Vladimir Kamelzon
Vladimir Naumovich Kamelzon (1938-yil 17-martda, Toshkent, Oʻzbekiston) – tennischi, Ukraina va Rossiyada xizmat koʻrsatgan murabbiy, SSSR sport ustasi, Rossiya terma jamoalari bosh murabbiyi va Rossiya tennis federatsiyasi boshqaruvi aʼzosi. 50 yildan ortiq murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.
Biografiyasi
Kamelzon 1938-yil 17-martda Toshkent shahrida tavallud topgan. Uning birinchi tennis murabbiylari Gruziya chempioni Vano va Archila Ellerdashvili edi. 13 yoshidan Oʻzbekiston terma jamoasi safida oʻynay boshlagan va 1956-yili SSSR xalqlarining birinchi Spartakiadasida qatnashgan. Sportchi Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi boʻlgan. Universitetda oʻqib yurgan kezlarida „Lokomotiv“ sport klubida tennis boʻyicha murabbiy boʻlib ishlay boshladi. 1962-yilda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutini „sport oʻyinlari“ ixtisosligi boʻyicha diplom oldi hamda Oʻzbekiston sport jamiyatlari va tashkilotlari ittifoqi davlat murabbiyi lavozimida ish boshladi. Soʻng Respublika yoshlar oliy sport mahorat maktabiga katta murabbiy boʻlib ishga oʻtdi. Vladimir Kamelzon Ukraina, O‘zbekiston, SSSR va Rossiya terma jamoalarida murabbiy boʻlib ishlagan. Bundan tashqari „Belokamennaya“ bolalar tennis sport maktabini boshqargan. 3 yil davomida AQSHda murabbiy boʻlib ishlagan. 2007-yilda BMT huzuridagi Xalqaro axborotlashtirish akademiyasining akademigi boʻlgan.
Taniqli talabalari
Vladimir Kamelzon shogirdlari orasida: SSSR sport ustasi Ravil Sulaymonov, SSSRda xizmat koʻrsatgan sport ustasi, tennis boʻyicha murabbiy Yelena Yeliseyenko, SSSRda xizmat koʻrsatgan sport ustasi va 18 yoshgacha boʻlgan Uimbldon chempioni Marina Kroshina, Ukrainada xizmat koʻrsatgan murabbiy Olga Babiy, SSSR xalqaro toifadagi sport ustasi Aleksandr Kolyaskin, Devis kubogi va Fed kubogi jamoasi sardori Yakov Ribalskiy, Isroil Milliy tennis markazi bolalar tennis maktabi direktori Igor Gipsh, tennischi Yuriy Filev bor edi.
Manbalar
uz.wikipedia.org