YALANGTO’SHBIY BAHODIR SAIDQUL O’G’LI



YALANGTO’SHBIY BAHODIR SAIDQUL O’G’LI, Yalangto’shbiy, Yalangto’shbiy otaliq (1576.15.9, Nurota — 1656, Samarqand) — Ashtarxoniylar davridagi harbiymulkdor zodagonlarning yirik vakili. Olchin qabilasidan. Samarqand hokimi (1626 yildan). Nurota hokimi oilasida tug’ilgan. Yalangto’shbiy Bahodir Buxoro xoni Abdullaxon II huzuriga kelib, maxsus harbiy maktabda o’qigan (1590— 93). Bulung’ur, Loyish, Kattaqo’rg’onda tumanboshi lavozimida ishlaydi (1593— 95). Imomqulixon da’vati bilan Buxoroga kelib, Bag’dodga o’qishga yuboriladi (1595-98). 1611 yil Imomqulixonni taxtga o’tqazishda faol qatnashgan. Shundan so’ng Yalangto’shbiy Bahodirning mavqei ortgan, u Samarqandni 1626 yildan amalda mustaqil idora eta boshlagan. Unga otaliq unvoni berilgan. Yalangto’shbiy Bahodirning o’z qo’shini bo’lib, atrofdagi tumanlarga bosqinchilik yurishlari natijasida juda katta moddiy mablag’ to’plagan. Yalangto’shbiy Bahodir Buxoro xonligining barcha harbiy amaliyotlarida faol ishtirok etgan. Chunonchi, 1623 yil va 1631 yil Eron qo’shinlari Balx viloyatiga kelganida”‘ Balx hokimi Nadr Muhammadxonga Yalangto’shbiy Bahodir boshchiligida katta qo’shin yordamga kelgan. 1640 yil Imomqulixon Moskvaga elchilar orqali noma yo’llab, unda rus davlatini qalmiqlarga qarshi kurashida Yalangto’shbiy Bahodir boshchiligida 12 Amir va katta qo’shin yuborishga tayyor ekanligini bildirgan. 1642 yil Imomqulixonning ko’zi ko’r bo’lib qolganda Yalangto’shbiy Bahodir va boshqalar amirlar Balxdan Nadr Muhammadni keltirib taxtga o’tqazishgan. Nadr Muhammad Yalangto’shbiy Bahodirga Kobul atrofidagi Daraisuf viloyati, Mo’lg’on, Kahmerdni hamda tulkichi, sayqanchi, zirangi, Kilachi, hazoranikudariy qabilalarini o’tovlari bilan qo’shib iqto tarzida in’om etgan. Yalangto’shbiy Bahodir mamlakatda xondan keyin eng badavlat shaxs bo’lgan. 1645 yil Yalangto’shbiy Bahodir Buxoroda Nadr Muhammadxon bilan janjallashib qolib, xonga qarshi Xo’jandda ko’tarilgan amirlar isyoniga boshchilik qilgan. Isyonchilar Buxorodan isyonni bostirish uchun yuborilgan Abdulaziz sultonni asir olib Buxoroga yurish qilishgan. Buxoroning g’arbidagi Oqtepa mavzeida ular Abdulazizni xon deb e’lon qilib, so’ngra poytaxtni qamal qilishgan. Nadr Muhammadxon 3 oylik qamaldan so’ng shaharni tark etishga majbur bo’lgan. U boburiylardan Shoh Jahondan yordam so’ragan. 1646 yil Shoh Jahon Balxga kenja o’g’li Murodbaxiash katta qo’shin bilan jo’natgan. Bu qo’shin Balx viloyatini himoya qilish o’rniga uni bosib olgan. Boburiylar Balhda 2 yildan oshiq hukmronlik qilishgan, biroq u yerda mustahkam o’rnasha olishmagan. 1648 yil yozida Abdulazizxon 200 ming kishilik qo’shin bilan Balxga yurish qilib, boburiylardan bu viloyatni qaytarib olgan, bu qo’shin tarkibida Yalangto’shbiy Bahodir boshchiligidagi qo’shin ham bo’lgan. Yalangto’shbiy Bahodir obodonchilik, qurilish ishlariga katta e’tibor bergan, jumladan, Samarqandda Sherdor madrasa, Tillakori madrasa, Maxdumi A’zam masjidi, xonaqosi (1618) va boshqalar qurdirgan. Abu Tohirxojanit “Samariya”da yozishicha “Yalangto’shbiy Bahodirning qabri Samarqand yaqinidagi Dahbedda, Maxdumi A’zamning oyog’i ostida, sufa ustida, mozor devorining ichidadur”. Yalangto’shbiy Bahodir haqidagi xalq orasida ko’plab rivoyatlar, afsonalar (masalan, “Yalangto’sh Botir” hikoyasi) to’qilgan. Manba: Abu Tohirxoja, Samariya, T.. 1991. Ad.: Axmedov B.A., Istoriya Balxa, T., 1982; Axmedov B.A., Istorikogeografi- cheskaya literatura Sredney Azii XVI— XVIII vv., T., 1985; Istoriya Uzbekistana, t. 3, T., 1993. Faxriddin Hasanov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz