Vladimir Jabarov




Vladimir Mixaylovich Jabarov (1952-yil 29-sentyabrda tugʻilgan, Samarqand, Samarqand viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — rus davlat va siyosat arbobi, „Yagona Rossiya“ partiyasi aʼzosi, 2009-yil 24-dekabrdan boshlab Yahudiy Avtonom viloyati Qonunchilik assambleyasidan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi a’zosi.

Tarjimai holi



Vladimir Mixaylovich Jabarov 1952-yil 29-sentabrda Samarqandda tugʻilgan. Otasi temiryoʻlchi, onasi temir yoʻl kasalxonasida shifokor. Millati boʻyicha — arman, lekin oʻzini rus deb hisoblaydi.

1974-yilda Samarqand arxitektura-qurilish institutining qurilish fakultetini qurilish muhandisi mutaxassisligi boʻyicha, 1978-yilda Toshkent politexnika instituti aspiranturasini, 1979-yilda esa SSSR Davlat qurilish qoʻmitasi qoshidagi Beton va temir-beton ilmiy-tadqiqot institutida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan, soʻngra Samarqand shahrida oʻqituvchi boʻlib ishlagan.

1982-yilda F.E.Dzerjinskiy nomidagi SSSR KGB Oliy Qizil Bayroq maktabini leytenant unvoni bilan chet (portugal) tilini egallagan „yurist“ yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan. 1980-2006-yillarda SSSR va Rossiya Federatsiyasi xavfsizlik organlarida, asosan, kontrrazvedka sohasida xizmat qilgan, Federal xavfsizlik xizmati markaziy apparatida ishlagan, FSB iqtisodiy xavfsizlik xizmatining kredit-moliya tizimining „K“ kontrrazvedka boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari va boshligʻi vazifasini bajaruvchisi boʻlgan. 26 yillik xizmatdan soʻng general-mayor unvoni bilan nafaqaga chiqqan.

2006-2009-yillarda „Renaissance Capital“ investitsiya guruhining birinchi vitse-prezidenti, 2009-yilda „Troyka Dialog“ investitsiya kompaniyasining birinchi vitse-prezidenti boʻlgan, davlat organlari bilan aloqalar uchun mas’ul hisoblangan.

Beshinchi va oltinchi chaqiriq Yahudiy avtonom viloyati Qonunchilik assambleyasining doimiy boʻlmagan deputati boʻlgan. 2009-yilda Yahudiy avtonom viloyati Qonunchilik assambleyasi vakili sifatida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashiga saylangan, soʻngra ikki marta, 2011 va 2016-yillarda Yahudiy avtonom viloyati Qonunchilik assambleyasiga qayta saylangandan soʻng, unga Yahudiy avtonom viloyati Qonunchilik assambleyasi deputatlarining qarori bilan yana senatorning vakolatlari berilgan. Federatsiya Kengashining Xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Federatsiya Kengashining Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha komissiyasi a’zosi, Federatsiya Kengashining Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi qoʻmitasi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Belarus va Rossiya Ittifoqi parlament assambleyasining tashqi siyosat masalalari boʻyicha komissiyasi a’zosi hisoblanadi.

Sanktsiyalar



„Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarini Ukraina hududida qoʻllash toʻgʻrisida“gi qarorni qoʻllab-quvvatlagan, Federatsiya Kengashining Ukrainadagi vaziyatni kuzatish boʻyicha muvaqqat komissiyasining raisi, Qrimdagi referendum „aniq va qonuniy oʻtishi“ uchun Federatsiya Kengashining kuzatuvchilar missiyasi a’zosi edi. „Odamlarning referendumga borgan ishtiyoqidan“ hayratga tushib, „ovoz berish natijalari ta’sirchan“ ekanligini ta’kidlagan — „respublika aholisining 95 foizdan ortigʻi Qrimning Rossiyaga qoʻshilishi uchun ovoz bergan". Ukraina boʻyicha „qoʻmitadagi faol ish tufayli“ bir qancha mamlakatlarning sanktsiyalar roʻyxatiga kiritilgan edi, xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Chernogoriya, Islandiya, Albaniya, Lixtenshteyn, Norvegiya, Kanada, Avstraliya, Shveytsariya. Sanksiyalarga qaramay, 2015-yilda u Federatsiya Kengashi delegatsiyasi tarkibida Shveytsariya Federal Assambleyasida olqishlar bilan kutib olingan, sanktsiyalar roʻyxatiga a’zo boʻlgan Yuriy Vorobyov ham ushbu mamlakatga tashrif buyurgan. 2018-yilda Italiya Tashqi ishlar vazirligi YeXHT Parlament Assambleyasi missiyasi tarkibida parlament saylovlarida Rossiyadan yagona kuzatuvchi boʻlmoqchi boʻlgan Jabarovga kirish vizasini berishdan bosh tortgan..

Mukofotlari



- III-darajali „Vatanga xizmatlari uchun“ ordeni — „Rossiya parlamentarizmini rivojlantirishga qoʻshgan katta hissasi va faol qonunchilik faoliyati uchun“ (2013-yil 19-mart).

Shaxsiy hayoti



Uylangan. 2016-yilda u 6 million rubl yillik daromadini, shuningdek, 1 ta yer uchastkasi, 2 ta turar-joy binosi, 4 ta kvartira, 3 ta avtomobil toʻxtash joyi va 3 ta avtomobil — Lexus LS, Porsche Cayenne va Volkswagen Touareg deklaratsiya qilgan. Mulkning katta qismi xotinning nomida boʻlgan.

Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz