YASOL
YASOL (turkiycha yasa — safga tizish) — Sharq mamlakatlari, xususan, O’rta Osiyoda qo’shinning harbiy safar hamda jang maydonida egallagan Jangovar tartibi. Tarixiy ma’lumotlarning shahodat berishicha, har bir harbiy qism va bo’linmalarning ya.dagi doimiy o’rinlari oldindan belgilab qo’yilgan. Yasoldagi qat’iy tartibintizomni hech kim o’zboshimchalik bilan buzish huquqiga ega bo’lmagan. Vaqt o’tishi bilan Yasol ham takomillashtirilgan, uning tuzilmasi murakkab tus olgan. Ikkinchi Turk xoqonligi ijtimoiy, siyosiy, madaniy turmush tarzini aks ettiruvchi qadimiy turkiy Run bitiklaridan xoqonlik qo’shinining Yasoli quyidagi tarzda bo’lganligini, ya’ni u, asosan, elma, qaraku (avanpost, soqchi guruh), yizak, ilki Su (avangard, ilg’or qism), o’ng (o’ng qanot) va so’l (chap qanot) qismlardan iboratligini ilg’ab olish mumkin. Qo’shin markazi va arergardining mavjud bo’lganligi, ularning qanday nomlanganligi haqida biron fikr aytish mushkul. Markazda YaDAK (piyodalar), o’qchi (kamonkashlar) va yo’rtug’ (og’ir qurolli suvoriylar) joylashgan. Mazkur Yasol an’anaviy 5 qismdan tashkil topgan jangovar tartibning tipik namunasi hisoblanadi. Amir Temur jahon harbiy san’ati tarixida birinchi bo’lib janggohda qo’shinni 7 bo’lakka taqsimlagan holda joylashtirishni joriy qilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz