YEKATERINA II ALEKSEYEVNA



YEKATERINA II ALEKSEYEVNA (1729.21.4 — 1796.6.11) — Rossiya imperatori (1762-96). Nemis knyazlari avlodidan, asli ismi Sofiya Frederika Avgusta Angalt-Tserbstskaya. 1744 yilda Rossiya imperatori Yelizaveta Petrovna panohiga kelgach, pravoslav diniga o’tgan va Yekaterina Alekseevna nomini qabul qilgan. 1745 yilda Pyotr III ga nikohlangan. Yekaterina II gvardiyachi ofitserlar yordamida saroy to’ntarishi yasagan (1762 yil 28 iyun). Pyotr III ni qamoqqa oldirib, 5 iyulda o’ldirtirgan va o’zi taxtga o’tirgan. Uning ichki va tashki siyosati dvoryanlar manfaatini himoya qilishga, krepostnoylik va mustabid hokimiyatni kuchaytirishga qaratilgan 1775 yilgi gubernya islohoti, 1785 yilda dvoryanlarga berilgan imtiyozlar va boshqa tadbirlar dvoryanlar hukmronligini mustahkamlashga xizmat qildi. Yekaterina II davrida Pugachyov qo’zg’oloni (1773-75) bo’lgan; rus-turk urushi (1768-74, 1787-91) natijasida Rossiya qora dengizda uzil-kesil mustahkamlanib olgan; shimoliy Qora dengiz bo’yi, Qrim, Kuban cho’llari qo’shib olingan. Sharqiy Gruziya Rossiya tobeligiga qabul qilingan (1783). Ukraina va Belorussiyaning bir qismi Rossiyaga qo’shib olingan. Volter va boshqa frantsuz ma’rifatparvarlari bilan xat yozishgan. Ko’pgina dramatik, publisistik, ilmiyommabop maqolalar muallifi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz