Vladimir Putin: Xalqaro siyosat xususida ochiq ma’ruza



Germaniyaning Myunxen shahrida xalqaro xavfsizlik masalasida tashkil etilgan 43-anjuman dunyo matbuoti diqqat marzazida bo‘ldi. Xalqaro siyosatning muhim masalalari muhokama etilgan tadbirda dunyoning 40 dan ortiq davlatidan tashrif buyurgan  250 dan ziyod siyosatdon ishtirok etdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Myunxen anjumanida qilgan ma'ruzasi ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Chunki Rossiya rahbarining bu galgi chiqishida xalqaro siyosatga daxldor nozik masalalar ochiq-oshkora muhokama qilindi.

Rossiya rahbari, eng avvalo, haligacha amal qilish mexanizmiga ega bo‘lmagan xalqaro huquqiy munosabatlardagi inqirozli holatni tanqid qildi. Prezident ma'ruzasida bu holatning asosiy sababi sifatida BMTning o‘z zimmasiga olgan vazifalarni bajara olmayotgani ko‘rsatildi.

Vladimir Putin fikricha, NATOning oxirgi yillardagi kengayishi Yevropada xavfsizlikni mustahkamlashga hech qanday ijobiy ta'sir ko‘rsatmaydi, aksincha, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga putur yetkazadi. Rossiya rahbari Varshava shartnomasi tashkiloti tugatilgan paytda NATO bosh kotibi harbiy ittifoqning qo‘shinlari Germaniyadan sharqda joylashgan davlatlarga joylashtirilmasligiga va'da bergani, biroq bu kafolat buzilayotganini esga oldi. 

Prezident Putin ma'ruzasida aytilishicha, SSSR va AQSh o‘rtasida 1980-yillarda o‘rta va yaqin masofaga uchuvchi raketalarni tugatish to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi. Biroq bitimga Vashington tomoni rioya etmadi va shu bois ham mazkur turdagi harbiy raketalar Janubiy Koreya, Hindiston, Eron, Pokiston, Isroil, KXDR kabi davlatlarga tarqab ketdi.

Rossiya rahbari yana bir muhim muammo sifatida AQSh tomonidan fazoda qurollanish jarayoni jadallashayotganidan xavotir bildirdi. Prezidentga ko‘ra, hozirgi vaziyatda salbiy holatning oldi olinmasa, yadro tahdididan ham og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin.

 Eslatib o‘tamiz,  Kongress tomonidan ko‘rib chiqilayotgan AQShning 2008 yilga mo‘ljallangan byudjet loyihasida harbiy-fazoviy xarajatlarni 25 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu tariqa Qo‘shma Shtatlarning fazoviy qurollanish uchun sarflayotgan mablag‘i 2008 yilda 6 milliard dollarga yetadi.

Ma'lumki, AQSh oxirgi paytlarda Sharqiy Yevropa davlatlari, xususan, Polsha va Chexiya hududida raketaga qarshi mudofaa tizimini o‘rnatishga urin­yapti. Bu harakatga munosabat bildirgan prezident Putin Rossiya bu borada munosib javob berishga tayyorligi, mamlakat bunday tashqi tizimlarni mahv etishga qodir qurolga ega ekanini eslatib qo‘ydi. Rossiya rahbari fikricha, Polsha va Chexiyada raketaga qarshi mudofaa tizimining o‘rnatilishi nafaqat Federatsiya, balki dunyo xavfsizligiga tahdiddir.

Eron yadro quroli masalasi tegrasidagi munozaralarni yodga olar ekan, Rossiya yetakchisi bu muammoni aqlga suyangan holda hal etish kerakligini uqtirdi.

S. KAMOLOV



Uzpedia.uz