«Yadro quroli gegemonlik vositasi emas!»
Genri Kissenjer - dunyoga taniqli siyosatdonlardan biri. AQSh prezidentlari Richard Nikson va Jerald Ford davrida Davlat kotibi lavozimida xizmat qilgan arbob hukumat xizmatidan 27 yil muqaddam ketgan. Lekin hozirga qadar G. Kissenjerning fikrlari mamlakatning rasmiy doiralarida ham e'tiborga olinadi. Sobiq Davlat kotibi barcha siyosiy arboblar kabi tabiatan jurnalistlar bilan uchrashuvga moyil emas.
Shunga qaramay, yaqinda Evropada bo‘lgan janob Kissenjer «Soir» gazetasi muxbiri bilan suhbatlashishga rozilik berdi. Quyida xalqaro siyosatning muhim masalalariga bag‘ishlangan ushbu suhbat qisqartirilgan holda e'tiboringizga havola etilmoqda.
- Sizningcha, Iroq inqirozidan chiqishning eng samarali yo‘li qaysi?
- Nazariy jihatdan qaraganda, murakkab vaziyatdan chiqishning eng yaxshi yo‘li bu - g‘alaba. Lekin oldin ham aytganimdek, butun Iroq hududida tan olingan hukumat tashkil etishga xizmat qiluvchi to‘la g‘alaba imkonsizdir. Shunday ekan, hozirgi vaziyatda o‘zaro kelishuvga asoslangan sulhga erishish kerak. Mazkur qaror Amerika harbiylarining Iroq zaminida bo‘lishini ham, shuningdek, boshqa davlatlarning xavfsizlik borasidagi talablarini ham inobatga olmog‘i lozim. Hozirda asosiy ish ayni shu yo‘nalishda olib borilyapti.
- «Iroqda bugungi kunda kuchli beqarorlik hukm suryapti. Hatto Amerika harbiy amaliyotlar boshlagunga qadar ham bunday holat kuzatilmagan edi» degan fikrlarni qo‘llab-quvvatlaysizmi?
- Agar raqamlar mantig‘iga ko‘ra javob bersam, bu fikrda jon bor: biz Iroq borasida juda ko‘p xatolar qilyapmiz. Biroq keling, bu masalani yotig‘i bilan mushohada qilib ko‘raylik. Siz mintaqada eng shafqatsiz diktator hukmronlik qilgan davrda barqarorlik bo‘lgan deyapsiz. Lekin o‘n minglab fuqarolar o‘limiga olib kelgan barqarorlikni oqlab bo‘larmikin? 11 sentyabr portlashlari chegara bilmas diniy fundamentalizmning xuruji edi. Iroq esa ana shu muammoning tarkibiy qismi bo‘lgan. O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni 17 marta buzgan, mintaqada eng ko‘p sonli armiya tashkil etgan va ommaviy qirg‘in quroliga egalikda gumon qilingan hukumatni barqarorlik kafolati deyish mantiqqa ziddir. AQSh Kongressi 1998 yili ko‘pchilik ovoz bilan Saddam Husayn rejimini ag‘darishga ovoz bergan va prezident Klinton ushbu rezolyutsiyaga imzo chekkan. Aytmoqchimanki, prezident Bushning g‘oyasi mutlaqo yangi emas. Shu asosda Afg‘onistonda vujudga kelgan og‘ir vaziyatdan kelib chiqib, barqarorlikka erishish uchun Iroq hukumatini o‘zgartirishga qaror qilindi. Albatta, o‘shandan buyon ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yildi va, menimcha, vaziyat oldin tasavvur qilinganidan ham og‘irlashdi. Men Iroqqa qo‘shin kiritish tarafdori bo‘lganman, biroq harbiy amaliyotlarning turli bosqichlariga munosabatim turlicha bo‘lgan. O‘z vaqtida vaziyatni yaxshilash uchun zarur shartlarni ham aytganman.
- Siz yadro quroli tarqalishiga qarshi yangi qontseptsiyani ishlab chiqishda ishtirok etdingiz. Bunga ko‘ra, yadro quroliga ega davlatlar bu boradagi faoliyatini cheklashi lozim. Bunday fikrga kelishda nimaga tayangansiz?
- Bu g‘oya to‘rt kishiga: ikki respublikachi va ikki demokratga tegishli. Lekin biz kontseptsiyani hali detalma-detal ishlab chiqmadik. Umuman olganda, biz Eron yoki Shimoliy Koreyaning ommaviy qirg‘in quroliga ega bo‘lishiga qarshi chiqdik. Biroq g‘oya kelajakda amalga oshishi uchun yadro quroliga ega davlatlarga murojaat qilish kerak. Toki yadro quroli unga egalik qiluvchi mamlakatlarning gegemonligiga xizmat qiluvchi vosita bo‘lib qolmasin.
- Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlash to‘g‘risidagi ovozalarni qanday baholaysiz?
- Qo‘shma Shtatlardagi biror bir inson harbiy operatsiya boshlanishini istamaydi. Biroq bu o‘rinda ikki muammo ko‘ndalang turibdi: bir tomondan, Eron yadro dasturi, ikkinchi tomonidan, Yaqin Sharqda hukm surayotgan tartibsizlik va terrorizm. Mazkur muammoni hal etishning ideal varianti muzokaralar yo‘lidir. Amerika hukumati hukumat to‘ntarishi va harbiy amaliyotlarga hozirlik ko‘rmayotganini oshkora ma'lum qildi. Biroq aqlli insonlar hech qachon «hech qachon» deyishmaydi.
- Keling, Falastin-Isroil ziddiyatiga ham to‘xtalib o‘taylik.
- Ushbu muammoni yechish uchun uch asosiy shartni bajarish kerak. Mintaqaga tegishli bo‘lmagan katta davlatlar aniq tavsiyalarini ilgari surishlari lozim. Isroilliklar harakat rejasi borasida ichki siyosiy qaror qabul qilishi zarur. Arab davlatlari esa rasman Isroil davlatini tan olishlari kerak. Shuningdek, ular muzokaralar uchun hamkor davlatni belgilashlari lozim.
- Yaqin kunlarda biror kelishuvga erishishga ko‘zingiz yetadimi?
- Mintaqadagi tartibsizlik vaziyatga aniq baho berishga to‘sqinlik qiladi. Agar «yaqin kunlar» deganda 15 oyni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, bu muddatda oldingi siljish bo‘lishi mumkin.
- Rossiyaning Vladimir Putin boshqaruvidagi rivojini qanday baholaysiz?
- Vladimir Putin o‘zini Pyotr Birinchi va Buyuk Yekaterina ishlarining davomchisi deb biladi: u Rossiyaga o‘tmish qudratini qaytarish uchun harakat qilyapti va shu yo‘lda o‘z mamlakatini isloh etyapti. Aytish kerakki, bu jarayon har doim ham Rossiya uchun qiyin kechgan. Umid qilamanki, ushbu islohotlar yakunida Rossiyaning ijtimoiy-siyosiy qurilishi bizning umidlarimizga yanada ko‘proq muvofiq bo‘ladi. Lekin tan olish joizki, bu jarayon ko‘p vaqt talab etadi va buni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman.
Abdul SOBIR tayyorladi
Uzpedia.uz