YELKAN KAPALAKLAR



YELKAN KAPALAKLAR (Papilionidae) — kunduzgi kapalaklar oilasi. Qanotlari yozilganda kengligi 25 santimetrgacha (Papilio homerus) boradi. Qanotining rangi tiniq, juda turli-tuman, ayrim tropik turlarida (Ornithohoptera) yaltiroq; orqa qanotlarida ko’pincha “dum” shaklida o’simtasi bo’ladi. Hamma qit’alarda tarqalgan, ayniqsa tropik mintaqalarda ko’p uchraydi. 550 dan ortiq turi ma’lum. O’rta Osiyoda 18 turi uchraydi. Ular orasida Papilio avlodi turlaridan maxaon (R. machaon) ayniqsa keng tarqalgan; uning qanoti sariq, chetlari keng qora hoshiyali; qurti katta, ko’k, semiz tanasida ko’ndalang qora chiziqlar va qizil nuqtalar bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz