Yaqindagi uzoq odamlar



Tushimga buvim kiribdilar. Nimagadir mendan xafaliklarini sezdim. Adangizga yaxshi qaranglar bolam, dedilaru, g‘oyib bo‘ldilar. Vafot etgan buvimning bu gaplaridan sergak tortdim: oxirgi marta otam bilan qachon tuzukroq gaplashdim? Qachon ko‘ylaklarini yuvib bergandim-a? Ba’zan bolam-chaqam, ro‘zg‘or deb tinmay ishlayotgan otamning qachon kelib, qachon ketganlarini ham bilmay qolaman. Ha, buvim tushda bo‘lsa ham meni muhim narsadan ogohlantirdilar. Menga yaqinlarim kerak. Men faqat ular betob bo‘lib qolganda emas, balki har kuni ularning ahvoli bilan qiziqishim lozim. Shu o‘rinda mavzuga doir dugonamning hikoyasi yodimga tushdi. Razm solsam, hammamiz o‘z ishimizdan, o‘y-xayollarimizdan ortmay qolganmiz. Ro‘zg‘or atalmish zil-zambil aravani tortish uchun qayoqqadir yuguramiz, shoshamiz. Otaning o‘g‘il bilan, onaning qiz bilan gaplashishga vaqti yo‘q. Kuzatsam, onam ishdan kelib uyqusiragancha uy yumushlarini buyurishdan, otam o‘qishlaring yaxshimi, deb so‘rashdan nariga o‘tishmaydi. «Ha, bularni boqayapman, ertangi tushlik pulini berdim-ku», balki shunday o‘ylar otam. «Qizimning sarposiga qizil duxoba oldim, sarig‘iga oyligim yetarmikan», bu onamning ko‘ngillaridan o‘tgani. To‘g‘ri, ota-onam ishlashlari kerak. Ammo bizni uzoqlashtirgani uchun ba’zan ishni ham yomon ko‘rib ketaman.  Kech kirib, dasturxon atrofiga yig‘ilganda ham mavzu bozordagi narx-navo va kimningdir oilaviy qo‘ydi-chiqdisi haqida boradi. Bo‘g‘ilib ketaman, yetti yot begonani soatlab muhokama qilamiz. Bizga aloqasi yo‘q ishlarga aralashib yuramiz. Go‘yoki  yonginamizda o‘tirganlar bilan aytib sirlashadigan, maslahatlashadigan gapimiz yo‘qdek. Ba’zan shunchaki tanishimizning ishini bitirish uchun ham vaqt ajratamiz. Asli bir-biriga juda yaqin insonlarning ko‘ngli yaqin emasligiga sabab nima? Goho onalarning bolam aytganimni qilmaydi, deb noliganini eshitib qolamiz. Qiziq, nega farzand onasining gapiga quloq solmaydi? Ayrim oilalarda ota bilan farzand o‘rtasida ko‘rinmas «jarlik» paydo bo‘lgan. Bir qarashda hammasi ko‘ngildagidek tuyulsa-da, ammo bolalarning ota-onadan uzoqlashishiga, ba’zan ota-onalarning o‘zi sababchi bo‘lib qoladi. Fikrimni izohlashga harakat qilaman. Ayol kishi uyda kam bo‘ladigan xonadonda janjal ko‘p bo‘ladi. Hozir esa davr ayolning ishlashini ham taqozo qilyapti. Biroq, ota-onalik mas’uliyati faqat bolani boqish bilan o‘lchanganda u juda yengil bo‘lardi. Bola uchun tarbiyadan muhimroq libos, ilmdan afzalroq boylik bo‘lmasa kerak. Ko‘p kuzatganman, o‘ziga to‘q oila farzandlari biroz bemehrroq bo‘lib o‘sadi.  Ularga ota-onasi istagan narsasini muhayyo qilib bersa ham nimadandir norozi bo‘laveradilar. O‘rtahol oilada garchi farzandlar soni ko‘p, birinikini biri kiyib ulg‘aysa ham jigar-jon bo‘lib voyaga yetadilar. Demak, bolani hech nimadan  kam qilmay yoki o‘rtamiyona boqish uning tarbiyasini belgilamaydi. Nazarimda, farzand va ona o‘rtasida ko‘rinmas jarlik paydo bo‘lishining ham bir qancha sabablari bor. Bugungi kunda ko‘pchilik talabaligida turmushga chiqqan qizlar farzandlik bo‘lgach, uni boqish uchun enaga yollaydilar. Xo‘p, talabaning-ku o‘qishi bor, ammo, bola boqishga ham jismonan, ham ruhan tayyor bo‘la turib enaga yollashni oqlash qiyin. Ehtimol enagalarning tajribasi ko‘p bo‘lishi mumkin, biroq bola uchun u haqiqiy ma’noda ona o‘rnini bosa olarmikan? Axir xalqimiz bejizga tuqqan ona emas, boqqan ona deb aytmagan. Qolaversa, eng nozik paytidan to oyoqqa turguncha boqib, tarbiyalagan enaga bolaga yaqin bo‘lib qoladi. O‘z onasidan kerak paytida g‘amxo‘rlik  ko‘rmagan bola kelajakda volidasiga mehribon bo‘ladi, deb kim kafolat bera oladi? 



Uzpedia.uz