YAGONA IQTISODIY MAKON



YAGONA IQTISODIY MAKON — iqtisodiy ittifoqqa Birlashgan bir necha davlatlar tomonidan tashkil etiladigan yaxlit iqtisodiy hudud. Xo’jalik aloqalarini takomillashtirish, iqtisodiy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida tovarlar, xizmatlar, kapitallar va mehnat resurslarining erkin harakatini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu makonga kirgan davlatlar, shuningdek, korxonalar, xususiy firmalar, kompaniyalar uchun bir xil raqobat sharoitlari yaratiladi. Yagona iqtisodiy makon shakllanishi ob’yektiv iqtisodiy jarayon. U ixtiyoriylik va o’zaro manfaat asosida kechadi va bir necha milliy xo’jaliklarda iqtisodiy o’sishni ta’minlashga qaratilgan o’zaro ishlab chiqarish, savdosotiq va madaniy aloqalarni Muntazam rivojlantirish negizida jamiyatda yangi sifat o’zgarishlarini vujudga keltiradi. Yagona iqtisodiy makon integratsiyaning yuqori darajasi bo’lib, uning shakllanishi uchun muayyan bosqichlar o’tilishi kerak. Yagona iqtisodiy makon shakllanishi uchun mamlakatlar o’rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik moddiy asos hisoblanadi. Bunday hamkorlikda mamlakatlar o’rtasidagi ikki va ko’p tomonlama savdoda eng qulay sharoitlar rejimini yaratib berish, ikki tomonlama soliq solishga barham berish haqidagi kelishuvlar asosiy o’rinda turadi. Yagona iqtisodiy makon shakllanishidagi keyingi bosqich — erkin savdo zonasining tashkil topishidir. Erkin savdo zonasida mamlakatlar tarif va notarif chegaralashlarni, ya’ni bojxona to’lovi, kvotalar va boshqalar to’siqlarni olib tashlashni ta’minlaydilar. Yagona iqtisodiy makon shakllanishi tomon qo’yiladigan keying qadam — bojxona ittifoqidir. Bojxona Ittifoqi erkin savdo zonasidagi mamlakatlarning uchinchi mamlakatlarga nisbatan kelishilgan siyosat yuritishini ishlab chiqishdan boshlanadi. Bojxona Ittifoqining yuqori bosqichi — yagona bojxona hududi hisoblanadi. U ichki bojxona chegaralarini asta-sekin bekor qilish va bojxona Ittifoqi boshqaruv organlarini tashkil qilishni ko’zda tutadi. Yagona iqtisodiy makon shakllanishida keyingi bosqich hisoblangan umumiy bozor bojxona Ittifoqi transformasiyasi asosida zaruriy iqtisodiy sharoitlarining etilganlik darajasiga qarab shakllanadi. Umumiy bozor sharoitida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va kapitallarning hudud bo’ylab erkin harakat qilishiga keng yo’l ochib beriladi. Shuningdek, moliya, bank, sug’urta va boshqalar sohalarda muvofiqlashtirilgan siyosat yuritiladi. Yagona iqtisodiy makonga birlashayotgan mamlakatlarda mashinalashgan ishlab chiqarish chuqur ixtisoslashgan bo’lishi, iqtisodiy rivojlanish darajasi bir-biriga yaqin bo’lishi, shuningdek, hududiy birlikni tashkil qilishi kerak. Yagona iqtisodiy makonni bozor iqtisodiyotining fan-texnika sharoitidagi rivojlanishi keltirib chiqardi, chunki u chuqur ixtisoslashuv va iqtisodiy tenglashuvni va yuksak samaradorlikni ta’minlaydi. Masalan, hozirgi davrda G’arbiy Yevropa iqtisodiy integratsiyasida 25 ta mamlakat Birlashgan bo’lib, bu mamlakatlar hududida tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va kapital aylanish erkin harakat qiladi. Yevropa Ittifoqi jahonning 7 % aholisiga ega bo’lgan holda jahon yalpi mahsulotining qariyb uchdan bir qismini ishlab chiqaradi va jahon eksportining qariyb yarmi uning hissasiga to’g’ri keladi. Shuningdek, mavjud AQSh— Kanada, Lotin Amerikasi mamlakat’lari Yagona iqtisodiy makon zonalarida ham ishlab chiqarish barqaror rivojlanib bormoqda. 2004 yil iyunda bo’lib o’tgan MDH davlatlari rahbarlari yig’ilishida (Ostona shahri, Qozog’iston) Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston, Rossiya ishtirokida Yagona iqtisodiy makon tashkil etish bo’yicha qaror qabul qilindi. To’liq shakllangan Yagona iqtisodiy makon doirasida iqtisodiy faoliyatning yuqori darajadagi birligi va o’zaro muvofiqlashuviga erishiladi, yagona valyutadan foydalaniladi, yagona bojxona bojlari joriy etiladi, yagona iqtisodiy siyosat asoslari yaratiladi. Shonazar Ermamatov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz