Yesli xochesh ostatsya




Yesli xochesh ostatsya “ (ruscha: Если хочешь остаться, yaʼni „Qolishni xohlasang“) — „Diskoteka avariya“ rus guruhi ijro etgan qoʻshiq. 2005-yil eʼlon qilingan. Guruhning 2006-yil chiqarilgan „Chetvero parney“ nomli studiyaviy albomiga yettinchi trek oʻlaroq kiritilgan. Qoʻshiqning kuyini ham, matnini ham guruh aʼzosi Aleksey Rijov yozgan. Guruh repertuaridagi oz sonli hazilomuz boʻlmagan qoʻshiqlarning biri.

2005-yil guruh „Yesli xochesh ostatsya“ qoʻshigʻi uchun „Yilning eng yaxshi kompozitsiyasi“ (ruscha: Лучшая композиция года) nominatsiyasida „Dvijeniye-2005“ nomli raqs musiqasi mukofoti bilan taqdirlangan. Oʻsha yili rossiyalik tinglovchilar bergan ovozlar natijasida qoʻshiq „Yilning eng yaxshi qoʻshigʻi“ (ruscha: Лучшая песня года) nominatsiyasida „Pesnya goda“ festivali gʻolibi boʻlgan. 2006-yilda esa „Yesli xochesh ostatsya“ qoʻshigʻi „Vatanning yil radioxiti“ (ruscha: Отечественный радиохит года) nominatsiyasida „Rekordʼ“ ovoz yozish sanoati mukofotiga sazovor boʻlgan.

Qoʻshiq uchun estoniyalik rejissyor Hindrek Maasik Malayziyada klip suratga olgan. Klip guruhning YouTubeda eng ommalashgan kliplaridan biri boʻlib, 2007-yilning noyabrida yuklanganidan 2022-yilning sentyabriga qadar 20 million martadan oshiq koʻrilgan.

2015-yil Rijov „Diskoteka avariya“ guruhini 2012-yilda tark etgan sobiq aʼzosi Nikolay Timofeyev oʻzi yozgan uch qoʻshiq, jumladan, „Yesli xochesh ostatsya“ qoʻshigʻini ijro etgani uchun 2,8 million jarima toʻlanishini talab qilib sudga murojaat qilgan. Intellektual mulk sudi Timofeyeyevga Rijov yozgan qoʻshiqlarni ijro etishni man etgan, ammo Rijovning kompensatsiya boʻyicha talabini qondirmagan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz