YAZG’ULOM TIZMASI



YAZG’ULOM TIZMASI — G’arbiy Pomir (Tojikiston) dagi tog’tizmasi (Tojikiston). Yazg’ulom va Bartang Daryolari oralig’ida. Janubiy g’arbdan shimoli sharqqa 170 kilometrga cho’zilgan. O’rtacha balandligi 4500-6000 metr, eng baland joyi 6974 metr. Tizmada Vudar, Lapizar, Arganax, Ubagi va boshqalar cho’qqilar bor. Bir qancha dovonlar (Odudi, Rosht—jirkutan, Bidjirov) mavjud. Suvayirg’ich qismi qoyali, abadiy qor va muzliklar bilan qoplangan. Pomirdagi Fedchenko, GrummGrjimaylo, Yazg’ulom kabi eng yirik muzliklar Yazg’ulom tizmasining baland qismidan boshlanadi. Tizmaning yon bag’irlari tik, qoyali, Yazg’ulom daryosining chap irmoqlari, Bartang daryosining o’ng irmoqlari bilan chuqur kesilgan. Yazg’ulom tizmasining Yazg’ulom va Bartang daryolari o’zanlaridan suvayirg’ich qismigacha balandligi 3000-4000 metr. Paleozoy va mezozoy davrlarining kvarsit, gilli slanes, qumtosh, granit, granodiorit, gil va boshqalar tog’jinslaridan tashkil topgan. Yazg’ulom tizmasida 100 dan ortiq muzlik bo’lib, ularning umumiy maydoni 670 kilometr kvadratdan ziyod. Tizmada siyrak o’tli balandtog’, chala cho’l, dasht o’simliklari tarqalgan. Yon bag’irlarida archa, Daryo qayirlarida tol, terak, qayin daraxtlari o’sadi. Yazg’ulom tizmasining baland qismlari subalp, Alp o’tloqlari, doimiy qor va muzliklar mintaqasidan iborat. Daryo vodiylaridan quyi qismlarida tutzor, O’rikzor, yong’oqzor, tokzorlar bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz