YASHIRIN IQTISODIYOT
YASHIRIN IQTISODIYOT, Xufiya iqtisodiyot — ishtirokchilar tomonidan oshkora olib borilmaydigan, davlat va jamiyat tomonidan nazorat qilinmaydigan, soliqlar to’lanmaydigan, rasmiy davlat statistikasida qayd etilmaydigan iqtisodiy jarayonlar, iqtisodiy faoliyat turlari. Yashirin iqtisodiyot oshkora payqab bo’lmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, iste’mol jarayonlari — iqtisodiy munosabatlar bo’lib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi. Yashirin iqtisodiyot dunyoning deyarli hamma mamlakatlarida mavjud. Yashirin iqtisodiyot murakkab ko’p bosqichli hodisa, uning tur va shakllari xilma-xil. Yashirin iqtisodiyot maqsadi, faoliyati va iqtisodiy-ijtimoiy oqibatlariga ko’ra bir necha turlarga bo’linadi: 1) Jinoiy iqtisodiy faoliyat. Bu mutlaqo ma’n etilgan, qonun yo’li bilan ta’qib etiladigan ishlar bilan shug’ullanish, masalan, narkobiznes, pornobiznes, qurol biznesi va hokazolar; 2) g’ayriqonuniy, g’ayriiqtisodiy usullar bilan daromadlarni qayta taqsimlab o’zlashtirib olish, masalan, o’g’irlik, bosqinchilik, reket, poraxo’rlik; 3) ikkilamchi iqtisodiyot — kishilarga zarar keltirmaydigan, ular uchun naf beradigan, lekin rasman ruxsat etilmagan va davlat ro’yxatidan o’tmagan iqtisodiy faoliyat. Ularga yashirin tadbirkorlik, 1-2 va 5-10 kishi band bo’lgan yashirin kichik korxonalar faoliyati kiradi. Yashirin tadbirkorlik xizmati ko’rsatish, qishloq xo’jalik, qurilish, savdo, kiyim- kechak ishlab chiqarishda keng tarqalgan; 4) rasman ruxsat etilgan faoliyat bilan birga qo’shimcha ravishda yashirin ishlab chiqarishga qo’l urish, ochiq ishlaydigan korxonalarda qo’shimcha ravishda hisobga kirmagan mahsulot chiqarib, uni yashirin sotish; 5) mansabni suiiste’mol qilish va korrupsiyaga asoslangan iqtisodiy hatti-harakatlar. Bular jumlasiga davlat idoralaridagi poraxo’rlik, yashirin lobbizm, mansabdan foydalanib subsidiyalar olishni kiritish mumkin; 6) qalbakilashtirilgan iqtisodiy faoliyat, bu iqtisodiyot davlat sektoriga xos bo’lib, davlatni aldashga qaratiladi. Buning eng yaqqol namunasi davlat sektoridagi qo’shib yozishlar, qilinmagan ishlar uchun davlatdan haq olish va boshqalar Yashirin iqtisodiyotdagi ijtimoiy zararli faoliyat davlat tomonidan qat’iyan taqiqlanadi, hamma choralar bilan unga qarshi kurash olib boriladi, ijtimoiy foydali faoliyatning (norasmiy bo’lsada kishilar talab-ehtiyojlarini qondiradi) oshkoralikka chiqishi iqtisodiy jihatdan rag’batlantiriladi. Yashirin iqtisodiyot. miqyosi yashirin iqtisodiy aylanma, ya’ni ruxsat etilmagan tovar va xizmatlarni yaratish va ularni sotish hajmi bilan belgilanadi. Aylanma xufiyona bo’lganidan uning aniq hisob-kitobi bo’lmaydi. Buning o’rniga uni taxminan baholash usuli qo’llaniladi. Ayrim hisob-kitoblarga ko’ra, o’tgan asr oxirlarida yer yuzidagi yashirin iqtisodiy aylanma 8 trillion dollarga yoki jahon yalpi mahsulotining 27,5% ga teng bo’lgan. Biroq Yashirin iqtisodiyot miqyosi turli mamlakatlarda farqlanadi. Yashirin iqtisodiyot eng rivojlangan mamlakatlarga Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari kiradi. Masalan, 1999 yil Misr va Nigeriyada u yalpi ichki mahsulotning 70% ga teng bo’ldi. Yashirin iqtisodiyot hissasi eng kam bo’lgan mamlakat Osiyoda Yaponiya (1-2%), G’arbiy Yevropada Shveytsariya hisoblanadi. MDH mamlakatlarida Yashirin iqtisodiyot darajasi o’rtacha. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida, masalan, AQSh va Italiyada Yashirin iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi hissasi tegishlicha 6,4 va 11,4% ni tashkil etdi (1997). 21-asrga kelib iqtisodiyotining globallashuvi oqibatida Yashirin iqtisodiyot milliy doiradan chiqib xalqaro darajaga ko’tarildi. Yashirin iqtisodiyot globallashuvi bu bir mamlakatdagi Yashirin iqtisodiyot boshqa mamlakatga ko’chirilishida, nojo’ya biznes ishlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro firmalarning paydo bo’lishida ko’rinadi. Bunga misol qilib xalqaro narkobiznesni, yashirin qurol savdosini, ishchi kuchining yashirin migratsiyasini uyushtirishni, offshor zonalar orqali g’ayri qonuniy yo’llar bilan topilgan pulni “halollab” olish kabilarni ko’rsatish mumkin. Bular xalqaro hamjamiyatga katta xatar tug’diradi. Pulni chet mamlakatga yashirin chiqarib “halollab” olishga qarshi kurash maqsadlarida xalqaro hamjamiyat maxsus tashkilot — xalqaro moliyaviy harakatlar guruhini tashkil etgan (36 mamlakat a’zo; 2000). Ahmadjon O’lmasov, Sharifjon Qobilov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz