YAZG’ULOM
YAZG’ULOM — Tojikiston Respublikasi tog’li Badaxshon Muxtor viloyatidagi Daryo. Panj daryosining o’ng irmog’i. Yazg’ulom tizmasining shimoliy yon bag’rida joylashgan Yazg’ulom va Vanj tog’lari orasida tor o’zanda oqib o’tib Panj daryosiga quyiladi. Uzunligi 80 kilometr, havzasining maydoni 1970 kilometr kvadrat. Yuqori qismida Rakzou, undan pastroqda (Obirakeru irmog’ining quyilish joyiga qadar) Mozordara deb ataladi. Yazg’ulom muz va qor suvlaridan to’yinadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi (Motravi qishlog’i yonida) 37 metr kub/sekund. Eng ko’p suvi (60,7%) yozda oqib o’tadi, eng kami (7,7%) qishga to’g’ri keladi. Tez oqqanligi tufayli qishda muzlamaydi. Faqat, qirgoqlari qisman muzlab, shovush (muz parchalari) oqishi mumkin. Yazg’ulomga umumiy uzunligi 190 kilometrgacha bo’lgan 80 ga yaqin irmoq quyiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz