YANGI KALEDONIYA



YANGI KALEDONIYA — tinch okeanning Janubiy g’arbiy qismidagi Orollar guruhi, Melaneziyada. Frantsiyaning dengiz ortidagi hududi maqomiga ega. Maydoni 19,1 ming kilometr kvadrat. Aholisi 201,8 ming kishi (1999), asosan, melanezlar. Ma’muriy markazi — Numea shahri rasmiy tili frantsuz tili. Orollarga ilk bor 1774 yilda yevropaliklardan J.Kuk borgan. Yangi Kaledoniya 1853 yildan Frantsiya mulki. 1984 yilgacha Frantsiya hukumati tomonidan tayinlanadigan oliy komissar boshqargan, 1985 yilgi saylovlardan so’ng Kongress (6 yil muddatga saylanadigan 54 ta a’zo) boshqaradi. 1987 yilda o’tkazilgan referendum natijalariga ko’ra, qatnashuvchilarning 98% Yangi Kaledoniyani Frantsiya tarkibida qolishi tarafdori bo’lgan. Orollarning yer yuzasi vulkan jinslaridan tuzilgan yassitoglik. Eng baland joyi 1628 metr. G’arbiy qismi sertepa tekislik. Iqlimi tropik iqlim, yanvarning o’rtacha temperaturasi 24-26°, iyulniki 20°. Yillik yog’in sharqida 3000 millimetr, g’arbida 700 millimetr. Yozda tropik dovullar bo’ladi. Daryo ko’p. O’simlik dunyosi baland bo’yli o’tlar, siyrak igna bargli o’rmonlardan iborat. Endemik o’simlik turlariga boy. Temir va nikel rudalari qazib olinadi. Yangi Kaledoniya aholisi, asosan, dehqonchilik, baliq ovlash, chorvachilik bilan shug’ullanadi. Sholi, maniok va makkajo’xori ekiladi. Yog’ochsozlik, oziq-ovqat korxonalari bor, chetga metall, kofe, kopra chiqariladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz