Yashash uchun kurash: asosiy vosita moslashuvchanlikmi?



Yer yuzidagi barcha organizmlar tashqi muhitda yashab qolishi va o‘zidan keyin nasl qoldirishi uchun turli xil moslashish xususiyatiga ega. Ba'zi o‘simliklar yirik tikanlar hosil qilsa, boshqalari tikanlari, barglari va ba'zan gullaridan-da voz kechib himoyalanishga o‘tadi. Bosh­qa tur o‘simliklari esa yer ustki qismidagi bo‘lagini quritib, ildizi bilan yer tagida moslasha oladi va qulay sharoit bo‘lganida, yana o‘sishda davom etadi.

 Jumladan, Avstraliyada o‘sayotgan baland poyali evkalit daraxti tashqi muhitga moslashib, o‘sib ketishi uchun bir yilda 1400 chelak suv bug‘latib, o‘zini saqlab qoladi. Shunday o‘simliklar ham borki, ular namli va suvli yerlarda o‘sadi, ularsiz rivojlana olmaydi. Lekin saksovul o‘simligi namlikni ko‘tara olmaydi, natijada u suvga tushib qolganida o‘sishdan to‘xtab, tez nobud bo‘ladi. Sababi - saksovul kserofit o‘simlik, u tanasidagi suvni kam bug‘latishga moslashgan bo‘ladi. Olimlar kuzatib, shuni ma'lum qildilarki, ba'zi o‘simliklar quyoshning botishi va chiqishi vaqtida harakatlanib, bosh­qa vaqtda esa tinch holatga o‘tadilar. Masalan, ertalabki soat 4 - 5 larda makka guli ochila boshlaydi va quyoshning harorati ko‘tarilishi bilan ularning harorati va ochilishi sust­lashib, yopila boshlaydi. Havo ochiq va issiq vaqtlarda momaqaymoq guli ochila boshlaydi, haroratning pasayishi bilan ular gullarining ochilishi sustlashib, so‘lib boradi.

Bunday o‘simliklarga misol qilib, sholi, g‘o‘za, nomozshomgul, kungaboqar kabilarni ham aytish mumkin. Taniqli olimlardan biri Karl Lenney gulli o‘simliklarning tashqi muhitga moslanishini o‘rganib, «gullar soati»ni yaratishni taklif qilgan edi. Bunday gul soatlar Unsalida XVIII asrning 20-yillarida paydo bo‘lgan. Masalan, echkisoqol o‘simligining guli tongda, 3-5 larda ochilsa, kechki soat 24:00 larda esa kaktusning guli yopila boshlaydi.

Bunday o‘zgarishlar kun va tunning o‘simliklarga ko‘rsatgan ta'siri natijasida yuz beradi. Masalan, klaver piyozi o‘simligining barglari kunduzi tarang va bo‘liq bo‘lib turadi, kechga borib esa so‘lib, quriy boshlaydi. Sababi - harorat ko‘tarila boshlaganda o‘simlik tarkibidagi suv ko‘p bug‘lanib ketadi, natijada tarang holatdagi barglar sekin-asta so‘liy boshlaydi.

Yana shuni aytish kerakki, dukkakdoshlar oilasi ba'zi vakillarining barglari ham haroratga qarab o‘zgarib, o‘z hayotini asrab qoladi, ya'ni ular bunday paytlarda uxlagandek bo‘lib ko‘rinadi.

O‘simliklarning uxlashi deyilganda, ularda vaqtga nisbatan organlarning ta'sir reaktsiyalari kuzatiladi. Bu narsa fanda piktinostik harakat deyiladi.

Barglarning sutkalik harorati ularning ichki va tashqi tomonlari o‘zaro teng emasligidan dalolat beradi. Agar ichki tomon tez o‘sa boshlasa, unda gul yaproqlari tashqa­riga qarab ochiladi. Agar tashqi tomoni tez o‘sa boshlasa, unda yaproqlari yopiladi. Kechki gul yaproqlarining tushib ketishi energiyani kam sarflashi tufayli yuzaga keladi. Kunduzi esa, bargning tortilishi fotosintez jarayoni uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.

Hayvonlarda ham tashqi muhitda yashab qolish uchun turli xil moslanishlar mavjud bo‘lib, bu holat faqat ularning tuzilishi yoki rangida emas, balki odatlari, instinktlari va xulq-atvorlarida - xavf sezganda qo‘rqitish holati, ota-onalik va uya, in qurish instinktlari, qushlarning kelib-ketishi hamda oziq g‘amlashida ifodalanadi.

Hasharotlarda boshqa yirtqich hayvonlardan himoyalanishning har xil usullari mavjud. Hasharotlar tanasining rangi va shakli xilma-xil bo‘lib, qo‘shimcha atrof-muhit rangiga, ba'zan narsalarning shakliga o‘xshash bo‘ladi. Bu o‘xshashlik ularga dushmanlaridan qutulib qolish yoki o‘z o‘ljasini sezdirmasdan qo‘lga tushirish imkonini beradi. Masalan, odimlovchi kapalak qurti xavf tug‘ilganda orqa oyoqlari bilan shoxga yopishib va tanasining oldingi tomonini ko‘tarib, qimirlamasdan bir soatdan ortiqroq turishi mumkin.

Janubiy Amerikada tarqalgan qo‘ng‘izning ko‘rinishi hayvonlar ekskremintini eslatadi. Hashoratlarning himoya rangi tabiatdagi uzoq davom etgan tabiiy tanlanish natijasida paydo bo‘lgan foydali moslashuv vositasidan iborat. Ushbu moslashuv tufayli hech qanday himoya vositasiga ega bo‘lmagan hashoratlar o‘z dushmanlaridan saqlanish imkoniga ega bo‘ladi, ya'ni ular yirt­qich hayvonlar ko‘ziga kam tashlanadi. Himoya rangi va maskirovka hayvonlarni doimo dushmandan saqlaydi, deb bo‘lmaydi. Biroq moslashgan organizmlar moslashmaganiga nisbatan kam nobud bo‘ladi.

Moslanishlar hayvonlarda xilma-xil ko‘rinishda bo‘ladi, masalan: yashash sharoiti bir xil bo‘lganda organizmlar turlicha moslashadi. Krot bilan ko‘rsichqon yer kovlaydigan hayvon hisoblanadi, biroq krot yerni oyoqlari bilan qaziydi, ko‘rsich­qon esa boshi va kuchli qoziq tishlari bilan yer ostidan yo‘l ochadi.

Tyulen kurak oyoqlari, delfin esa suzgich dumlari yordamida suzadi. Organizmlarning serpushtligi turni saqlash uchun vositadir. Nasli yoppasiga qirilib ketadigan turlar, masalan, parazit chuvalchang­lar, baliqlarning ko‘p turlari haddan ziyod nasl berishi bunga yaqqol misoldir. Mayda kuchsiz hayvonlar - sichqonsimon kemiruvchilar, shuningdek, ko‘p hasharotlar serpushtligi bilan farq qiladi. Nas­lini himoya qilish instinkti rivojlangan turlar unchalik serpusht emas. Kalyushka balig‘ining urg‘ochisi erkagi yasagan uyaga atiga 120-150 dona tuxum qo‘yadi. Erkagi urug‘langan tuxumni va mayda baliqchalarni himoya qiladi. Treska balig‘i esa 4 milliontagacha uvildiriq tashlaydi, bu bilan, tabiiyki, naslini himoya qilmaydi.

Chuchuk suv havzalarida uchraydigan tikan balig‘ining erkagi urchish davrida suv o‘tlarini so‘lak bezlari ishlab chiqaradigan suyuqligi bilan yopishtirib, urg‘ochilari uchun qulay uya yasaydi. Bu uyaga bir necha baliq tuxum qo‘yadi. Erkak baliqlar uyaga qo‘yilgan tuxumlarni urug‘lantiradi va tuxumdan chiqqan baliqchalarni mustaqil oziqlantiradigan darajagacha himoya qiladi. Dengiz otchasi esa uya qurmaydi, lekin erkaklari tuxumlarini qornidagi maxsus xaltachasida olib yuradi.

Afrikaning chuchuk suv havzalarida yashovchi tilyapiya balig‘ining o‘z avlodiga g‘amxo‘rlik qilish instink­ti yanada kuchli rivojlangan. Tilyapiyaning erkaklari urg‘ochilari tashlagan tuxumlarini og‘iz bo‘shlig‘ida olib yurishga moslashgan, ularga biror xavf tug‘ilgudek bo‘lsa, kichkina baliqlar ham uning og‘ziga kirib, jon saqlashga moslashgan bo‘ladi.

Organizmlardagi moslanishlar mutlaq bo‘lmay, balki nisbiydir, masalan, qishda quyosh charaqlab chiqqanda oq kurapatka qorga qalin soya solib, o‘zini sezdirib qo‘yadi.

Oq tovushqon qalin qor yoqqanda o‘rmonda sezilmaydi. Daraxtlarning qoramtirroq fonida ko‘rinib qoladi. Tungi kapalaklar nobud bo‘lishiga qaramay, olovga tomon uchadi. Ulardagi instinktlar olovga tortadi, chunki ular kechasi yaxshi ko‘rinadigan, asosan oq gullardan nektar yig‘adi. Jarqaldirg‘ochning qanotlari uzun, oyoqlari esa kalta bo‘lgani bois, tekis joydan parvoz etolmaydi. U tramplin singari biron narsaning chekkasidan itarilibgina uchadi.

O‘simliklarning hayvonlarga yem bo‘lishiga to‘sqinlik qiluvchi moslanishlari nisbiydir. Masalan, lishaynikning zamburug‘li iplari u bilan birga yashaydigan suv o‘tlarini nobud qiladi.

Xurshidabonu Ostonova,“Marifat” gazetasidan






Uzpedia.uz