YASHIRIN JABRALILAR
YASHIRIN JABRALILAR, ulkan salamandralar AE) — dumli suvda va quruqlikda yashovchilar oilasi. Tuban tuzilgan ikkilamchi suv hayvonlari, hozirgi suvda va quruqlikda yashovchilarning eng yirigi. Gavdasining uzunligi 1,8 metr va undan uzunroq, vazni 65 kilogrammgacha. Tanasi yassi, boshi katta va yapaloq, og’zi keng. Ko’zlari juda kichik, qovoqsiz. Oldingi oyoqlarida 4 ta, keyingisida 5 tadan barmoq bor. Dumi uzun, 2 yondan siqilgan, eshkaksimon. Voyaga yetgan davrida 2-4 jabra yoyi bo’ladi, lekin jabralari bo’lmaydi. 2 urug’i va 3 turi bor. Sharqiy Xitoy, Yaponiya, Shimoliy Amerikaning Janubiy Sharqiy qismida tarqalgan. Doimiy daryolar, tog’soylarida, qirg’oq yaqinidagi toshlar ostida yoki pana joylarda yashirin yashaydi. Qirg’oqqa faqat yomg’ir yoqqanida chiqadi. Suvda va quruqlikda yashovchilar, baliqlar va suv umurtqasizlari bilan oziqlanadi. Urug’lanishi tashqi. Urg’ochisi suv ostidagi uyaga 450 taga yaqin tuxum qo’yadi, erkagi ularni qo’riqlaydi. Go’shti yeyiladi va doridarmon o’rnida foydalaniladi. Shuning uchun ular deyarli qirib yuborilgan. Xitoy ulkan salamandrasi, Yapon ulkan salamandrasi xalqaro qizil kitobga kiritilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz