YANGI ZELANDIYA KICHIK ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI



YANGI ZELANDIYA KICHIK ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI — yer yuzining Avstraliya zoogeografiya oblasti tarkibiga kiradigan kichik oblast. Yangi Zelandiyaning shimol va Janubdagi hamda bir qancha mayda orolni o’z ichiga oladi. Avstraliyadan Tasman dengizi ajratib turadi. Iqlimi subtropik va mo’tadil, Faunasi orolga xos, endemizm kuchli rivojlangan. Mahalliy (shu joyning o’zida kelib chiqqan) sut emizuvchilar yo’q. Aborigen sut emizuvchilardan ko’rshapalaklar 2 turi va kalamushlarning 1 turi uchraydi. Qushlarning 200 ga yaqin, sudralib yuruvchilarning 8, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2-3 turi tarqalgan. Umurtqalilar turlarining kamligi Yangi Zelandiyani mezozoy erasida, uning umurtqalilar o’tmasdan oldin Avstraliyadan ajralganligini ko’rsatadi. Uchmaydigan qush kivilar turkumi (3 tur) yangi Zelandiya uchui endemik. Yangi Zelandiyaga xos bo’lgan qushlardan yana tovuq kattaligidagi urushqoq qush ueka, yirik taxake, boyo’g’lisimon to’ti (kakapo), ucholmaydigan to’ti neostarlardan Kea va Kakani, endemik qushlar urug’i guyyani ko’rsatish mumkin. Bu yerda dengiz qushlaridan pingvinlar. nayburunlar, Baliqchi qushlar, quruqlikda Pashshatutarlar, slavaklar, jarqaldirg’ochlar, chittaklar ko’p uchraydi. Sudralib yuruvchilardan stsinklar va gekkonlarning endemik turlari hamda tumshuqboshlilar turkumi va unga mansub qadimiy relikt tur gatteriya endemik hisoblanadi. Suvda va quruqlikda yashovchilardan liopelm urugiga mansub relikt baqa tarqachgan. Hasharotlar va mollyuskalar faunasi boy. Bu erda kapalaklarning 1000 ga yaqin turi uchraydi. Mollyuskalar turlarini tahlil qilish orqali bu kontinentning mezozoygacha Avstraliya va Janubiy Amerika bilan Antarktida orqali qo’shilganligini taxmin qilish mumkin. Ko’plab ovlanishi, boshqa Kontinentlardan keltirilgan hayvonlarning ko’payishi, o’rmonlarning kesilishi tufayli ko’pchilik mahalliy turlar (sulton tovuq, kivi, boyo’g’lisimon to’ti va boshqalar) soni ksskin kamayib bormoqda.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz