YAPONIYA



YAPONIYA (yaponcha Nippon, Nixon) — Sharqiy Osiyoda, tinch okeandagi Orollarda joylashgan davlat. Yaponiya hududida 6,8 mingga yaqin Orol bo’lib, shimoli sharqdan Janubi g’arbga qariyb 3,5 ming kilometrga cho’zilgan; eng yirik orollari: Xokkaydo, Xonsyu, Sekoku va Kyusyu. Shimoldan Oxota dengizi, Sharq va Janubi sharqdan tinch okean, g’arbdan Yapon va Sharqiy xitoy dengizlari bilan o’ralgan. Maydoni 377,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 127,8 million kishi (2004). Poytaxti — Tokio shahri. Yaponiya ma’muriy jihatdan 47 prefekturaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Yaponiya — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1947 yil 3 mayda kuchga kirgan (keyinchalik tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshlig’i — imperator (1989 yildan Akixito). Konstitutsiyaning 1-moddasiga ko’ra, u “davlat va xalq birligi ramzi”dir. Imperator oilasining yer a’zolari imperatorlik taxti uchun merosxo’r hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq, imperator mustaqil hokimiyatga ega emas. Imperatorning davlat ishlariga aloqador bo’lgan har qanday faoliyati Vazirlar Mahkamasi maslahati va ma’qullashi bilan amalga oshiriladi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyatni 2 palatali parlament (Vakillar palatasi va maslahatchilar palatasi), ijroiya hokimiyatni Bosh vazir boshchiligidagi hukumat (Vazirlar Mahkamasi) amalga oshiradi. Tabiati. Yaponiya mo’tadil, subtropik va tropik mintaqalarda joylashgan. Qirg’oq chizig’ining umumiy uzunligi 30 ming kilometrga yaqin. Xonsyu orolining Janub sohili, Sekoku va Kyusyu orollarining qirg’oqlarida qo’ltiq ko’p; bu yerda murakkab qirg’oq chizig’iga ega bo’lgan ichki Yapon dengizi joylashgan. Ryukyuning Janub orollari marjon riflari bilan o’ralgan. Yaponiya hududining 3/4 qismi qir va tog’lardan iborat; pasttekisliklar sohil bo’ylab ayrim-ayrim joylashgan. Xokkaydo oroldagi tizmalarning ba’zi cho’qqilari 2000 metrdan oshadi (Asaxi cho’qqisi — 2290 metr). Xonsyu orolining shimol qismida 3 ta bo’ylama tog’ tizmalari bo’lib, ular vodiy va soyliklar bilan bo’lingan; orolda bir qancha vulkan, jumladan, ya.dagi eng baland vulkan — Fudziyama (balandligi 3776 metr) qad ko’targan. Xonsyu orolining Markaziy qismidagi tizmalarning cho’qqilari Alp tselefli va yilning ko’p qismida qor bilan qoplanib turadi. Sekoku orolining eng baland joyi 1981 metr (Isidzuti cho’qqisi), Kyusyu orolniki 1788 metr (Kudzyu vulkani). Yaponiya hududi kuchli seysmik zonada joylashgan (1855, 1891, 1897, 1923, 1995 yillarda falokatli zilzilalar bo’lgan). Yaponiyadagi 150 vulkandan 40 tachasi so’nmagan. Vulkanli rayonlarda mineral va termal buloqlar ko’p. 26 mingdan ortiq issiq suv manbalari bor. Foydali qazilmalardan ko’mir, gaz, temir rudasi, oltingugurt, marganes, qo’rg’oshinrux, mis rudalari neft, xromit, oltin, kumush, pirit, Kaolin, talk va simob konlari mavjud. Iqlimi mussonli, shimolda mo’tadil, Janubda subtropik, Ryukyu orollarida asosan tropik iqlim. Xokkaydo orolda, Sapporoda yanvarning o’rtacha temperaturasi -5°, iyulniki 22°, Okinavada yanvarning o’rtacha temperaturasi 16°, iyulniki 28°. Materikdan esgan qishki musson металлопрокат в ассортименте hududiga sovuq havo olib keladi va ko’p yog’in keltiradi. Yiliga 30 martagacha tayfun bo’ladi; bu vaqtda kuchli shamol esib, jala quyadi, o’rtacha yillik yog’in 1800 millimetr; Xokkaydo orolining sharqida yillik yog’in 800-1200 millimetr, Sekoku va Kyusyu orollarida 3000 millimetr, ba’zi joylarda 4000 millimetrgacha. Yaponiyaning daryolari qisqa, sersuv va tez oqadi. 24 ta eng katta daryosidan faqat 6 tasining uzunligi 200 kilometrdan oshadi, jumladan, Sinano daryosining uzunligi 367 kilometr. Tayfun vaqtida daryolar toshadi. Ko’pgina daryolarning suvi sug’orishga va gidroenergiya resurslari sifatida sarflanadi. Mayda ko’l ko’p va ular ichimlik suvi manbai bo’lib xizmat qiladi. Eng katta ko’l — Biva (maydoni 670,2 kilometr kvadrat, chuqurligi 103,8 metr). Tuproqlari shimolda podzol va o’tloqibotqoq, Janubda qo’ng’ir o’rmon, subtropik va tropiklarda sariq va qizil tuproq. Tekisliklarda Allyuvial tuproqlar tarqalgan. Yaponiya hududining 67% o’rmon va butazorlardan iborat; o’rmonlarining 41,4% ekib o’stirilgan. Jami 700 turdan ko’p daraxt va buta hamda 5599 tur o’t o’simligi o’sadi. Endemik o’simlik ko’p. O’rmonlar, asosan, igna bargli va keng bargli daraxtlardan iborat. Yaponiyada sut emizuvchi hayvonlarning 132 turi, qushlarning 490 turi, sudralib yuruvchilarning 110 turi mavjud. Yaponiya qirg’oqlariga tutash dengiz suvlarida baliqlarning 3000 ga yaqin turi, mollyuskalarning 1200 dan ortiq turi yashaydi. Aholisining 99% dan ko’pi yaponlar. Xokkaydo orolda mamlakatning eng qadimiy aholisi — aynlar (50 ming kishi atrofida) saqlanib qolgan. Shuningdek, koreys, Xitoy va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — yapon tili. Asosiy dinlari — sintoizm va buddizm; konfutsiylik va daosizm aqidalari katta ta’sirga ega. Xristianlik, Islom va hinduizmga e’tiqod qiluvchilar ham mavjud. Xristianlik 16-asr o’rtalaridan, Islom 19-asr oxiridan kirib borgan; xristianlar 1,5 millionga yaqin, musulmonlar 100 ming kishi chamasida. 1935 yil Tokio va Kobe shahrilarida dastlabki masjidlar qurilgan. 1956 yildan Yaponiya Musulmonlar uyushmasi va 1966 yildan Yaponiya Islom markazi mavjud. Aholining 77% shaharlarda yashaydi (2002). Yirik shaharlari: Tokio, Yokoxama, Osaka, Nagoya, Sapporo, Kobe, Kioto. Tarixi. Yaponiya hududida qadimiy odam izlari paleolit davriga oid. Taxminan miloddan avvalgi 8000-300 yillarda neolit davri madaniyati — dzyomon (idishlarga bitilgan ipsimon naqshlarga qarab nomlangan) mavjud bo’lgan. O’sha davr moddiy yodgorliklarini o’rganish Yaponiyaning qadimiy aholisi, asosan, Janubiy Sharqiy Osiyodan kirib borganini ko’rsatadi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik mobaynida Janub mo’g’ul tipidagi qabilalar kelgan. Miloddan avvalgi 1 ming yillik arafasida Yaponiyada asosiy qismini aynlar tashkil etgan etnik aholi tarkib topdi. Miloddan avvalgi 5-4-asrlarda dehqonchilik, chorvachilik rivojlangan, metall qurollar qo’llanilgan. Milodning boshlarida ijtimoiy tabaqalanish kuchaydi; qulchilik paydo bo’ldi. 4-asr o’rtalarida tashkil topgan yirik qabilalar Ittifoqi — Yamato asosida ilk yapon davlati tarkib topdi. 5-asrdan ieroglif yozuvi, 6-asrdan buddizm tarqaldi. Yamato hukmdorlari tashqi aloqalarda “tenno” unvonini qo’llay boshlagan. Bu unvon hozirgacha ham saqlangan va Yevropa tillariga “imperator” so’zi bilan tarjima qilinadi. 646 yil yer davlat mulki deb e’lon qilindi, aholi esa davlat chek erlari egasiga aylandi. Yarim erkin dehqonlar zodagonga qaram dehqonlar bilan tenglashtirildi. Xitoydagi tan davlati tipida Markaziy ma’muriyat tuzildi. 710 yilda birinchi doimiy poytaxt — Nara qurildi, 794 yilda poytaxt Kioto (Xeyan)ga ko’chirildi. 8-asrda mamlakat Janubdagi avstronezlarning singdirilishi natijasida yapon millati shakllandi. 10-asrda davlat chek yer egaligi tizimi barham topib, aslzoda va ibodatxonalarning yer-mulklari (syoen) yerga egalikning asosiy shakliga aylandi. 11-asrdan sardorlar boshchiligida harbiy zodagonlar guruhlari tashkil topa boshladi. 12-asrning o’rtalarida Xonsyudan shimoli Sharqda Minamoto, Janubi g’arbda Tayra ulardan eng yirigi edi. Bu xonadonlarning o’zaro kurashi 1185 yilda Tayraning mag’lubiyati bilan tugadi. 1192 yilda shimoli sharqliklar o’z sardorlari Yoritomo Minamotoni syogun (sarkarda) unvoni bilan davlatning hukmdori deb e’lon qildilar. Imperator sulolasi syogunlar hukmronligini xalq oldida qonuniy bo’lishini kafolatlab turish uchun nomigagina saqlab qolindi. Qarorgohi Kamakura shahrida joylashgan syogunlarga harbiylar tabaqasi (busi) va shaxsiy vassallar (ular ma’muriy mansablarni egalladilar) asosiy tayanch bo’ldi. Busi tabaqasining quyi qismi mayda harbiy dvoryanlar — samuraylardan iborat edi. Xitoy va Koreyani zabt etgan mo’g’ullar 1274 va 1281 yillarda Yaponiyaga qarshi ekspeditsiyalar uyushtirdilar, lekin bu yurishlar muvaffaqiyatsiz chiqdi. Dengizda paydo bo’lgan kuchli tayfun mo’g’ul qo’shinlarini halok qildi. Yaponiya Tarixida bu tayfun “kamikadze” (“ilohiy shamol”) nomini oldi. 13-asrdan savdo va hunarmandchilik korporasiyalari (dza) soni orta boshladi. 14-16-asrlarda syoendan yirik zamindorlik — knyazlikka o’tildi. 15-16-asrlarda deyarli uzluksiz dehqonlar qo’zg’olonlari bo’lib turdi. 1485-93 yillarda bo’lib o’tgan Yamasiro qo’zg’oloni ulardan eng yirigi edi. 15-16-asrlarda Yaponiya bilan Xitoy va Koreya o’rtasida savdosotiq avj oldi. 16-asrning o’rtalaridan Yaponiyaga kirib kelgan yevropalik missionerlar xristianlikni tarqata boshladilar. 1603 yil Ieyasu Tokugava (1542-1616) syogun deb e’lon qilindi va uning qarorgohi Edo (hozirgi Tokio)ga ko’chirildi. Tokugava syogunlari sulosasi mamlakatni 1867 yilgacha boshqardi. Ularning hukmronligi davrida Yaponiya markazlashgan monarxiya davlatiga aylandi. Hukumat qat’iy qoidalar bilan 4 tabaqa tizimi (Samuray, dehqon, hunarmand va savdogarlar) ni o’rnatdi. Tokugava hukumatining Yevropaliklar ekspansiyasi va xristianlik xalq harakatining mafkurasiga aylanayotganligiga qarshi qator tadbirlarni ko’rishi natijasida Yaponiya qariyb 2,5 asr mobaynida “yopiq” davlatga aylandi. Shu yo’l bilan mamlakat mustamlaka bo’lishdan saqlanib qoldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlari Tokugavalar Yaponiyasi uchun eng yuksalish davri bo’ddi. Bu davrda aholining savodxonlik darajasi jahon miqyosida ham ilg’or o’ringa chiqdi. 18-asr oxiri — 19-asrning 1-yarmida manufakturalar paydo bo’la boshladi. 1854-58 yillarda AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya bilan tuzilgan Ansey shartnomalariga ko’ra, Yaponiya o’z holicha ajralib yashash siyosatidan voz kechishga majbur bo’ddi va suvereniteti cheklangan holda jahon bozoriga qo’shildi. 1867-68 yillarda Yaponiyada dehqonlar, shahar kambag’allari, savdo-sanoat korchalonlari, dvoryanlarning quyi tabaqalari, saroy aslzodalari va muxolifatdagi ba’zi yirik zodagonlardan iborat keng omma syogunlarga qarshi chiqdi. Natijada burjua inqilobi — Meydzi isin sodir bo’ldi, syogun hukumati ag’darildi va hokimiyat imperator Musuxito (1867-1912 yillarda hukmronlik qilgan) qo’liga o’tdi. Shu davrdan boshlab Yaponiya imperator va uning hukumati boshchiligida tub ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar yo’liga o’tib, tezlashgan modernizatsiya orqali G’arb davlatlari darajasiga etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. 1869 yilda poytaxt rasman Tokioga ko’chirildi. 1871-72 yillarda knyazliklar tugatilib, o’rniga prefekturalar tashkil etildi, avvalgi 4 tabaqa o’rniga 3 tabaqa [oliy dvoryanlar (sobiq Zodagon knyazlar, saroy aslzodalari), dvoryanlar (barcha sobiq samuraylar), oddiy xalq (bunga savdosanoat korchalonlari ham kiritildi)] ta’sis etildi. Barcha tabaqalarning tengligi, kasb tanlash va mamlakat bo’ylab ko’chib yurish erkinligi haqida qonunlar qabul qilindi. 1872 -73 yillarda o’tkazilgan yer islohotidan keyin yer, asosan, dvoryan yer egalari va boy dehqonlar qo’liga o’tdi. 1873 yildan mamlakatda yil sanasini belgilashda imperator hukmronlik qilgan davr nomi bilan bir qatorda Grigoriy kalendari ham joriy etildi. 1879 yil birinchi siyosiy partiya tuzildi. 1868-85 yillarda xususiy sarmoya yordamida qishloq xo’jaligi xom ashyosiga ishlov beradigan 1300 korxona qurildi. 1889 yil imperatorga mutlaq vakolatlar beruvchi Konstitutsiya qabul qilindi, 1890 yilda parlament ta’sis etildi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Yaponiyaning hukmron doiralari agressiv tashqi siyosat tuta boshlab, 1894 yilda Koreyada qo’tarilgan dehqonlar qo’zgolonini bostirish niqobi ostida u yerga qo’shin yubordi va Xitoy bilan bo’lgan urush (1894-95) natijasida Tayvan va Penxuledao orollarini, rusyapon urushi (1904-05) oqibatida esa shimol Saxalinni egalladi. Yaponiya va Buyuk Britaniya o’rtasida 1902, 1905 va 1911 yillarda imzolangan shartnomalar asosida o’zaro hamkorlik harbiy-siyosiy ittifoq darajasiga ko’tarildi va ikki tomon Koreya hamda Xitoyda o’z mavqelarini yanada mustahkamladi. 1910 yil avgustda ya. Koreyani o’z mustamlakasiga aylantirdi. Yapon monopoliyalari Janubiy Manjuriyani, keyinroq Xitoyning boshqa rayonlarini o’z ta’sir doirasiga kiritdi. 1-jahon urushi boshlanishidan Yaponiya hukmron doiralari uzoq Sharqdagi o’z mavqelarini yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun foydalandilar. 1914 yil 23 avgustda Yaponiya Germaniyaga qarshi urush ochdi va oktyabrda Germaniyaga qarashli Marshall, Mariana, Karolina orollarini, shuningdek, Xitoyning Shan’dun Provintsiyasini u yerda Germaniya ijaraga olgan hudud bilan birga bosib oldi. Yaponiyaning mustamlakachilik siyosati kuchayib 1918-22 yillarda uzoq Sharqdagi Rossiyaga qarashli bir qancha o’lkalarni ishg’ol etib turdi. 1920 yildan Yaponiya iqtisodiyotida tushkunlik boshlanib, u 1925 yilgacha davom etdi. 1925 yil 20 yanvardan Yaponiya bilan sobiq SSSR o’rtasida o’zaro munosabatlarning asosiy tamoyillari to’g’risida Pekin konventsiyasi imzolandi. 1926 yil 25 dekabrda Yaponiya taxtiga imperator Xiroxito (1901-89) o’tirdi. 1929-33 yillarda bo’lgan jahon iqtisodiy inqirozi natijasida vujudga kelgan holatda Yaponiyada harbiyfashistik diktatura o’rnatishga intiluvchi o’ta reaktsion “yosh ofitserlar” guruhi faollashdi. 1931 yil Yaponiya Manjuriyani bosib olishga kirishdi. 1933-36 yillarda Xitoyga qarshi agressiyani kuchaytirdi. 1936 yil 25 noyabrda ya. fashistlar Germaniyasi bilan “Antikomintern pakti”ni imzoladi. 1937 yil iyulda Xitoyni bosib olish uchun urush boshladi va 1938 yil uning butun Sharqiy qismini bosib oldi. Yaponiya qo’shinlari sho’ro armiyasi tomonidan Hasan ko’li yonida (1938) va Xalxingol jangi (1939)da tormor keltirilgach, Yaponiya hukumati Yevropa davlatlari va AQSh ning Janubiy Sharqiy Osiyodagi mustamlakalariga hujum qilishga o’tdi. 1940 yil Hindixitoyning shimol qismini bosib oldi. Shu yil 27 sentyabrda Germaniya, Italiya va Yaponiya o’rtasida “Uchlar pakti” imzolandi. 2-jahon urushida Germaniya va Italiya ittifoqchisi sifatida qatnashdi. 1941 yil 7 dekabrda Yaponiya AQShning Pyorl- Xarbordagi harbiy bazasiga hujum qilishi bilan 2-jahon urushiga kirdi. 1942 yil Yaponiya imperiyasi Buyuk Britaniya va Frantsiyaning Janubiy Sharqiy Osiyodagi ko’plab mustamlakalarini egallab ulkan hududni o’z nazoratiga oldi. Ammo 1943 yildan egallagan hududlarini yo’qota boshladi. 1945 yil AQSh harbiy-havo kuchlari Yaponiyaning Xirosima (6 avgust) va Nagasaki (9 avgust) shahrilariga atom bombasi tashladi. Sovet hukumati 1945 yil 9 avgustda Yaponiyaga qarshi Manjuriya strategik operatsiyasini boshladi. 1945 yil 2 sentyabrda Yaponiya so’zsiz taslim bo’lganligi to’g’risidagi aktga imzo chekdi va uning hududini ittifoqchilar nomidan AQSh qo’shinlari okkupatsiya qildi. 1946-48 yillarda bo’lib o’tgan Tokio sud jarayonida asosiy yapon harbiy jinoyatchilari jazoga tortildi. Urushdan so’ng Yaponiyada tub siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o’tkazilib, qurolli kuchlar va o’ng tashkilotlar tarqatib yuborildi, dvoryan yer egaligi tugatildi, avvalgi monopolistik kontsernlar qayta tashkil etildi. 1947 yilgi Konstitutsiyaga binoan mamlakat xalqaro mojarolarni qurol kuchi bilan hal qilishdan va shu maqsadda qurolli kuchlar tuzishdan voz kechdi. 1951 yil 8 sentyabrda Yaponiya bilan AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya va boshqalar davlatlar o’rtasida Sanfrantsisko sulh shartnomasi imzolanib, mamlakat suvereniteti tiklandi hamda Yaponiya bosib olgan barcha mustamlakalaridan voz kechdi. Shu yili Yaponiya bilan AQSh o’rtasida imzolangan xavfsizlikni kafolatlash to’g’risidagi shartnomaga ko’ra, Yaponiyada AQSh harbiy bazalari joylashtirildi. 1956 yil 19 oktyabrda SSSR bilan Yaponiya o’rtasida urush holatiga barham berish, diplomatiya munosabatlarini tiklash to’g’risida qo’shma bayonot imzolandi. 1950-yillar boshidan Yaponiya Iqtisodiyoti tez sur’atlar bilan rivojlandi. 1960-yillarning oxiriga kelib “yapon mo’jizasi” atamasi paydo bo’ldi va u yalpi milliy mahsulot va sanoat ishlab chiqarish hajmi bo’yicha kapitalistik dunyoda 2-o’ringa chiqdi. 1990-yillarda Yaponiya jahon miqyosidagi eng katta sarmoyador davlatga aylandi. Yaponiya — 1956 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 23 dekabr — imperator tug’ilgan kun (1933). O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan va 1992 yil 26 yanvarda diplomatiya munosabatlarini o’rnatgan. Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Liberal-demokratik partiya, 1955 yil asos solingan; Yaponiya demokratik partiyasi, 1996 yil tuzilgan; yangi Komeyto partiyasi, 1964 yil tashkil etilgan; Yaponiya Sotsial-demokratik partiyasi, 1945 yil asos solingan; Yaponiya Kommunistik partiyasi, 1922 yil tashkil etilgan; yangi konservativ partiya, 2002 yil tuzilgan. Yaponiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi — Sinrengo, 1989 yil 21 noyabrda Yaponiya Kasaba uyushmalari Bosh kengashi (1950 yil tuzilgan) va umumyapon xususiy korxonalar xodimlari kasaba uyushmasi (1987 yil tashkil etilgan)ning qo’shilishi natijasida tuzilgan. Xo’jaligi. Yaponiya — iqtisodiy qudrati bo’yicha jahonda AQShdan keying o’rinda turadigan yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat. Sanoat ishlab chiqarishning umumiy hajmi bo’yicha jahonda oldingi o’rinlardan birini egallaydi. Ulkan korxonalar bilan birga mayda korxonalar ham mavjud (ayniqsa, yengil va oziq-ovqat sanoatida). Yaponiya iqtisodiyoti chetdan keltiriladigan xom ashyo va yoqilg’iga asoslangan. Yaponiya jahon bozoriga sanoatning fanga asoslangan murakkab tarmoqlari mahsulotlari, zamonaviy konstruktsion materiallar yetkazib beruvchi mamlakat. Yaponiya jahon yalpi milliy mahsulotining 13% dan ortig’ini ishlab chiqarish bilan birga, yirik xalqaro iqtisodiy, savdo va moliya tashkilotlari hamda “sakkizlik” davlatlarida yetakchi mavqega ega. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 38%, qishloq, o’rmon xo’jaligi va baliq ovlashniki 2%, xizmat ko’rsatish tarmog’iniki 60% ni tashkil etadi. Yalpi ichki mahsuloti 4,3 trillion AQSh dollariga teng (2003). Sanoatida iqtisodiy faol aholining 25% band. Energetika, metallurgiya, avtomobilsozlik, kemasozlik, kimyo, neft kimyosi, qurilish materiallari sanoati kabi tayanch tarmoqlar chetdan olinadigan xom ashyo hamda texnologiyaning eng yangi yutuqlari asosida deyarli butunlay yangidan barpo etildi. Energetika sanoati ham asosan, chetdan keltirilgan neftga asoslangan. Yiliga o’rtacha 1,097 trillion kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi; uning 706,4 milliard kvt soati issiqlik elektr stansiyalarida, 91,8 milliard kvtsoati GESlarda, 295 milliard kvtsoati atom elektr stansiyalariga to’g’ri keladi (2002). 2003 yil 52 atom elektr stansiyasi ishladi. Ishlab chiqarish sanoatida qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Kon sanoatida ko’mir, gaz, temir va mis rudasi, pirit, rux, qo’rg’oshinrux, marganes, kumush, oltin, simob, kaolin, talk va hokazolar qazib olinadi. Mashinasozlik va kimyo sanoati yuksak taraqqiy etgan. Avtomobillar, maishiy texnika, elektron asboblar, aloqa vositalari, kema, po’lat, tsement, plastmassa, sintetik tola, robot ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash, biotexnologiya mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor tarmoqlaridandir. Yaponiya sanoati 4 asosiy rayon: Keyxin (Tokio, Kanagava), Tyukyo (Ayti, Mie), Xansin (Osaka, Xiogo), Kitakyusyu (Fukuoka)ga bo’lingan. Mazkur rayonlarda jami sanoat mahsulotining 40% dan ortig’i ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida hosildorlik bo’yicha dunyoda oldingi o’rinlardan birida bo’lib, u yuqori darajada mexanizatsiyalashgan va avtomatlashtirilgan. Iqtisodiy faol aholining 4,2% qishloq xo’jaligida band. Hududining 12,9% yoki 4,8 million gektarida dehqonchilik qilinadi. Dehqonchilikda asosiy ekin — sholi (2002 yil 11 million tonna sholi yetishtirilgan). Shuningdek, kartoshka, sabzavot, oz miqdorda bug’doy va dukkakli don ekinlari ekiladi. Mevachilik, bog’dorchilik, chorbog’xo’jaligi rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, cho’chqa, parranda boqiladi; pillachilik va baliqchilik rivojlangan. Yaponiyada 3000 dan ortiq baliq ovlash portlari bo’lib, dunyo bo’yicha ovlanadigan baliq va dengiz jonivorlarining 15% shu portlarga to’g’ri keladi. Transporti. Ichki yuk aylanmasida avtomobil transportining roli katta (yiliga o’rtacha 5,5 milliard tonna yuk tashiladi). Umumiy va Ekspress yo’llarning uzunligi 1,2 million kilometr, shu jumladan, 4,4 ming kilometr tezyurar magistrallar. Temir yo’llarning uzunligi 43,7 ming kilometr. Deyarli 1/2 qismi elektrlashtirilgan. 1964 yildan tezligi soatiga 270 kilometrgacha yetadigan “Sinkansen” poyezdlari harakati yo’lga qo’yilgan. 9 shahardagi metropolitenning uzunligi 540 kilometr. Yaponiyada suv osti va yer usti tunnellari va ko’priklar ko’p. Dunyoda eng katta Seykan tunneli (53,9 kilometr) Xonsyu va xokkaydo orollarini birlashtiradi. Ichki suv yo’llarining uzunligi 1770 kilometrga yaqin. Dengiz savdo floti 5473 kemaga ega va uning umumiy tonnaji 40 million brutto reg. tonnaga yetadi. Asosiy portlari — Kobe, Tiba, Yokoxama, Nagoya, Osaka, Kavasaki, Tokio, Xakodate. Tokio, Osaka, Niigata shahri yaqinida xalqaro aeroportlar bor. Mamlaktda neft quvurlari 400 kilometrdan ziyod, gaz quvurlari 1800 kilometr. Tashqi savdosi. Yaponiya chetga mashina va uskunalar, metall buyumlar, elektronika, kimyo mahsulotlari, elektr asboblar chiqaradi; chetdan sanoat xom ashyosi, mineral yoqilg’i, oziq-ovqat va to’qimachilik mahsulotlari oladi. 2003 yil Yaponiyaning importi 383,3 milliard AQSh dollarini, eksporti 417,8 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Tashqi savdoda AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda Janubiy va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qiladi. Xorijiy sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — iena. Tibbiy xizmati. Aholi salomatligining ko’rsatkichlari bo’yicha ya. jahonda yetakchi o’rinda turadi. 2001 yil 1,85 million o’rinli 167,5 ming shifoxona va poliklinika bo’lgan (har 100 ming aholiga 1458 o’rin). Yaponiyada 255,7 ming vrach, 90,8 ming tish vrachi, 217,4 ming farmatsevt faoliyat olib boradi. Har 100 ming kishiga 201,5 vrach to’g’ri keladi. Yaponiyada o’z issiq suv manbalariga ega bo’lgan 3023 kurort bor. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Yaponiyada maorif tizimi maorif, madaniyat, sport, fan va texnologiya vazirligi va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muvofiqlashtirib turiladi. Maktabgacha tarbiya bolalar bog’chalarida (8389 xususiy bog’chada 1,4 million, 5785 davlat bog’chasida 367,8 ming tarbiyalanuvchi) amalga oshiriladi. 6 yoshdan 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun o’qish majburiy va bepul. Ta’limning birinchi bosqichi 6 yillik boshlang’ich maktab (2003 yil 23,6 ming maktabda 7,2 million o’quvchi). Ikkinchi bosqich 3 yilliq kichik o’rta maktab (2003 yil 11,1 ming maktabda 3,74 million o’quvchi). 16-18 yoshli bolalar 3 yillik katta o’rta maktab (2003 yil 5,4 ming maktabda 3,8 million o’quvchi) da ta’lim oladi. Oliy ta’lim universitet, professional kollej va texnika institutlaridan iborat. 2004 yil mamlakatdagi 709 universitetda 2,8 million talaba o’qidi, 84,2 ming o’qituvchi ishladi. Universitetlarning 542 tasi xususiy. Yirik universitetlari: Tokio universiteti, Kioto universiteti, Osaka universiteti (1886 yil tashkil etilgan) va boshqalar Yaponiyada ilmiy tekshirish ishlariga yiliga qariyb 100 milliard AQSh dollari hajmida mablag’ sarflanadi va bunda xususiy sektor yetakchi mavqega ega. Ilmiy tadqiqot sohasida 756,3 ming kishi band. Ulardan 430,6 ming kishi ilmiy tadqiqotlarni xususiy kompaniyalar, 280,7 ming kishi universitetlar, 44,9 ming kishi ijtimoiy tashkilotlarda olib boradilar. Yirik ilmiy tekshirish institutlari: aviakosmik texnika, metallar, elektronika bo’yicha kompleks tadqiqotlar, Kosmos va astronavtika, elektr energetikasi, avtomobilsozlik,  ixtiro va yangiliklar, Nomura kompleks, Misubisi kompleks institutlari. Yaponiyada 2711 ommaviy kutubxona, 3599 muzey, 79 hayvonot bog’i, 79 Akvarium, 90 botanika bog’i bor. Yirik kutubxonalari: Milliy parlament kutubxonasi (7,9 million asar), Tokio universiteti kutubxonasi. Yirik muzeylari: Tokiodagi milliy muzey (1871 yil tashkil etilgan), Milliy ilmiy muzey, Imperator saroyi, Kiotodagi milliy muzey (1889) va Milliy hozirgi zamon san’at muzeyi (1963), Nagoyadagi Tokugava badiiy muzeyi va boshqalar. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Yaponiyada 70,8 million nusxada 166 milliy va mahalliy kundalik gazeta chiqadi. Yiriklari: “Iomiuri” (“Reportyor”, 1874 yildan) “Asaxi” (“chiqayotgan quyosh”, 1879 yildan), “Mayniti” (“kundalik gazeta”, 1872 yildan), “Nixon Keydzay simbun” (“Yaponiya iqtisodiy gazetasi”, 1876 yildan), “Sankey simbun” (“Sanoat-iqtisodiy gazetasi”, 1950 yildan). Shuningdek, 4178 oylik va haftalik jurnal, byulleten chiqadi. Yiriklari: “Bungey syudzyu” (“adabiy-badiiy almanax”, 1923 yildan), “Dziyu minsyu” (“Liberal-demokratiya”, 1955 yildan), “Kurasi to seydzi” (“hayot va siyosat”), “Sekay” (“Koinot”, 1946 yildan), “Tyuo koron” (“Markaziy sharh”, 1886 yildan), “Ekonomisuto” (“iqtisodchi”, 1923 yildan), “bunka xyoron” (“madaniy sharh”), “Gekkan syakayto” (“Sotsial-demokratik partiya oynomasi”, 1957 yildan). Umummilliy axborot agentliklari: Kiodo Susin (1945 yildan) va dzidzi susin (1945 yildan). Radioeshittirish 1925 yildan va teleko’rsatuvlar 1953 yildan olib boriladi. Yaponiya Radiotelevideniye korporatsiyasi yarim hukumat tashkiloti hisoblanadi. 1925 yil tashkil etilgan. 222 xususiy a’zoni birlashtirgan tijorat eshittirishlar milliy assosiasiyasi 6900 teleradiostyani boshqaradi (1996). Adabiyoti qadimdan mavjud bo’lgan xalq og’zaki ijodi (qo’shiq, afsona va boshqalar) zaminida vujudga kelgan. Afsona, ertak, tarixiy rivoyat va qo’shiqlardan iborat “Kodziki” (“Qadimgi hodisalar yilnomasi”, sintoizmning muqaddas kitobi hisoblanadi) to’plami ilk marta 712 yilda tuzilgan. Bu asar yapon tilida bitilgan birinchi manba hisoblanadi. 759 yil 4516 folklor va 500 ga yaqin muallifning asarlaridan iborat yapon she’riyati antologiyasi — “Man’yosyu” (“ko’p asrlik qo’shiqlar to’plami”) yaratildi. 9-asrning o’rtalarida birinchi adabiy nasriy asar — “Taketorimonogatari” yaratildi. 10-asr oxiri — 11 asr boshlarida Adiba Murasaki Sekibu (978-1016) yaratgan “Gendzimonogatari” (“Shahzoda Gendzi haqida qissa”) asari Yaponiya mumtoz adabiyotining cho’qqisi bo’ldi. 12-16-asrlarda harbiy epopeyalar yaratildi, badiiy kundaliklar keng tarqaldi, she’riyat antologiyalari tuzildi. 14— 15-asrlar xalq ijodiyoti va Budda rivoyatlari asosida bir pardali dramalar (niqob teatrlari uchun) yozildi. 16-asrdan shahar adabiyoti paydo bo’ldi. Hunarmandlar, savdo ahliga mansub shoirlarning to’plamlari tuzildi. 17-19-asrning 60-yillarida adabiyotda demokratik g’oyalar avj oldi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida yirik dramaturg Takamasu Mondzaemon samarali ijod qildi. Masuo Basyo (17-asr), Kobayasi Issa (18-asr oxiri — 19-asr boshi) she’riyatning xokku janrida asarlar yaratdilar. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida Nasr yanada yuksaldi. 19-asrning o’rtalaridan yapon adabiyotida sentimental roman janri vujudga keldi, yevropalik mualliflarning asarlari tarjima qilina boshlandi. Simey Ftabatey (1864-1909) “suzuvchi bulutlar” romani bilan yapon adabiyotida tanqidiy realizmga asos soldi. Roka Tokutomi, Soseki Nasume va boshqalarning asarlarida ham tanqidiy realizm g’oyalari o’z aksini topdi. 20-asrning boshlaridan she’riyatda Yevropa she’riyatining ta’siri va romantik g’oyalar ko’zga tashlandi. Realist yozuvchilar asarlarida ijtimoiy tanqid asosiy o’rin oldi. E.Zolya ijodi ta’sirida naturalizm uchun kurash harakati boshlandi. 1930-40 yillar adabiyotida “muqaddas urush”ni yoqlovchi apologetik g’oya hukmron bo’ddi. 2-jahon urushidan keyingi davrda bir qancha yapon yozuvchilari o’z asarlarida “barqaror qadriyatlarni” izlash maqsadida milliy adabiyotning ko’p asrlik an’analariga murojaat qildilar. Dzyun’itiro Tanidzakining “mayda qor” (1943-48), Yasunari Kavabataning “mingta turna” (1951), “Eski poytaxt” (1961-62) romanlari shu toifadagi asarlar bo’lib, ularda kuchli ichki lirizm va go’zallikning mumtoz talqini aks etdi. Shu bilan birga 1967 yil Yukio Misimaning go’yoki yapon madaniyatiga xos bo’lgan jangovarlik an’analarni tiklashga chorlovchi trilogiyasi (“Vatanparvar”, “xrizantema” va “Shahid bo’lgan qahramon ovozi”) yaratildi. Adabiyotda sengoxa oqimi qaror topgach, shu oqim vakillari bo’lgan turli g’oyaviy-estetik yo’nalishdagi yozuvchilar o’z ijodlarida inson shaxsiyatini qaror toptirish manfaatlari yo’lida militarizm va an’anaviylikni inkor etdilar. Shu oqim vakillarining urush mavzuiga oid asarlari, jumladan, Syoxey ookaning “daladagi olovlar” (1951), Xirosi nomaning “bo’shliq mintaqasi” (1952), Syusaku Endoning “dengiz va zahar” (1957) romanlari yaratildi. Yosie Xottaning “Yolg’izlik maydoni” asarida (1951) urushdan keyingi yapon ziyolilari haqida hikoya qilinadi. 1950— 60 yillar yapon adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri Yasusi Inouedir. Uning “Tempyoning cherepisali tomi” (1957) va “Samarqandga sayohat” (1969) tarixiy asarlari Buyuk ipak yo’lida amalga oshirilgan ma’naviy muloqot va O’rta Osiyoning qadimiy shaharlariga bag’ishlangan. 1960-70 yillarda ilmiy fantastika va detektiv roman janri rivojlandi. 1960-80 yillar yapon adabiyoti realistik va modernistik g’oyalarning o’zaro harakat va kurashlarida rivojlandi. Bu davrda adiblardan Gomikava Dzyumpey, Isikava Takudzo, Kayko Takesi, Oe kendzaburo o’z roman va qissalarida ijtimoiy va axloqiy muammolarni ko’tardilar. Yaponiya adabiyotida Xirosima fojiasi mavzusi keng o’rin oldi (Xotta Yosiyo, Ibuse Masudzi, Oda Makoto). Kobo Abe asarlarida realizm va fantastika uyg’unlashgan holda falsafiy masalalar bayon etildi. Yaponiyada Xitoy madaniyati ta’sirida Xitoy tilida ham adabiyot rivoj topgan. 14— 15-asr va 17-19-asr boshlarida yuksalgan. Yaponiya adabiyotning yirik vakillari bo’lgan Ryunoske Akutagava, Kobo Abe, Yasunari Kavabata (1968 yil Nobel mukofoti sohibi), Kendzaburo Oe (1994 yil Nobel mukofoti sohibi) Murakami Xaruki, B.Yosimoto kabi yozuvchilarning asarlari jahonda mashhur. Me’morligi. Qadimiy yaponlarning turar joylari yarim yerto’lalar bo’lgan va uning tomi yog’och va qamish bilan yopilgan. Milodiy boshlarida yog’och sinchli uylar qurila boshladi. (Ise shahridagi sintoistlar ibodatxonasi, 3-7-asrlar). 3-6-asrlarda podsholar uchun aylana va taqa shaklida ulkan qo’rg’on (kafun) lar bunyod etilgan. 6-asrda buddizm tarqalishi munosabati bilan Xitoy va koreys me’morligi uslubida monastir, pagoda, ibodatxona va saroylar bunyod etilgan (Nara shahridagi Xoryudzi monastiri, 7-asr; Kito shahri yaqinidagi Byodoin saroyi, 11-asr). 8-asrda Xitoy shaharsozligi uslubida Xeydzyokyo (hozirgi Nara) va Xeyan (hozirgi Kito) shahrilariga asos solindi. 14-16-asrlarda landshaft me’morligi, xitoycha bog’parklar bunyod etish san’ati, qal’a va saroy devorlariga rasm chizish rivojlandi. 16-asrdan shahar mudofaa inshootlari xandaq va g’isht devorlar bilan o’raldi. Shu davrda hozirgacha saqlanib qolgan an’anaviy yapon turar joyi shakllandi. 16-asrdan Edo (hozirgi Tokio) shahrida qurilish avj oldi. 19-asr oxiridan shaharsozlik rivojlandi, sanoat korxonalari qurish ko’paydi, qurilishda g’isht, keyinchalik temir-beton va metall ishlatila boshlandi. Yapon me’morlari (Tasuno Kingo, Katayama Otokuma) binokorlikda Yevropa uslubidan foydalandilar yoki an’anaviy yapon uysozligi shakllarini G’arbiy Yevropa me’morligi shakllari bilan uyg’unlashtirdilar. 20-asrning 20-asrlari oxiri Le Korbyuze ta’sirida funktsionalizm uslubi yoyila boshladi. 2-jahon urushi yillari (1939-45) Yaponiya shaharlari vayron bo’ldi; 50-yillardan qurilish keng ko’lamda avj oldi. Milliy me’morlik shakllarini zamonaviy konstruktsiyalar bilan uyg’unlashtirish natijasida yapon me’morligi jahonda mashhur bo’ldi (Xirosimadagi tinchlik memorial parki, 1949-56; okayama shahridagi Kurasiki shahar zali, 1960; Kofudagi Yamanasi binosi, 1966; hammasining me’mori Tange Kendzo; tokiodagi Metropoliten festival Xoll, 1960-61, me’mor Mayokava Kunio; tokioning Sindzyuku rayonidagi maydon ansambli va transportyo’lovchilar tuguni, 1960-67, me’mor Sakakura Jundzo; Kioto shahridagi xalqaro konferentsiyalar markazi saroyi, 1966-70 yillar boshi, me’mor Satio otani). 18-yozgi Olimpiada o’yinlari (1964) va “EKSPO70” ko’rgazmasining o’tkazilishi munosabati bilan yirik shaharlar, jumladan, Tokio va Osaka markazlari rekonstruktsiya qilindi, Tokioda ikki Olimpiada majmuasi (Yoyogi, me’mor Tange Kendzo; Komadzava, me’morlar Murata masasiko va ashixara I.), Osakada bosh Pavilon ko’rgazmasi (me’mor Tange Kendzo) qurildi. 1960-yillar oxirida yuksak Seysmik hududligiga qaramay, osmono’par binolar bunyod etildi (Tokio, Osaka va boshqalar shaharlarda). Yaponiyada milliy me’morlik an’analarining rivojlanishi K.Maekava, Yo.Taniguti, K. Tange, K. Kurokava va boshqalar mashhur me’morlar faoliyati bilan bog’liq. Tasviriy san’ati. Yaponiya san’atining qadimiy yodgorliklari dzyomon madaniyati davri (miloddan avvalgi 8-1-ming yilliklar o’rtalari)ga mansub. Miloddan avvalgi 1-asrda tayyorlangan bronza buyumlar, sopol idish namunalari saqlangan. 6-asrda buddizm tarqalishi munosabati bilan ibodatxonalar yaratildi va ular budda dinidagi mashhur personajlar tasvirlangan haykalchalar bilan bezatildi (Nara shahridagi Xoryudzi, Yakusidzi monastirlaridagi haykallar). Ilk o’rta asrlarda rang-tasvir va haykaltaroshlikda portret janri shuningdek, teatr niqoblari san’ati rivojlandi. Yaponiya rang-tasviri buddizm hamda Xitoy san’ati ta’sirida taraqqiy etdi. 11-12-asrlarda o’ziga xos milliy xususiyatlarga ega bo’ldi. Bu davrda Fudzivara Takayosi, Fudzivara Nobudzane va toba Sodzyo kabi rassomlar mashhur bo’ldilar. 12-13-asrlar rang-tasviridagi portretlar oddiyligi va ifodaliligi bilan ajralib turadi (Fudzivara Takanobuning “Minamoto Yoritoma portreti”). 14-15-asrlarda budda sektasining dzen maktablarida tush rang-tasviri rivoj topdi [Dzyose- Su, Syubun, toy oda (Sessyu taxallusi bilan mashhur) manzaralari]. 15-asrda dunyoviy professional rang-tasvir shakllandi. Kano maktabi (asoschisi Kano Masanobu) va tosa maktabi (asoschisi tosa Masunobu) asarlarida Xitoy mumtoz rang-tasviri o’z aksini topdi. 15-17-asrlarda bezak yozuvi san’ati yuqori darajaga erishdi (Sotasu Tavaraya, Ogata Korin). Bu davrda choy tarqalishi munosabati bilan kulollik va chinni buyumlar tayyorlash avj oldi. 17-asr boshlarida yog’ochga rangli gravyura ishlash san’ati — ukiyyoe yapon san’atining yetakchi turiga aylandi (Moronobu Xisikava, Xarinobu Sudzuki, Utamaro Kitagava, Xokusay Kasusika, Xirosige Ando kabi ustalar). 17-19-asrlarda miniatyura haykaltaroshligining o’ziga xos turi hamda kiyimlar uchun tugmailgak bezaklar yasash rivojlandi. Yapon amaliy bezak san’ati (kashtado’zlik, mato to’qish, loklangan buyumlar tayyorlash. to’r to’qish) buyumlari katga mahorat bilan tayyorlandi. 19-asr oxirlaridan Yevropa san’ati ta’sirida moybo’yoq rang-tasvir — “yoga” rivojlana boshladi (Asai Tyu, Kuroda Seyki va boshqalar). Bu sohalagi rassomlar ijodida impressionizm, fovizm ta’siri yaqqol ko’zga tashlanadi (Umexara Ryudzaburo, Yasun Sotaro.). 20-asr 1-yarmida abstrakt san’at, ekspressionizm, syurrealizm ta’siri seziladi. “Nixonga” rang-tasvir ustalari Tomioka Tessey, Yokoyama Taykon, Takueti Seyxo kabilar milliy an’analar ruhida asarlar yaratdilar. 1920-30 yillarda Okamoto Toki, Osuki Gendzi, Yorimoto Sirin, Yanase Masamu, Sudzuki Kendzi kabi rassomlar samarali ijod qildilar. 2-jahon urushidan keyin rassomlar ijodidan ijtimoiy muammolar keng o’rin oldi; ko’p asarlar Xirosima va Nagasakidagi atom bombasidan halok bo’lganlar fojiasiga bag’ishlandi (Maruki iri va Tosiko, Mita Gendziro, Sakurai Makoto, Fukuda Sinsey, Ono Tadasige, Ueno Makoto). Zamonaviy yapon tasviriy san’atida grafika demokratik va ommaviy san’at turi sifatida mashhur. Taniqli rassom N.Xirayama ijodida Buyuk ipak yo’li manzaralari muhim o’rin tutadi. Tasviriy san’atda turli oqim va yo’nalishlarning ko’pligi ko’zga tashlanib turadi. Musiqasi qadimiy an’analarga boy bo’lib, o’z taraqqiyoti jarayonida Xitoy va koreys, hind va Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari xalqlari musiqa madaniyati ta’sirida boyigan; u mehnat, turmush, diniy marosimlar bilan bog’langan. Qo’shiqlar bir ovozli, qo’sh metrlar ustun. Musiqiy cholg’u asboblari xilma-xil: chertib chalinadigan — syamisen (lyutnya), Koto (13 torli tsitra); puflama — nokan, syakuxati (fleytalar), soo (lab organi), xitiriki (goboy turi); zarbli — tayko, kosudzumi, osulzumi (barabanlar), Syoko (Gong). Professional musiqa diniy harakatlar va teatr bilan bog’liq bo’lgan; uning sarchashmalari 6-7-asrlarga borib taqaladi. 14-asrda teatrning noo san’ati (qo’shiq, raqs, cholg’u asboblar jo’rligida ijro etiladigan deklamatsiya), 16— 17-asrlarda dzyoruri qo’g’irchoq teatri musiqasi va Kabuki (mumtoz yapon teatri turlaridan biri) musiqasi shakllandi. Yaponiyada musiqa san’atini rivojlantirishda musiqa tadqiqotlari instituti (1879 yil tashkil etilgan, 1886 yildan Tokio musiqa maktabi) muhim rol o’ynadi. 1897 yil yapon simfonik orkestrining birinchi kontserti bo’lib o’tdi. Yevropada musiqa ta’limini olgan Yamada Kosaku, Nobutoki kiyosi, Kiyose Yasudzi, Masudayra yoriSune kabi kompozitorlar kompozitorlarning yangi federasiyasi (1930 yildan Yaponiya zamonaviy musiqa uyushmasi)ni tuzdilar. O’z ijodlarida milliy an’analarga suyangan holda, Yevropaning kompozitsion usullariga ham murojaat etdilar. 1960-80 yillarda Mamiya Mitio va Akutagava Yasusi kabi kompozitorlar folklor va yapon mumtoz musiqasidan keng foydalandilar. 1940-yillarning oxiridan seki Akiko rahbarligida antiimperialistik xarakterdagi “Yaponiyaning kuylovchi ovozlari” ommaviy xor harakati keng yoyildi. 1950-yillarning oxiridan avangardizm ta’siri ko’zga tashlana boshladi, eksperimental musiqa turlari tarqaddi. Hozirgi davrda ommaviy va mumtoz musiqa bilan birga milliy musiqa turlari yoyilgan. Folklor musiqasini yig’ish, o’rganish va tarqatishga alohida e’tibor beriladi. 1970-yillarda karaoke (bo’sh orkestr) havaskorlar ijrochiligi paydo bo’lib, u aholi orasida juda ommalashdi. Kompozitorlardan noda Teruyaki, Xatimura Yosio, Ikebe Sinitiro, ijrochi dirijyorlardan Abe Komei, masasi Ueda, Vatanabe Akeo, Ivaki Xiroyuki, Moro takasi, pianinochi Tanaka Keyko, skripkachi Kubo Yoko mashhur. Yaponiyada 20 dan ortiq simfonik orkestr, kamer cholg’u ansambli, xor jamoalari va boshqalar bor. Tokioda Davlat musiqa akademiyasi (1887 yildan), 20-asr musiqasi instituti (1957 yildan), Milliy nafis san’at va musiqa universiteti, Toxo oliy musiqa maktabi faoliyat ko’rsatadi. Teatr sarchashmalari qadimiy xalq dehqonchilik bayramlarida ko’rsatilgan tomoshalardan boshlanadi. 7-8-asrlarda gigaku va bugaku deb nomlangan musiqali raqs tomoshalari paydo bo’ldi; ular yapon mumtoz teatrining shakllanishiga yordam berdi. 8-12-asrlarda sangaku musiqali raqs tomoshalari keng yoyildi. 12-asr boshlarida musiqali tomoshalarning yangi turlari — dengaku va sarugaku rivojlandi. 14-asr oxiri — 15-asr boshlarida yapon teatrining yangi turi — noo teatri (musiqa, raqs va dramatik harakatlardan iborat) vujudga keldi. 16-asr oxiri — 17-asr boshlarida Kiotoda dzyoruri qo’g’irchoq teatri va Kabuki teatri, 19-asr oxiri — 20-asr boshlari teatrning yangi turlari — simpa va sinkokugeki paydo bo’ldi. 20-asr boshlarida Yevropa teatri ta’sirida singeki teatr yo’nalishi (hozirgi drama teatri) shakllandi. 20-asrning 1-choragida Tokioda “Rodo gekidan” nomidagi birinchi ishchi teatri faoliyat ko’rsatdi. Keyinchalik Tokioda “Sukidzi syogekidzyo” va “Xayyudza” teatrlari vujudga keldi; ularning repertuaridan milliy dramaturglar Kobo Abe, Koyama Yusi pyesalari o’rin oldi. 1947 yil “Mingey” teatri o’z faoliyatini boshladi. Teatr qoshida “Mingey” kinostudiyasi ishladi. 1966 yil Tokioda “Kokurisu gekidzyo” milliy teatr markazi tashkil etildi va u an’anaviy janrlarni saqlash va rivojlantirishda muhim rol o’ynadi. Yaponiyaning zamonaviy teatr san’ati an’anaviy teatr (bugaku, noo, Kabuki, dzyoruri) va Yevropa tipidagi teatr (drama, opera, balet)ga bo’linadi. Bugaku teatrining an’analari mumtoz musiqa va raqsning rivojlanishida asos bo’ldi. Teatr artistlaridan Kita Minoru, Xosyo Motomasa Kuro, Itimura Mandzeamon, Nakamura Kandzaburo, Nakamura Utaemon, Nakamura Bungori, Masumoto Kosiro, Midzutani Yaeko, Simada Syogo, Tasumi Ryutaro va boshqalar mashhur. Kinosi. Yaponiyada birinchi badiiy film 1899 yil suratga olingan. 1903 yil Tokioda birinchi doimiy kinoteatr, 1908 yil birinchi kinostudiya tuzildi. 1923 yildan Kioto shahri kino markaziga aylandi. 1931 yil birinchi ovozli film (“Qo’shni ayol va xotinim”, rejissyor Gosyo Xeynosku) yaratildi. 1936 yil Midzoguti Kendzi “Elegiya Naniva” va “Gionlik opa-singillar” filmlarini yaratdi. 1930-yillarda “Yaponiya filmlar ishlab chiqarish bo’yicha jahonda 2-o’rinni egallab turdi. Urushgacha bo’lgan kinofirmalar (“Toxo”, “Sinko” va boshqalar) ning asosiy filmlari militaristik mazmunda bo’lgan. Urushdan keying yillarda yapon kinosida Imai Tadasi, Yamomoto Sasuo, Kinosita Keysuke va boshqalar rejissyorlar ijodi bilan bog’liq bo’lgan ilg’or g’oyalar o’z aksini topdi. Ular o’z filmlarida Xirosima fojiasi, mehnatkashlarning og’ir hayoti haqida hikoya qildilar. 1950-60 yillardagi eng yaxshi filmlar: “Rasyomon” (1950), “Qizil soqol” (1964; ikkalasining rejissyor Kurasava Akira), “har qalay biz yashayapmiz” (1951, rejissyor Imai Tadasi), “Xirosima bolalari” (1952) va “yalang Orol” (1960; ikkalasining rejissyor Sindo Kaneto). 1960-yillardagi mashhur rejissyorlar: Yamamoto Sasuo, Koboyasi Masaki, Imai tadasi. 1960-70-yillarda ko’proq hujjatli filmlar Shuhrat qozondi. S.Ogava, N. Sutimoto, M.Miyagi kabi ijodkorlar o’z filmlarida zamonning nizoli muammolarini ko’tarib chiqdilar. 1958 yildan boshlab “Toey” kinokompaniyasi ishlab chiqara boshlagan multiplikatsion filmlar butun jahonga tarqaldi. 1970-80 yillarda yapon kinosi televideniye bilan raqobat natijasida inqirozli holatda bo’lsada, “19 yoshli yalang’ochlar” (1970, rejissyor Sindo Kaneto), “Jangchi sharpasi” (1982, rejissyor Kurosava Akira), “loyqa Daryo” (1981, rejissyor Koxay Oguri), “Narayama haqida afsona” (1983, rejissyor Imamura Soxey) kabi filmlar yaratildi. Keyingi yillarda T. Kitano, M.Syou, S.Ivai, N.Takenaka kabi mashhur kino ijodkorlari yetishib chiqdi. 1969— 96 yillar davomida namoyish etilgan “Janob Tora” seriali yaponlar orasida mashhur. Yapon kinosida Yamada Isudzu, Mifune Tosiro kabi aktyorlar shuhrat qozongan. “Nikkasu”, “Syotiku”, “Toxo”, “Toey” va boshqalar kinokompaniyalar faoliyat yuritadi. O’zbekiston — Yaponiya munosabatlari. Ikki davlatning o’zaro munosabatlari tarixi qadimiy asrlarga borib taqaladi. Buyuk ipak yo’li orqali o’zbek va yapon xalqlari o’rtasida savdoiqtisodiy va madaniy aloqalar bo’lganligi ilmiy tadqiqotlarda ham o’z tasdig’ini topmoqda. Olimlarning tadqiqoti va o’zbek-yapon arxeologik ekspedisiyalari natijasiga ko’ra, O’zbekiston hududida mavjud bo’lgan kushon podsholigining asosiy dinlaridan biri bo’lgan buddizm O’rta Osiyo xalqlari milliy qadriyatlari va an’analari bilan boyigan holda 6-asrda Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollarida tarqalgan. O’zbekistonda topilgan qadimiy budda ibodatxonalarining hozirgi Yaponiyadagi ibodatxonalar bilan mushtarakligi namoyon bo’lmoqda. Yaponiyaning birinchi poytaxti Nara shahridagi Xorudzi ibodatxonasi xazinaxonasida 8-asrda Samarqand va Toshkentda tayyorlangan osoriatiqalar, 9-10-asrlarga oid ud musiqa asbobi saqlanmoqda. Afrosiyobdagi arxeologik qazilmalar vaqtida topilgan va 12-asrga mansub nafis yapon chinni idishi ham o’zbek va yapon xalqlari o’rtasida aloqalar bo’lganini ko’rsatadi. Yaponiya 19-asrning 2-yarmidan O’rta Osiyo regioni bilan jiddiy qiziqa boshlagan. 1880 yilning yozida yapon diplomati Nisi Tokudziro (keyinchalik u tashqi ishlar vaziri bo’lgan) o’lkamiz bo’ylab sayohat qilgan. U Toshkent, Samarqand, Buxoro shahrilari va Farg’ona vodiysida bo’lgan. Buxoroda Amir Muzaffar bilan uchrashgan. Bu hodisa yaponlarning musulmon o’lkalari bilan dastlabki rasmiy aloqalaridan biri edi. 1886 yilda Nisi Tokudzironing “Turkiston sayohatnomasi” Kitobi yapon tilida bosilib chiqqan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida O’rta Osiyoga Yasumasi Fukusima, Kadzuo Otani, Masaji Inoue, Zuicho Toshibana kabi yapon tadqiqotchilari sayohat qilgan. O’zbekiston Milliy universitetining ilmiy kutubxonasida 1927-41 yillarda Yaponiyada chop etilgan kitob va jurnallarning katta fondi mavjud. 1930-yillarda O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasida pillachilik va tutchilik sohasida hamkorlik o’rnatilgach, Yaponiyaga borgan bir guruh o’zbekistonlik mutaxassislar tomonidan bu sohadagi ilg’or yapon tajribasi atroflicha o’rganilgan va respublikada joriy qilingan. Yaponiyadan o’nlab madaniylashtirilgan serbargli tut navlari va mahsuldor pilla qurtining urug’lari keltirilib mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan. Bundan tashqari, Ipakchilik sanoati ehtiyojlari uchun yapon mashina va uskunalari xarid qilingan. 1929 yil O’rta Osiyo universiteti prof. E.F.Poyarkov Yaponiyada pillachilar anjumanida ma’ruza qilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, 1920-yillarda Yaponiyaga borib qolgan Volgabo’yi tatarlari orasida o’zbeklar ham bo’lgan. Ular Tokio shahrida masjid qurilishi va islom dinini yoyilishida o’z hissalarini qo’shishgan. 1945 yildagi sovetyapon urushi natijasida asir olingan 24 mingga yaqin yapon 1945-50 yillarda O’zbekistonning Andijon, Buxoro, Toshkent va Farg’ona viloyatlarida ushlab turildi. Ular ko’plab sanoat korxonalari, qishloq xo‘jalik, qurilish va boshqalar sohalarda mehnat qildilar. Jumladan, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatr binosi qurilishida 600 ga yaqin yapon ishtirok etgan. O’zbekistonda vafot etgan 812 yapon fuqarosi respublikamiz hududidagi 13 qabristonda dafn etilgan. 1990 yil may oyida Toshkentning Yakkasaroy qabristonida 2-jahon urushi (1939-45) dan keyin Toshkentda vafot etgan 79 ta yapon harbiy asiri xotirasiga memorial o’rnatildi. 1960-80 yillarda Yaponiya O’zbekistondan paxta tolasi, chigit, shirinmiya ildizi, asal, ipak va boshqalar mahsulotlar xarid qilgan. 1970-yillar boshidan Yaponiya yiliga 190 million AQSh dollari hajmida paxta tolasi sotib olgan. Xususan, sumitomo kompaniyasi 1971-93 yillar 547,3 million AQSh dollariga paxta tolasi xarid qilgan. Shu yillar Yaponiyaning qator kompaniyalari O’zbekistonning yengil, kimyo va neft sanoatini modernizatsiya qilishga jalb etildi. Farg’ona va Chirchiq shahrilarida ammiak ishlab chiqarish uchun yapon texnologiyalari o’rnatildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Marg’ilon, Namangan, Shahrisabz va Urganchdagi ipakchilik fabrikalarida Yamato firmasining pilla quritish mashinalari qo’llandi. 1989 yil O’zbekistonda xorijiy firmalar orasida birinchi bo’lib Yaponiyaning “Chori” kompaniyasi o’z vakolatxonasini ochdi. Ilmiy va madaniy sohalarda ham o’zaro hamkorlik yo’lga qo’yildi. Yapon va o’zbek olimlari tomonidan zilzilani oldindan aniqlash, sanoat mahsulotlarini statistik qabul qilish nazorati usullari atroflicha o’rganildi va amaliyotga tatbiq etildi. Ayniqsa, tarix, tilshunoslik va arxeologiya fanlari bo’yicha samarali hamkorlik amalga oshirildi. Itaro Kumasuning yaponlar uchun “O’zbek tili” qo’llanmasi (1978), “O’zbekcha so’zlashuv” (1983), “o’zbekcha-yaponcha lug’at” (1980, 1985) kitoblari ko’p ming nusxada nashr etildi. 1950-80 yillarda adabiyot sohasida ham salmoqli aloqalar bo’ldi. Xususan, 1956 yil O’zbekistonga kelgan tanikdi yapon yozuvchisi va tarjimoni Man Inoue atoqli shoir G’afur G’ulom bilan uchrashgan hamda Yaponiyada chop etilgan “Toshkentda bir oqshom” asarida o’zbek va yapon xalqlari madaniyati, an’ana va turmush tarzidagi mushtaraklik haqida hikoya qilgan. Shu davrda Yosie Xotta, Kobo Abe, Yasunari Kavabata, Ryunoske Akutagava, Takeo Arisima, Masudzi Ibuse va boshqalar mashhur yapon ijodkorlarining 30 ga yaqin roman, qissa, she’r va hikoyalari o’zbek tilida chop etilgan. O’z navbatida, Yaponiyada Alisher Navoiy, Sh. Rashidov, Zulfiya, Ramz Bobojon ijodi namunalari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari yapon tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr qilingan. 1991 yil Yaponiya O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olib, 1992 yil diplomatiya munosabatlari o’rnatgach, 1992 yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi, 1996 yilda esa O’zbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi o’z faoliyatini boshladi. Ikki mamlakat o’rtasida teng huquqli aloqalar o’rnatildi. O’tgan 14 yil mobaynida ikki davlat o’rtasida ko’plab rasmiy hujjatlar imzolandi. Shu davr davomida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 2 marta (1994, 2002) rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo’ldi. Bundan tashqari, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari, hukumatning rahbar va mas’ul xodimlari, parlament delegatsiyasi va boshqalarning o’zaro tashriflari amalga oshirildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 1994 yilning mayida Yaponiyaga qilgan birinchi tashrifi o’zaro siyosiy muloqotni faollashtirdi. Ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko’tarishda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 2002 yil 28-31 mayda Yaponiyaga qilgan ikkinchi rasmiy tashrifi muhim rol o’ynadi. Tashrif chog’ida 14 hujjat imzolandi. Bular qatoriga O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasida do’stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to’g’risida deklaratsiya, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va O’zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ko’maklashish haqida qo’shma bayonot va boshqalar hujjatlar kiradi. Tashrif chog’ida I.Karimov O’zbekistonning Yaponiya bilan hamkorlik qo’mitasi va ya.ning O’zbekiston bilan hamkorlik qo’mitasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqtsi. Qo’mitalar tashkil etilib, uning birinchi qo’shma majlisi 2004 yil iyulda Tokio shahrida o’tkazildi. Bugungi kunda Yaponiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan moliyaviy resurslarining umumiy qiymati 1,9 milliard AQSh dollariga yaqinlashdi. Bundan tashqari, O’zbekistonga 160 million AQSh dollari miqdorida beg’araz va insonparvarlik yordami ko’rsatilib, u, asosan, maorif va sog’liqni saqlash sohasiga sarflandi. Yapon sarmoyasi mamlakat iqtisodiyotining yoqilg’i energetika, transport va kommunikasiya, yengil sanoat tarmoqlarini, kadrlar tayyorlash va boshqalar sohalarni yuksaltirish, xususan, respublikaning telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish, Toshkentdagi temir yo’l vagonlarini ta’mirlash zavodi, Samarqand, Buxoro, Urganch shahrilari aeroportlarini modernizatsiya qilishga sarflandi. Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli qarzlari tufayli Ko’kdumaloq neftgaz konini jihozlash, Buxoro viloyatida neftni qayta ishlash zavodini qurish, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiyalash, Sho’rtan gaz kimyo majmuasini qurish, to’qimachilik sanoatini rivojlantirish ishlari amalga oshirildi. G’uzor— Boysun—Qumqo’rg’on temir yo’lni qurishda ichki resurslar bilan bir qatorda ya. sarmoyasi ham qatnashmoqda. 1993-2004 yillar qariyb 300 Yaponiyalik mutaxassis iqtisodiyot, Telekommunikatsiya, turizm, transport infratuzilmasi, ipakchilik sohalari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda faoliyat ko’rsatdi. 1994 yil mayda Toshkentda o’zbekyapon iqtisodiy hamkorlik qo’mitasi, Tokioda esa Yapon-o’zbek iqtisodiy hamkorlik qo’mitasi tashkil etildi. Yapono’zbek iqtisodiy hamkorlik qo’mitasi Yaponiyaning 30 ga yaqin yirik kompaniya, firma va banklarini birlashtiradi. Hozirgacha qo’shma qo’mitalarning 8 Majlisi bo’lib, unda ikkala mamlakatdagi sanoat korxonalari, moliya muassasalari va tadbirkorlarining to’g’ridan-to’g’ri aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ayni vaqtda O’zbekistonda 10 ta o’zbekyapon qo’shma korxonasi, 3 ta 100% Yaponiya sarmoyasi hisobidagi korxona, yapon kompaniyalarining 22 vakolatxonasi faoliyat ko’rsatmoqda. Ikki mamlakat o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, 2004 yilda tovar ayirboshlash hajmi 102 million AQSh dollariga yaqin bo’ldi. O’zbekiston Yaponiyaga paxta va ipak mahsulotlari, gazlama, noorganik kimyo mahsulotlari eksport qiladi, turli sayyohlik xizmatlari ko’rsatadi. Yaponiyadan esa elektr va mexanik uskunalar, kauchuk va rezina buyumlar va boshqalar oladi. “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi 2001 yildan Toshkent — Osaka, 2002 yildan Toshkent—Tokio yo’nalishida doimiy havo qatnovini yo’lga qo’ydi. Yaponiya bilan O’zbekiston o’rtasidagi o’zaro hamkorlik yo’nalishlaridan biri kadrlar tayyorlashdir. Hozirgacha Respublikaning turli vazirlik va idoralaridan 800 ga yaqin kishi Yaponiyada tajriba orttirib qaytdi, 98 yosh mutaxassis Yaponiyaning yetakchi untlarida magistratura kursini bitirdi. 2000 yildan boshlab Yaponiya Xalqaro hamkorlik markazi stipendiyasi asosida yiliga o’zbekistonlik 20 magistrant Yaponiyaga ikki yillik o’qishga bormoqda. 2001 yil Toshkentda O’zbekiston — Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Hozirgacha ushbu markazning biznes, yapon tili va kompyuter kurslarini 1500 dan ortiq kishi tugatdi. Umuman markaz o’tkazgan turli madaniy-ma’rifiy dasturlarda 100 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. O’zbekyapon ilmiy aloqalari ham kengayib bormoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg’ona va boshqalar shaharlardagi oliy o’quv yurtlarining o’quv dasturiga yapon tilini o’rganish ham kiritilgan. O’zbekiston faning elektronika, Seysmologiya, immunologiya, biokimyo, umumiy va noorganik kimyo, fiziologiya va biofizika, sharqshunoslik, arxeologiya institutlari, “Botanika” ilmiy ishlab chiqarish markazi bilan Yaponiyaning tegishli universitet, institut va boshqa tashkilotlari o’rtasida muntazam hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Xususan, elektronika institutida yaratilgan metallurgiya sohasiga oid ekologik toza texnologiya Yaponiyaning “Nippon stil korporeyshn” firmasi tomonidan litsenziyali shartnoma asosida sotib olingan. 1989— 98 yillarda San’atshunoslik institute xodimlari Soka universiteti professor Kyudzo Kato boshchiligida Surxondaryo viloyatining Sho’rchi tumanida joylashgan Dalvarzintepada buddizm yodgorliklarini o’rganish bo’yicha tadqiqotlar olib bordilar. Ikki mamlakat o’rtasida madaniy aloqalar ham keng rivojlanmoqda. Xususan, Tokiodagi milliy nafis san’at va musiqa universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda xalqaro madaniyat karvonsaroyining ishga tushirilishi, “Jahon tinchlik qo’ng’irog’i”ning barpo etilishi, Yaponiyadagi bir qancha ijtimoiy tashkilotlar ko’magida Osaka, Fukusima, Maebasi shahrilarida doimiy faoliyat olib boruvchi O’zbekiston madaniyat uylarining ochilishi bunga yorqin misoldir. Yaponiya va O’zbekistonda ko’plab ko’rgazma, taqdimot, kinofestival, milliy musiqa va raqs guruhlarining kontsertlari, shuningdek, 1996 yildan O’zbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari muntazam o’tkazib kelinmoqda. 1996 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning “O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida” va 1999 yil “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarlari Yaponiyada yapon tiliga tarjima qilinib chop etildi. Davlatni boshqarish, o’zbekyapon hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga qo’shgan ulkan hissasi uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Yaponiyadagi Vaseda va Soka universitetlarining Faxriy Doktori unvoniga sazovor bo’ldi. O’zbekyapon do’stlik aloqalarini rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun san’atshunos Ikuo Xirayama O’zbekiston Respublikasi Baning faxriy xorijiy a’zosi etib saylandi (2002), professor Kyudzo Kato va Vaseda universiteti prezidenti Takayasi Okushima O’zbekiston Respublikasining “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlangan (2002). 2004 yil martda Tokiodagi Soka universitetida buyuk o’zbek shoiri Alisher Navoiyga haykal o’rnatildi haykaltarosh R. Mirtojiev). 2004 yil O’zbekistonga 3000 yapon sayyohi kelgan. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga Yaponiyada “Yaponiya O’zbekiston” do’stlik jamiyati (|998 yil tashkil etilgan), Fukusima O’zbekiston iqtisodiy va madaniy aloqalar uyushmasi, “Fukuoka O’zbekiston” jamiyati, “Otatoshkent” do’stlik jamiyati, O’zbekiston Respublikasida “O’zbekiston Yaponiya” do’stlik jamiyati (1999 yil tashkil etilgan) munosib hissa qo’shib kelmoqda. 2002 yil aprelda Yaponiya parlamentida mamlakatning nufuzli siyosiy arboblari Taro aso, yosiro Mori va boshqalar tashabbusi bilan “Yaponiya Liberaldemokratik partiyasi — O’zbekiston” do’stlik ligasi tashkil etilgan. Siroj Azizov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz