YAROSLAVL



YAROSLAVL — Rossiya Federatsiyasi Yaroslavl viloyatidagi shahar, viloyat markazi. Volga daryosi bo’yidagi Daryo porti, temir yo’l chorrahasi. Aholisi 613,1 ming kishi (2002). Yaroslavlga 1010 yilda Buyuk Kiyev knyazi Yaroslav Mudriy asos solgan. Yaroslavl yilnomalarda dastlab 1071 yilda tilga olingan. 11-12-asrlarda chegaradagi istehkom. 1218 yildan Yaroslavl knyazligi markazi, 1463 yilda Moskva knyazligiga qo’shib olingan. 1777 yildan Yaroslavl noibligi (1796 yildan — gubernyasi) markazi. 16-17-asrlarda Yaroslavl yirik temirchilik savdo markazi, 18-asrda esa manufaktura markazi bo’lib qoldi. Sanoatida kimyo, mashinasozlik va to’qimachilik yetakchi o’rinda. Yirik korxonalari: asbobsozlik, dizel apparaturalari, shina, motorsozlik, sintetik kauchuk, texnik rezina buyumlari, elektr mashinasozligi, polimer mashinasozligi, yog’ochsozlik uskunalari, kemasozlik, kimyo mashinasozligi, radiozavod, to’qimachilik, poligrafiya kombinatlari. Neftni qayta ishlash zavoi, poyabzal, tikuvchilik, tamaki-sigareta fabrikalari, oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyat ko’rsatadi. 5 oliy o’quv yurti (shu jumladan, universitet), 3 teatr, tarixiy-me’morlik muzey qo’riqxonasi, planetariy, telemarkaz bor. Qadimiy me’moriy yodgorliklardan Ilya Prorok, Nikola mokriy, Ioann Predtecha cherkovlari (barchasi 17-asr) saqlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz