YERLARNING MELIORATIV HOLATI
YERLARNING MELIORATIV HOLATI — yer maydonlarini qishloq xo’jaligida foydalanishga yaroqliligi nuqtai nazaridan baholash. Meliorativ holati qoniqarli yerlarga tuproq unumdorligini tubdan yaxshilash talab qilinmaydigan, dehqonchilik qilishga monelikkiladigan nuqsonlari bo’lmagan yerlar kiradi. Meliorativ noqulaylik toifasi yoki turi birinchi navbatda, tabiiy — geografik sharoitlarga, shuningdek, dala meliorativ sharoitlarining dehqonchilik yuritishga mos kelmasligiga bog’liq. Meliorativ jihatdan noqulay yerlarga qat’iy anik tuproq iqlim va gidrogeologik sharoitlarda joylashgan botqoqlashgan, jarliklar bilan o’yilgan, Toshloq, tuprog’i yuvilib ketgan, sho’rlangan, sho’rtoblar va sho’rxok yerlar kiradi. Meliorativ holatiga ko’ra noqulay suv rejimiga ega bo’lgan yerlar sug’orish, zax qochirish, suv chiqarish; noqulay fizik va kimyoviy xossali yerlar tekislash, sho’r yuvish, kimyoviy meliorantlar qo’llash, ohaklash, gipslash, suv va shamol ta’sirida eroziyaga uchragan yerlarda ihota o’rmonzorlari tashkil etish, ilmiy asoslangan sug’orish usullari va me’yorlarini qo’llash kabi tadbirlarni talab qiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz