YEKATERINBURG
YEKATERINBURG (1924-91 yillarda Sverdlovsk) — Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyatidagi shahar. Muhim sanoat, madaniy va ilmiy markaz. Iset daryosi (Tobol irmog’i)ning har ikki sohilida. Transport yo’llari tuguni. Aholisi 1272 ming kishi (1997). Og’ir mashinasozlikning yirik markazi (“uralmash”, “Uralximmash”, “Ural elektrotyajmash”, “turbomotor zavodi” va boshqa ishlab chiqarish birlashmalari, burg’ilash va metallurgiya sanoati uchun jihozlar, transport mashinasozligi, podshipnik zavodlari ishlab turibdi). Priborsozlik, elektrotexnika (kabel, transformatorlar va boshqalar) sanoati korxonalari, aniq mexanika, optika, xolodilnik zavodlari bor. Qora metallurgiya (Verx-Iset metallurgiya zavodi), kimyo (shina, plastmassa va boshqalar), kimyo-farmasevtika, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari, aeroport bor. Tosh kesish rivojlangan (“Uralskie samosveti” zavodi). Metropoliten qurilmoqda (1991 yildan). Rossiya Fanlar Akademiyasining Ural bo’limi, 14 oliy o’quv yurti (shu jumladan Ural universiteti), 5 teatr, o’lkashunoslik, Ural yozuvchilari, tibbiyot tarixi muzeylari, suratlar galereyasi, P. P. Bajov, D. N. Mamin-Sibiryak, F. M. Reshetnikov va boshqalarning uymuzeylari mavjud. Yekaterinburgga 1723 yil metallurgiya zavodi qurilishi munosabati bilan asos solingan. 1918 yil iyulda Yekaterinburgda sobiq imperator Nikolay II oilasi bilan birga bolsheviklar tomonidan otib tashlangan. Klassisizm uslubidagi tarixiy yodgorlikdan Rastorguev-Xaritonov qo’rg’oni (19-asr boshi), kon kantselyariyasi (18-19-asrlar), verx-Iset zavodining idorasi va gospitali (19-asr), Aleksandr Nevskiy sobori (19-asrning 1-yarmi) saqlangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz