YANACHEK LEOSH



YANACHEK LEOSH (1854.3.7, Moraviya, Gukvaldi — 1928.12.8, Ostrava) — Chex kompozitori, folklorshunos, dirijyor, musiqa jamoat arbobi, pedagog. Chexiya Fanlar Akademiyasi akademik (1912). 20-asr musiqa (opera) san’atining yirik namoyandasi. Pragadagi organ maktabi, Leypsig va Vena konservatoriyalarida ta’lim olgan (1874— 80). Brnoda organ maktabini tashkil qilgan, shu yerda professor va direktor (1881 yildan). Yanechek 40 yil davomida moravan xalq qo’shiqlarini to’plab, minglab namunalarini nashr etgan va o’rgangan, Chex folkloristikasiga asos solgan (“Moravan xalq qo’shiqlarining musiqiy xususiyatlari”, 1901 va boshqalar). 20-asr milliy kompozitorlik maktabi asoschisi bo’lgan Yanachek ijodida Chex va moravan xalqlar musiqa an’analari hamda zamonaviy musiqa uslublari uyg’unlashgan. 9 opera (“uning o’gay qizi”, 1903; “Katya Kabanova”, 1921; “ayyor tulkicha sarguzashtlari”, 1923; “Makropulos giyohi”, 1925 va boshqalar), “Glagolik messa” oratoriyasi va diniy mavzudagi kantatalar, “Simfonietta” va boshqalar simfonik asarlar, kamer ansambllar, vocal turkumlar va boshqalar muallifi. Brnodagi opera teatri hamda nafis san’atlar akademiyasiga Yanachek nomi berilgan. 1948 yildan Brnoda Yanachek ijodiga bag’ishlangan musiqa festivali o’tkazilmoqda.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz