YER EGALIGI



YER EGALIGI — muayyan huquqiy asoslar (mulkka, yerni tasarruf etish va meros qolgan yerdan umrbod foydalanishga va ijaraga oid huquqlar)ga muvofiq yerga egalik qilish; xo’jalik oborotiga va bozor iqtisodiy mexanizmi tarkibiga kiritiladigan yerdan foydalanish shakli. Yer egaligi yer egalari zimmasiga tegishli huquq va majburiyatlar yuklaydi. Markaziy Osiyoda Yer egaligining amlok, vaqf, mulk, tanho va boshqa shakllari mavjud edi. Buxoro, Qo’qon va Xiva xonliklarida ko’p erlar xonliklar qo’lida, xon yoki amirlarning ixtiyorida bo’lgan. Bu yerlar asosan nasldan-naslga o’tib, ijaraga berish yo’li bilan dehqonlar tomonidan ishlangan. Yer egaligining bu shakli 19-asr o’rtalarida Buxoro xonligidagi barcha yer maydonlarining 65% ini tashkil qilgan. Ko’pincha xonlar amlok yerlarini yirik zamindor, zodagon, ruhoniy va yaqin kishilariga xizmati evaziga tortik qilib, ular muvaqqat va shartli yer egalari — tanholarga aylantirilgan. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, Yer egaligi shakllarini o’zgartirdi. Amlok yerlar — butunligicha, mulk yer va vaqf yerlar — qisman podsholik mulki deb e’lon qilindi. Shu erni ishlab, hosil olgan shaxslarga merosiy mulk tariqasida sotish huquqi berilib, biriktirib qo’yildi. Sho’rolar davrida yerga xususiy mulkchilikning hamma shakllari tugatilib, “yer — umumxalq davlat mulki”, deb e’lon etildi, asosiy qismi “bepul va abadiy foydalanish” uchun jamoa xo’jaliklariga berildi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so’ng, 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan Yer kodeksiga binoan, yer — davlat mulki, umummilliy boylik hisoblanadi. Yer davlat tomonidan muhofaza etiladi, oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qo’yilmaydi (O’zbekiston Respubliksi qonunlarida belgilangan hollar bundan mustasno, 16-modda). Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, yuridik shaxslar doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida; jismoniy shaxslar esa meros qilib qoldiriladigan yerga umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo’lishlari mumkin. Yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun berish (realizatsiya qilish) yer ajratish tarikasida amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini ajratib berish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi (Yer kodeksi, 17-24-moddalar).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz