarshi shaxsiy sanksiyalar kiritdi.
2022-yil mart oyida Qoʻshma Shtatlar Prigojin, uning rafiqasi, ikki farzandi, onasi va uchta kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Shunga oʻxshash sanksiyalar 2022-yil 24-fevralda Yangi Zelandiya tomonidan kiritilgan edi.
2022-yil 21-aprelda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida Prigojin Yevropa Ittifoqidagi barcha davlatlarining kengaytirilgan sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.
2022-yil 3-martda Yevropa Ittifoqi Prigojinning oʻgʻli Pavelga qarshi shaxsiy sanksiyalar kiritdi.
Samolyot halokati
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Prigojin 2023-yil 23-avgust kuni samolyot halokatida vafot etgan. Samolyot Moskvadan Sankt-Peterburgga uchayotgan edi. Samolyot bortidagi 10 kishining barchasi halok boʻlgan.
Xabar qilinishicha, Vagner bilan bogʻliq telegram kanali samolyot Tver viloyatida Rossiya havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilganini daʼvo qilgan.
Mukofotlari
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org