YASSI OYOQ
YASSI OYOQ — oyoq panjasi gumbazining yalpayib, tekis bo’lib qolishi. Oyoq bo’yiga yoki eniga yassi bo’lishi mumkin, goho har ikkisi birga uchraydi. Oyoq eniga yassi bo’lsa, uning tagi eniga yalpayadi, og’irlik esa oyoqning 1 va 5 barmoqlariga tushmay, barmoq tagiga, kaft suyaklarining boshchasiga tushadi. Oyoq bo’yiga qarab yassi bo’lsa, uning tagi yerga bir tekis tegib turadi. Oyoq yassiligi tug’ma (juda kam) yoki hayotda orttirilgan bo’ladi. Hayotda orttirilgani ko’proq uchraydi. Asosan oyoq panjasi muskulboylami apparatining zaiflashishi (masalan, raxit yoki haddan tashqari zo’r kelishi oqibatida), poyabzalning noqulay bo’lishi, maymoqlik, oyoq shikastlanishi yoki falajlanishi (ko’pincha poliomielitda) sabab bo’ladi. Ba’zan kasallik ish kunining ko’p qismini oyoqda tik turib o’tkazadigan kishilar (sartaroshlar, sotuvchilar va boshqalar)da paydo bo’ladi. Kasallikning dastlabki belgisi: oyoq tez toliqadi, tagi og’riydi, boldir, son sohasida ham og’riq seziladi; keyinchalik og’riq tizza bo’g’imlari va belga ham tarqaladi. Kechqurunga borib oyoq shishadi, kechasi shish qaytadi. Oyoq juda yassi bo’lsa, oyoq panjasi uzun, o’rta qismi esa serbar tortadi. Yassi oyoq kishilar oyog’ini kerib, tizza va chanoqson bo’g’imini sal bukib, qo’llarni silkib yurishadi, ularda ko’proq poyabzalning poshnasi va tagcharmi (ichki yuzasi) yeyiladi. Yassi oyoqning oldini olishda poyabzalning oddiy va qulay bo’lishi (siqmasligi, poshnasi juda baland bo’lmasligi) nihoyatda muhim. Bolalarda uchraydigan Yassi oyoqning oldini olish uchun ularning qadqomatiga e’tibor berish, boshi va tanasini to’g’ri tutishga o’rgatish lozim. Oyoqning muskul va boylamlarini mustahkamlashda badan tarbiya va sport bilan shug’ullanish, shuningdek, yozning issiq kunlari tuproqda oyoq yalang yurishning foydasi bor. Oyog’i yassi kishilarni ortoped vrach davolaydi. Davoni iloji boricha erta boshlagan ma’qul.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz