“YALLA”



“YALLA”, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan davlat vokal-cholg’u “Yalla” ansambli — o’zbek musiqiy estrada san’ati rivojiga katta hissa qo’shgan, Respublikada yetakchi vokal-cholg’u ansambl. 1970 yil Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti qoshida institut o’quv teatri direktori, shoir G.Rojkov va dastlabki musiqa rahbari — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, kompozitor E.Shiryaev tashabbusi bilan VIA shaklida tashkil topgan. Ishtirokchilari — F.Zokirov (1976 yildan badiiy rahbar), Sh.Nizomitdinov, L.Kandalova, B.Jo’raev, S.Avanesov, A.Fatxullin, N.Boyxonova va boshqalar 1971 yil O’zbek kontsert tarkibiga kirib, 1975 yil “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan ansambl” unvoniga sazovor bo’lgan. 1970 yillar oxirida ansamblga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar R.Ilyosov (musiqa rahbari va aranjirovkachi, 1994 yilgacha), J.To’xtaev, A.Aliev, A.To’laganovlar kelib qo’shilgan. “Yalla” ijodida milliy ohang va usullari rok musiqa (“blyuzrok”, “soft rok”, “roknroll” va boshqalar), Yevropa va Sharq musiqiy estrada shakllari hamda ommaviy musiqaning boshqa vositalari bilan uyg’unlashib, o’ziga xos, jo’shqin va jozibali uslub shakllanishiga asos bo’ldi. Repertuaridan folkrok uslubida qayta ishlangan o’zbek xalq qo’shiq, Yalla va ashulalari (“Boychechak”, “yumalab-yumalab”, “Qilpillama”, “G’ayra-g’ayra”, “xandalak” va boshqalar), o’zbek kompozitorlari (“O’zbekiston”, S.Yudakov; “qiz bola”, E.Solihov; “Bahor qasidasi” F.Yanov- Yanovskiy va boshqalar)ning aranjirovka qilingan asarlari va F.Zokirov bastalagan qo’shiqlar (“Majnuntol”, “Sumalak”, “Masxarabozlar”, “Sen bo’lmasang yonimda”, “musiqali choyxona”, “Leyli”, “Uchquduq”, “Shahrisabz”, “Toshkentim onam”, “yurt ishqida yonaman”, “bugun bayram” va boshqalar) o’rin olgan. Ayniqsa, “Yallama-yorim” (1984) va “Musiqali choyxona” (1987) teatrlashtirilgan dasturlari mashhur bo’lib, O’zbekiston va ko’pgina chet mamlakatlarda namoyish etilgan. Ijrolari 10 dan ortiq gramplastinkaga yozilgan. Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlarida bir necha marta gastrolda bo’lgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz