YADRO ELEKTRONIKASI



YADRO ELEKTRONIKASI — yadro fizikasida qo’llaniladigan elektronika usullari majmui; yadroga doir tajribalarda axborotlarni olish, o’zgartirish va qayta ishlashda qo’llaniladi. Yadro elektronikasi asboblarining vazifasi yadro zarralari detektoridan kelayotgan signallarni kuchaytirish, ularni amplitudasi, paydo bo’lish vaqtlari, shakli bo’yicha saralash, signallar amplitudalari yoki ular o’rtasidagi oraliqlarni raqamli kodga aylantirish, impuls oqimlarining parametrlarini aniqlash, signallarni matematik ishlab chiqish va boshqalardan iborat. Yadro elektronikasi ning barcha qurilmalari, bloklari va uzellari analogli yoki raqamli bo’lishi mumkin. Ular sxema va elementlari, sanash usullari, analiz va sintez qilish usullari bilan bir-biridan farq qiladi. Hozir, asosan, raqamli qurilmalardan foydalaniladi. Yadro elektronikasi qurilmalarining asosiy elementlari turli darajadagi keng polosali impuls kuchaytirgichlar, har xil amplituda, kenglik va shakldagi boshlang’ich impulslarni standart parametrdagi chiqish impulslariga aylantiruvchi o’zgartirgichlar; impulslarni amplituda bo’yicha tanlab, natijaviy Standart signallar ko’rinishida uzatuvchi amplituda diskriminatorlari; impulslarning mos tushish va mos tushmaslik sxemalari; yadro nurlarining vaqt birligidagi sonini o’lchaydigan intensimetrlar; impuls amplitudalari va ular o’rtasidagi vaqt oraliqlarini raqamli kodlarga o’zgartirgichlardan iborat. Yadro elektronikasi usullari yadro fizikasi va elementar zaryadlar fizikasidan tashqari, ionlashtiradigan nurlanishlar bilan ish ko’riladigan hamma hollarda (kimyo, tibbiyot, kosmik tadqiqotlar va hokazolarda) qo’llanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz