YASSAVIY MAJMUASI



YASSAVIY MAJMUASI, Xoja Ahmad Yassaviy me’moriy majmuasi — Turkiston (qadimgi Yassi) shahridagi me’moriy yodgorlik (1389-95); Qozog’iston hududida. Dastlab Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustida kichik maqbara qurilgan (12-asr). Keyin Amir Temur tomonidan ulkan mahobatli maqbara majmui bunyod etilgan, bino loyihasini ishlab chiqishda uning o’zi shaxsan ishtirok etgan. Qurilishga devonning xayriya ishlari boshlig’i Mavlono Ubaydulla Sadr bosh etib tayinlangan. Qurilish qisqa muddatda zudlik bilan boshlanib jadal qurila boshlangan, biroq Amir Temurning vafoti (1405)dan so’ng qurilish to’xtab qolgan. Bino oldidagi ulkan peshtoqni Buxoro hukmdori Abdullaxon II (1583-98) tiklashga harakat qilgan. Yassaviy majmuasi ko’lami jihatdan o’sha davrlarda bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Shahrisabzdagi Oqsaroy va dor ussiyodash majmuiga tenglashadi. Yassaviy majmuasi janubdan shimolga cho’zilgan to’rtburchak tarhli (46,5×65,5 metr), peshtoqgumbazli; mujassamot markazida jamoatxona va uning atrofida go’rxona, masjid, katta va kichik Oqsaroy, kitobxona, halimxona, quduqxona va 2 qavatli hujralar (jami 35 dan ortiq xonalar) joylashgan; majmuaning Janubi G’arb tomonidagi yer osti chillaxonasi Yassaviy davrida paydo bo’lgan, keyingi davrlarda qayta tuzatilgan. Majmua tashqi devorlarining qalinligi 1,8—2 metr, jamoatxona devorining qalinligi 3 metr. Mahobatli bino jamoatxona bilan bog’langan 2 qavatli 8 yo’lak (dahliz)lar bilan simmetrik tarzda 8 qismga bo’lingan (yo’laklardan 2 tasining boshi berk); go’rxonaga jamoatxona bilan bog’lanmagan alohida yo’lak orqali kiriladi, kirish eshigi tepasidagi tosh lavhaga majmua Amir Temur buyrug’iga binoan bunyod etilgani qayd etilgan. Majmuaning bosh tarzidagi ulkan peshtoq (kengligi 50 metr, ravog’iniki 18,2 metr)ning ikki yoniga guldastalar, orqa burchaklariga ustungo’shalar ishlangan, peshtoq orqali jamoatxonaga kiriladi, jamoatxona (balandligi 37,5 metr) katta gumbaz (diametri 18,2 metr) bilan yopilgan; xona o’rtasiga qirq quloqli nazirniyoz qozoni o’rnatilgan (usta Abdulaziz ibn Sharafiddin ishi), bu yerda haftada 2 marta kambag’al bechoralar va musofirlarga halim tortilgan. Jamoatxona to’ridagi go’rxona (7,15×7,15 metr) da yashil yashma toshidan ishlangan sag’ana (3,25×2,2 metr) bo’lib, unda o’yma naqshlar va kitobalar saqlangan. Go’rxona va masjid qo’shqavatli gumbaz bilan yopilgan: go’rxonaning tashqi gumbazi (diametrik 10 metr, balandligi 21 metr) 52 ta qovurg’ali bo’lib, sirkori koshinlar bilan kitobalar bitilgan baland poygumbazga o’rnatilgan, masjid gumbazining poygumbazida 16 ta panjarali darchalari bor, shiftidagi 6 qirrali yulduz shakli xonaga Jozibadorlik baxsh etgan, ayniqsa mehrob (3,5×2,5 metr) hashamdor bezatilgan. Jamoatxona, go’rxona, masjidning ichki devorlariga ravoqlar ishlanib, xonalar ichi kengaytirilgan, gumbaz va ravoqlar muqarnaslar bilan to’ldirilgan. Bino ko’lamini uning tashqi bezaklaridagi koshinkori handasiy naqsh va kitobalar ham ta’kidlaydi. Yassaviy majmuasining tashqi devor yuzasi 3 qismga bo’linib, poydevoriga (balandligi 1,85 metr) koshinkori girih naqshlar, o’rta asosiy qismga yirik handasiy shakllar va yuqori hoshiya (Friz) qismiga (balandligi 2,62 metr) kitobalar ishlangan. Go’rxona va masjid ichkarisi hallangan rangli koshinlar bilan ziynatlangan. Bino eshiklari yog’och o’ymakorligida bezatilgan, metall qismlari rixtagarlik, kandakorlik usulida bajarilgan. Yassaviy majmuasi bezaklari orasida usta safar, Hoji Hasan Sheroziy (1397), Shams Abd ulvahhob Sheroziy, Izzatiddin ibn Tojiddin Isfahoniy nomlari saqlangan. Yassaviy majmuasida Ulug’beyushsh qizi Robiya Sulton begim maqbarasi bunyod etilgan (15- asr). 16-asrda Yassaviy majmuasiga qo’shimcha binolar qurilgan, majmuaning ayrim xonalaridan go’rxona sifatida foydalanilgan (masalan, Abulxayrxon va boshqalar dafn etilgan). 19-asrda Qo’qon xoni tomonidan majmua atrofidagi hudud g’isht devor bilan o’ralib, qal’aga aylantirilgan. Yassaviy majmuasi turli davrlarda ilmiy o’rganilgan, ta’mirlangan, poydevori mustahkamlangan. 1975 yilda me’moriy hudud (65 gektar)ni himoyalash bosh rejasi qabul qilingan. Yassaviy majmuasi 1978 yildan muzeyga aylantirilgan. Ad:. Nurmuxammedov N ., Arxitekturniy kompleks Axmeda Yasavi, Almaata, 1988. Po’lat Zohidov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz