YASHMA
YASHMA (Arabcha) — kremniyli cho’kindi tog’ jinsi. Asosan, xaltsedon hamda tarkibida kaltsiy karbonatlari va giltuproq aralashmasi bo’lgan kvarsning mikroskopik donalaridan tashkil topgan. Yashmaning kelib chiqishi metasomatizm jarayoni va kremniyli cho’kindilarning metamorfik o’zgarish jarayoni bilan bog’liq. Tarkibiga ko’ra: kvarsli asl Yashma; kvarsli, kvarsxaltsedonli yashmoidlar; kvarsdala shpatli Yashma ko’rinishli jinslarga bo’linadi. Rangi sariq, qizil, yashil, kulrang. Ko’pincha to’lqinli, dog’ va yo’l-yo’l ko’rinishdagi turfa rangda uchraydi. Qattiqligi 5,5—7; yaxshi silliqlanish xususiyatiga ega. Shaffof emas. Teksturasi bo’yicha yaxlit, yo’l-yo’l, sferoid shakllilarga ajratiladi. Ayniqsa, turli rangli tasvir (peyzaj) ko’rinishidagi turlari qimmatli hisoblanadi. Yashma qatlam va linza ko’rinishida bo’lib, qavatlarning qalinligi o’nlab va yuzlab metr bo’ladi. Yashma O’zbekiston, Rossiya (Ural, Oltoy), Ukraina va boshqalar joylarda uchraydi. Yashmaning yaxshi silliqlanadigan turlari qadimiydan bezak toshi sifatida ishlatilgan. Hozirgi vaqtda bezak toshi, qoplama sifatida hamda zargarlik buyumlari ishlab chiqarishda va texnik maqsadlarda ishlatiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz