YAKUTSK
YAKUTSK — shahar, Rossiya Federatsiyasi Saxa Respublikasi poytaxti. Lena daryosi bo’yidagi port. Aholisi 210,7 ming kishi (2002). Respublikaning sanoat va madaniyat markazi. Yakutsk Lena daryosining o’ng sohilida, 1632 yilda Ostrog (o’tkir uchli yog’ochlar bilan o’ralgan qal’a) sifatida vujudga kelgan. 1642-43 yillarda daryoning chap sohiliga ko’chirilgan. 17 — 18-asrning 1-yarmida Yakutsk Shimoliy Sharqiy Sibirning harbiy-ma’muriy va savdo markazi hamda Uzoq Sharqda rus mustamlakachiligining tayanch punkti bo’lgan. Yakutsk aholisini, asosan, ruslar (kazaklar, sanoatchilar, savdogarlar, badarg’a qilinganlar) tashkil qilgan. 1708 yildan Yakutsk Sibir gubernyasida, 18-asr oxiridan Irkutsk gubernyasi tarkibiga kirgan. 1851 yildan Yakutiya viloyati markazi, 1922 yildan Yakutiya Muxtor SSR poytaxti. 20-asr o’rtalaridan Yakutsk sanoat, ilmiy va madaniy markaziga aylandi. Qurilish materiallari kombinatlari, kemasozlik, kema ta’mirlash, sut, baliq, pivo, likyoraraq va boshqalar zavodlar, yengil sanoat (shu jumladan, ko’npoyabzal) korxonalari, GRES ishlab turibdi. Universitet, bir qancha o’rta maxsus bilim yurtlari, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sibir bo’limining ilmiy markazi, 3 teatr, telemarkaz, 6 muzey, jumladan, tarix — o’lkashunoslik, adabiyot, G’arbiy Yevropa san’ati, tasviriy san’at, olmos muzeylari bor. Me’moriy Yodgorliklardan Spas monastiri (17-asr), voyevoda kantselyariyasi (18-asr) binolari saqlangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz