YARASHEV SATTOR
YARASHEV SATTOR (1915.26.2, Vobkent tumani — 1991.13.2, Toshkent) — xonanda (lirik-dramatik tenor), sozanda (tanbur), O’zbekiston xalq artisti (1959). To’la, nihoyatda kuchli, chiroyli va ta’sirchan ovoz sohibi. Ijrochilik uslubi opera xonandaligi hamda milliy ashulachilik an’analarining uyg’unlashuviga asoslangan. Moskvadagi O’zbek opera studiyasi (1952), Toshkent konservatoriyasi (1972) ni tugatgan. Ashulachilik va tanbur ijrochiligini E. Kurbonovdan, keyinchalik mumtoz ashula yo’llarini Yu.Rajabiy, O.Nuriddinovlardan o’rgangan. Vobkent tuman kolxoz—sovxoz teatri artisti (1934 yildan) va direktori (1938-40), Buxoro teatri (1940-43), Yangiyo’l teatri (1943— 44), “Toshsovet” nomli teatr (1944-47) artisti. Bu davrda o’zbek musiqali dramalarida Tohir (“Tohir va Zuhra”; T. Jalilov), Mu qanna (“Muqanna”; Yu.Rajabiy va G. Mushel), Farhod (“Farhod va Shirin”; Yu.Rajabiy va B.Nadejdin) va boshqalar obrazlarni yaratgan. 1952— 70 yillarda Navoiy teatrida yakkaxon xonanda bo’lgan, 1967 yildan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida dars bergan. Uning iste’dodi, ayniqsa, Qays (“Layli va Majnun”, T.Sodiqov, R.Glier), Cho’ponali (“Maysaraning ishi”, S.Yudakov), Moniy, Furqat (“Dilorom”, “shoir qalbi”, M. Ashrafiy), Yo’lchi (“zulmatdan ziyo”, R. Hamroev), Ravshan (“ko’r o’g’li”, u.Hojibekov) va boshqalar partiyalarda namoyon bo’lgan. Kontsert repertuaridan maqom yo’llari va mumtoz ashulalar (“Ushshoq”, “Dugoh”, “Segoh”, “Feruz”, “Miskin”), bastakorlar asarlari (“qonga botsin”, J. Sultonov va boshqalar), o’zbek kompozitorlari asarlari (“jon O’zbekiston”, S.Yudakov; “Vatan”, M.Burhonov; “Paxtakorlarga”, D.Zokirov) o’rin olgan. Yarashev Ijodiga bag’ishlangan videofilm va telefilm (1989) suratga olingan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz