YAKKABOG’DARYO
YAKKABOG’DARYO (Irg’ayli, Sarito’qay, Qizildaryo) — Qashqadaryo havzasidagi sersuv daryolardan biri. Tanxozdaryoning chap irmog’i. Uzunligi 99 kilometr. Havzasining maydoni 1180 kilometr kvadrat, shu jumladan, suv to’plash maydoni 755 kilometr kvadrat. Hisor tizmasining g’arbiy yon bag’ridagi muzlikdan 3949 metr balandlikda boshlanadi. Yuqori oqimida Irg’ayli, keyinroq Sarito’qay, Qizildaryo nomlari bilan ma’lum. Yakkabog’qishlog’idan o’tgach, Yakkabog’daryo deb ataladi. Daryoning yuqori oqimida unga buloqlardan boshlangan ko’p sonli jilg’alar quyiladi. Asosiy irmoqlari: o’ngdan — Qaranko’lsoy, chapdan — Tirna. Daryoning suvi bu qismida sugorishga sarflanadi. Asosan, qor va muzliklar suvidan to’yinadi. O’rtacha ko’p yillik suv sarfi tatar qishlog’i yonida (boshlanishidan 50 kilometr masofada) 6,11 m3/sek. O’rtacha yillik suv sarfi 12,6 m3/sek. Dan (ko’p suvli yilda) 2,15 m3/sek. gacha (kam suvli yilda) o’zgaradi. To’linsuv davri mart — avgust oyida. Eng ko’p sutkalik suv sarfi may — iyunda (ko’p suvli yilda 72,1 m3/sek., kam suvli yilda 17 m3/sek.) kuzatiladi. Daryoning eng kam suv sarfi dekabr — mart oylarida bo’ladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz