YER HAYDASH
YER HAYDASH, shudgor qilish, shudgorlash — yerni ishlashning asosiy usuli; yerni ekishga tayyorlash maqsadida ag’dargichli pluglar bilan tuproqning suv, oziq, havo hamda issiqlik rejimlarini yaxshilash. Tuproq mexanik, fizik-kimyoviy, meteorologik va biologik (atmosfera yoginlari, mikroorganizmlar va boshqalar) omillar va agrotexnika sharoiti ta’sirida o’zgarib turadi. Haydashda erning ustki qismi ostiga va pastki qatlam esa yuqoriga ag’dariladi, bunda tuproq aralashadi, begona o’t urug’lari, zararkunanda hasharotlar, o’g’it, ang’iz qoldiqlari va boshqalar tuproqqa chuqur ko’milib, yer unumdorligi ortadi. Yer haydalgach, haydalma qatlamning pastki qismi yer betiga chiqarilganda qisqa muddat ichida aerasiya, qayta namlanish va foydali tuproq florasining tez faollashuvi ta’sirida o’simlik o’zlashtirishi mumkin bo’lgan oziq moddalar miqdori ko’payadi. Tubiga ag’darilgan ustki qatlam esa uzoq vaqt o’zida ijobiy xususiyatlarni saqlab qoladi. Yer haydash turlari. Tuproq qatlamini ag’darish — haydalma qatlamni ag’dargichli pulgda 180° ag’darib haydash. Bunda haydalma qatlamning usti pastga, osti esa yuzaga chiqadi; birinchi haydov — tuproq yarim vintsimon ag’dargichli plugda 135° ga ag’dariladi, qatlamlar yerning ustki qismiga nisbatan 45° burchak bilan joylashib, bir-biriga zich tiraladi. Bunday haydashda ko’p yillik begona o’tlar batamom yo’qolmaydi. Bunda yer bir necha marta diskalanadi va boronalanadi; shuning uchun qadimdan haydaladigan yerlarda qo’llanilmaydi. Madaniy haydash — chimqirqarli plugda haydash. Chimqirqar tuproqning yuza qavatini (8— 12 santimetr) qirqib, ostiga tashlaydi, asosiy korpus esa undan keyingi tuproqning zarang kavatini (22-30 santimetr) qirqib, yuza qavat ustiga ag’daradi. Natijada yuza qatlamdagi begona o’tlar, o’simlik qoldiqlari, zararkunandalar, sepilgan organik va mineral o’g’itlar yaxshi ko’miladi. Bunday Yer haydash agrotexnikaviy talablarga to’la javob beradi hamda tuproqni madaniylashtirishga, hosildorlikni oshirishga yordam beradi. Qo’sh yarusli plugda haydash — madaniy haydashning yangi, ilg’or usullaridan biri. Oddiy haydashga qaraganda begona o’t bosishini 2-3 marta kamaytiradi. Qo’sh yarusli haydashda bedapoyalar qatlama-qatlam haydaladi, natijada kelasi yili qayta ko’klamaydi, ildiz qoldiqlari tuproq gorizontlari bo’yicha bir xilda taqsimlanib, unumdorlikning oshishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Yer haydash chuqurligi tuproq va iqlim zonalari, shuningdek, almashlab ekish dalalariga qarab tabaqalashtiriladi. Yer haydash chuqurligi haydalma qatlamning qalinligi, ekinning biologik xususiyatlari, o’tmishdosh ekin qanday ishlanganligi, dalani qanchalik o’t bosganligiga qarab belgilanadi. Yerni 20 santimetr chuqurlikda haydash normal, undan oshig’i chuqur, kamrog’i sayoz haydashga kiradi. Yer qamisha bir xil chuqurlikda haydalsa, haydalma qatlam tubida zarang qatlam (plug tovoni) hosil bo’lib, o’simlik uchun noqulay sharoit tug’iladi. Shunga ko’ra, almashlab ekiladigan har qaysi dalani vaqt-vaqti bilan turli chuqurliqda haydash ma’qul. Haydalma qatlami qalin, eskidan ishlanib kelingan yerlar 28-30 santimetr, haydalma qatlami yupqa, shag’al va qum yuza yerlar sayoz haydaladi. Haydalma qatlami 20-22 santimetrdan kam yerlar har yili 2-3 santimetrdan chuqurlatib, 28-30 santimetrga yetkaziladi. Chirindili qatlami 15-18 santimetrdan oshmaydigan yangi yerlar birinchi-ikkinchi yili 20-22 santimetr, keyin 22-24 santimetr chuqurlikda haydaladi. O’rta Osiyoning shimol va o’rta zonalarida, tipik va och sur tuproqli yerlarda 30 santimetr chuqurlikda, qalin Agro-irrigatsin yotqizikli o’tloqituproqli yerlarda 30-35 santimetr; paxta ekiladigan Janubiy zona hamda bahor erta kelib, kuzi iliq va uzoq muddatli hududlarda 35— 40 santimetr, tagzamini kam unumli och sur tuproqli qadimdan haydaladigan yerlar (Mirzacho’l) 20 santimetr chuqurlikda haydalib, 40-50 santimetr chuqurlikda yumshatiladi. Yer haydashning bu turi tuproq chuqurlatkich va chuqur yumshatkich yordamida o’tkaziladi. Kamquvvat qumloq va toshloq yerlar qum yoki shag’alini chiqarmasdan haydaladi. Bo’z yerlar 20-22 santimetr chuqurlikda haydalib, keyingi yillari chuqurligi 30 santimetr va undan ko’proqqa yetkaziladi. Yer haydash vaqti ekish muddati va boshqalarga bog’liq. Yer haydashga tuproq yetilishi bilan kirishiladi. Haddan tashqari nam yoki quruq Yer haydashda palaxsalar ko’chadi. Yer haydash kuzgi shudgorlashning eng muvofiq muddati oktabrning ikkinchi yarmi va noyabr. Sizot suvlari chuqur joylashgan va kuzda yog’in kam tushadigan yerlar haydashdan 10— 25 kun ilgari sug’oriladi. Tuproq nami o’rtacha yerlar hosil yig’ishtirib olinishi bilanoq haydaladi. Yozgi Yer haydash shudgorni ekin ekishga tayyorlash va takroriy ekin ekish oldidan o’tkaziladi, ko’klamgi, yozgi va ayrim hollarda kuzgi Yer haydash boronalash bilan birga olib boriladi. Asosiy Yer haydashning qulay vaqti — kuz boshi. Tuproqning yuzaga ag’darilgan qatlami qish vaqtida muzlab va muzdan tushib turadi, buning natijasida ularning fizikaviy xususiyati yaxshilanadi. Xorazm viloyati, Qoraqalpog’iston hamda Farg’ona viloyatining Qo’qon guruhi tumanlari o’ziga xos tuproq-iqlim sharoitiga egaligi (yerlarning sho’rlanganligi, shamol) tufayli yer bahorda sho’ri yuvilgandan keyin haydaladi. Bahorgi Yer haydash tuproq donadorligini yaxshilash, namini ko’proq saqlash maqsadida boronalash hamda mola bostirish bilan qo’shib olib borilishi kerak. Yer haydash usullari va texnikasi. Hozirgi dehqonchilik tizimida yerni paykal taxtalarga bo’lib haydash keng tarqalgan. Paykalni ichkariga va tashqariga ag’darib haydash usullari qo’llaniladi. Ichkariga qarab haydash paykalning o’rtasidan, tashqariga qarab haydash chekkasidan boshlanadi. Tog’oldi zonalarida yer nishabiga nisbatan ko’ndalang haydaladi. Tuprog’i yengil va kuchli shamol esib turadigan rayonlarda yer shamol yo’nalishiga ko’ndalang haydaladi. Har bir konkret sharoitda Yer haydash yo’nalishi yer nishabi hamda qanday agrotexnika tadbirlari o’tkazilishi nazarda tutilgan holda belgilanadi. Yer haydash oldidan gektariga 15-20 tonna go’ng, fosforli o’g’itlar yillik miqdorining 60-70%, kaliyli o’g’itlarning 50% solinadi. Tuproqning yuqori qatlami surilib, kapital tekislangan uchastkalarda chirigan go’ng me’yori gektariga 30-40 tonnaga yetkaziladi. Yer haydash sifati erlarni o’z vaqtida, ya’ni eng qulay muddatlarda, hech qanday ariqcha yoki marza xrsil qilmasdan, bir xil chuqurlikda tuproq haydalma qatlamini ag’darib haydalishini ta’minlash va boshqalardan iborat. Haydash sifati muntazam ravishda nazorat qilinadi. Yerning sifatsiz haydalishi plug, ag’dargichlarning noto’g’ri sozlanganligini yoki yer haydashga qoniqarsiz tayyorlanganligini ko’rsatadi. Ad.: Kondratyuk V. P., Obrabotka Pochvi pod posev xlopchatnika v Sredney Azii, T., 1972; Ermatov A., Sug’oriladigan dehqonchilik, T., 1983, Abdurahim Ermatov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz