YEM-XASHAK
YEM-XASHAK — qishloq xo’jalik hayvonlarini boqishda ishlatiladigan, tarkibida o’zlashtiriladigan (hazm bo’ladigan) ozuqa moddalari bo’lgan, asosan, o’simlik, hayvonot, mikrobiologik va kimyoviy mahsulotlardan iborat ozuqalar. Olinadigan manbai, ishlab chiqarish texnologiyasi, tayyorlash va qo’llash usuli, hayvonlarning oziqlanishidagi ahamiyatiga qarab Yem-xashak bir necha guruhlarga bo’linadi. Yem-xashak, odatda, ko’kat, xashak, yem, mineral va shirali ozuqalarga bo’linadi. Yaylovlardagi tabiiy hamda ekilgan o’tlar ko’kat ozuqaga kiradi. Ko’katning quruq moddasi tarkibida protein (6,5—20%), azotsiz ekstraktiv moddalar (35-45%), yog’, mineral moddalar, kletchatka va quritilmaganda ko’p miqdorda karotin, vitamin A, S, E bo’ladi. Silos, ildizmevalar, xashaki poliz ekinlari mahsulotlari shirali ozuqaga kiradi. Bular tarkibida 75-90% hujayra shirasi, turli vitaminlar bor. Mol boqishda qand lavlagi sanoati, spirt va pivochilik korxonalari chiqindilaridan ham shirali ozuqa sifatida foydalaniladi. Quruq beda, pichan, somon, poxol, g’alla chorisi, shox-shabbadan tayyorlangan ozuqalar, chigit shulxasi va boshqalar xashak (dag’al xashak) ozuqaga kiradi. Bular tarkibida 25-40% kletchatka bo’ladi. Pichan, ayniqsa, dukkak-lilardan tayyorlanganda, oqsil, mineral moddalar va vitaminlarga boy. Xashak hayvonlarni oziqlantirishda to’yimli moddalar manbai bo’lib, ov-qat hazm qilish sistemasi ishini normallashtiradi. 1 kilogramm beda pichanida 0,5— 0,52 ozuqa birligi, 120 g hazm bo’luvchi protein, 30-50 mg/kg karotin bor. Arpa, suli, makkajo’xori, oq jo’xori, no’xat, tegirmon chiqindilari (kepak, un gardi va boshqalar), yog’-moy sanoati chiqindilari (kunjara, shrot — kukun kunjara va boshqalar) Yemga kiradi. Bular oqsil, uglevod va boshqalar turli moddalarga boy bo’lib, to’yimliligi jihatdan boshqa ozuqalardan ustun turadi. Osh tuzi, bo’r, suyak uni, ftorsizlantirilgan presipitat, sintetik azotli birikmalar (aminokislotalar, karbamid, ammoniy tuzlari, vitaminli va fermentli preparatlar, ozuqa antibiotiklari, dori-darmon moddalari va b.lar) mineral ozuqaga kiradi. Yirik shaharlar atrofidagi xo’jaliklarda mol boqishda oshxona va boshqalar ovqatlanish korxonalaridan chiqadigan oziq-ovqat qoldiqlaridan ham ozuqa sifatida foydalaniladi. Kaudenbay Karibayev, Kurbonxo’ja G’ulomqodirov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz