YANGIBOZOR TUMANI
YANGIBOZOR TUMANI — Xorazm viloyatidagi tuman. 1950 yilda tashkil etilgan. Keyinroq Urganch va Gurlan tumanlariga qo’shib yuborilgan. Tuman yangidan 1989 yilda tashkil etildi. Shimoli g’arbdan Gurlan, Janubi sharqdan Urganch, Janubi G’arb va g’arbdan Shovot tumanlari, shimol va sharqdan Amudaryo orqali Qoraqalpog’iston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,34 ming kilometr kvadrat. Aholisi 66,4 ming kishi (2005). Yangibozor tumanida 1 shaharcha (Yangibozor), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Boshqirshix, Bog’olon, Bo’zqal’a, Oyoqdo’rmon, Uyg’ur-Chubalanchi, Shirinqo’ng’irot, Qalandardo’rmon) bor. Markazi — Yangibozor shaharchasi. Tabiati. Relefi pastbaland tekislikdan iborat. Hududi shimoli g’arbga qiyalanib boradi. Yillik o’rtacha temperatura 11°. Iyulning o’rtacha temperaturasi 2628°, yanvarniki -6°. Yiliga 80 90 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 180 — 200 kun. Tumanning shimol va shimolisharqidan Amudaryo oqib o’tadi. Ekin maydonlari Qilichboyarna, Mang’itarna, Qo’ng’irotyop, Nukusyop, Yangiyop, Hiziryop, Olg’ayop, Shabika va boshqalar kanal va ariqlardan sug’oriladi. Tuproqlari allyuvial, o’tloqi, o’tloqibotqoq, sho’rxok tuproqlar. Ba’zi joylarida kichik qumliklar saqlanib qolgan. Yovvoyi o’simliklardan oqbosh, yantoq, sho’ra, chirmovuq, pechak, qamish, yakan, turang’il, tol, terak, jiyda, ajriq va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, bo’rsiq, quyon, qobon, ilonlar, kaltakesaklar, kalamushlar; qushlardan tustovuq, har xil o’rdak, g’oz, qo’ton, birqozon va boshqalar uchraydi. Soy, kanal va boshqalar suv havzalarida har xil baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, rus, tatar, koreys va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadraatga 195 kishi. Shahar aholisi 6,3 ming kishi, qishloq aholisi 60,1 ming kishi. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, mahalliy sanoat korxonalari, dehqon bozori, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Yirik, o’rta va 151 kichik korxona, shuningdek, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. 2 qo’shma korxona tashkil etilgan. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i paxtachilik va g’allachilik (shu jumladan, sholichilik); chorvachilik, pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik ham rivojlangan. Umumiy ekin maydoni 19,6 ming gektar, shundan 11,3 ming gektar yeriga paxta, 4,1 ming gektar yeriga don, 81 gektar yeriga kartoshka, 246 gektar yeriga sabzavot ekiladi (2005). Amudaryo bo’yidagi to’qay va o’rmonzorlar — 538 gektar. Qishloq xo’jaligi sohasida 12 qishloq xo’jaligi korxonasi, 3 aktsiyadorlik jamiyati, 9 xususiy firma, 1226 fermer xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 33,5 mingdan ziyod qoramol, 4,7 mingdan ortiq qo’y va echki, 64,2 mingga yaqin parranda boqiladi (2005). 2004/05 o’quv yilida 31 umumiy ta’lim maktabida 16 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. Bolalar sport maktabi, 31 kutubxona, 15 klub muassasasi, stadion, 35 sport zali va boshqalar sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi (220 o’rin), 2 tish davolash poliklinikasi, 10 feldsherakusherlik Punkti, 3 qishloqvrachlik ambulatoriyasi, 10 qishloq vrachlik punkti va boshqalar tibbiy muassasalarida 97 vrach (har 10 ming kishiga 14,1 vrach), shuningdek, o’rta tibbiy xodimlar aholiga xizmat ko’rsatmoqda. 1953 yildan “Yangibozor ko’zgusi” gazetasi nashr etiladi. (adadi 2270; 2005 yil)
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz